Klublarimizning "rejissyor"lari tayyormi yoxud natijani bo‘yniga olgan bosh murabbiylar

  • 22 fevral, 2023, 07:46
  • 0
  • Futbol

3 mart kuni “Mavsum-2023” start oladi. Barcha jamoalar deyarli chempionatga tayyor. Hozir hammadan ko‘ra murabbiylarda boshqacha hissiyotlar jo‘sh urayotgan bo‘lsa ajab emas.

Chunki natijaga birinchi navbatda murabbiylar javob beradi. Ularni klublarning "rejissyor"lari desak yarashadi. Shuning uchun hammasi ularning bo‘ynida. Bu yil klublarda 4 nafar yangi murabbiy ish boshlaydi.

Maksim Shatskix – “Paxtakor” bosh murabbiyi

2022 yilning ikkinchi yarmidan “Paxtakor”da ish boshlagan Maksim Aleksandrovich uchun joriy yilgi chempionat nihoyatda muhim. Chunki u endi hammasini o‘zi qilyapti. Tarkibga ham futbolga qarashlaridan kelib chiqib, ayrim o‘zgarishlarni kiritdi. Tayyorgarlik bosqichlarini ham murabbiy oldindan ishlab chiqqan rejasi asosida olib boryapti.

To‘g‘ri, Shatskix “Paxtakor” bilan mamlakat chempionligiga sazovor bo‘ldi. Lekin baribir bunda istaymizmi-yo‘qmi, birinchi davrada klubni boshqargan makedoniyalik Slavche Voyneskining ham hissasi bor. Bu safar Maksim Aleksandrovich barchasini o‘zi bir boshidan boshlayapti. Qolaversa, uni Osiyo Chempionlar ligasidek juda jiddiy va mas’uliyatli musobaqa kutib turibdi. Murabbiyning futbolchilarga berayotgan jismoniy yuklamalari anchayin og‘ir ekanligi haqida eshitgandik. Shuning uchun ancha-muncha o‘yinchining uning mashg‘ulotlariga dosh berishi oson emas. Shatskix Valeriy Lobanovskiyning ta’limini olgani “Paxtakor”dagi ishida ham ko‘rinyapti.

Samvel Babayan – “Navbahor” bosh murabbiyi

So‘zsiz chempionatdagi intrigani qizdirib beradigan mutaxassis. 2022 yili “Navbahor” tarixida birinchi marotaba jamoaga kumush medalni taqdim qila oldi. O‘zbekiston Kubogi finaligacha etib keldi va eng muhimi Osiyo Chempionlar ligasi yo‘llanmasi qo‘lga kiritildi. Bu yil yana Babayan va “Navbahor”ning ishtahasi katta. Bu aniq. Boisi, klubning shuncha qilayotgan harakati va mehnati zamirida chempionlik yotibdi. Babayanni klubga taklif qilishning asosiy maqsadi ham “Navbahor”ni 1-o‘ringa olib chiqish. Tarkibi ham shunga yarasha, bunga shubha yo‘q. Bu yo‘lda Babayan qaysi futbolchilarning xizmatidan foydalanishni yaxshi biladi. Ko‘rinib turibdiki, namanganlik muxlislarning ishonchini qozondi va bu yilgi mavsum jamoa uchun ham, murabbiy uchun ham nihoyatda muhim. Yaqinda klub rahbariyati bosh murabbiy bilan shartnomani uzaytirishganidan xabardorsiz. Balki namanganliklarning endi chempion bo‘lish vaqti kelgandir...

babayan9_2

Ro‘ziqul Berdiev – “Nasaf” bosh murabbiyi

O‘zbekistonning bir necha karra eng yaxshi murabbiyidan doim ko‘p narsa kutiladi. “Nasaf” uchun rasmiy o‘yin 19 fevralda boshlandi. Osiyo Chempionlar ligasi 1/8 finalida “Ash-Shabab”ga qarshi o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi va yurishini to‘xtatdi. Lekin OChLning 2023 yilgi mavsumi uchun yana ishtirokini boshlaydi.

Yuqoridagi mag‘lubiyat Berdievning “Nasaf”i uchun u qadar jiddiy ta’sir ko‘rsatmasa kerak. Oldinlari ham klub bunga o‘xshash vaziyatlarni engib o‘tgan. Klub o‘z yo‘liga ega. Ro‘ziqul Berdiev doimgidek sovrinli o‘rinlar uchun kurashadi. Tarkib doim qanday bo‘lishidan qat’iy nazar “Nasaf”ning an’anasi va maqsadi o‘zgarmaydi. Chunki u erda Ro‘ziqul Berdiev bor.

Mirjalol Qosimov – AGMK bosh murabbiyi

Bir necha yildan beri AGMK ustozi sifatida ishlab kelayotgan Mirjalol Qosimov o‘zi boshqarayotgan klubning mavqeini allaqachon ko‘tara oldi. Lekin, to‘g‘ri, ba’zida barqarorlik etishmay qolyapti. Shunga qaramay, Qosimov jamoasi sovrinli o‘rinlar uchun kurashadigan klublar qatorida e’tirof etilyapti. Joriy yilda AGMK yana medallar uchun kurashadi. O‘tgan yilgi natijadan yaxshirog‘ini ko‘rsatish jamoaning qo‘lidan keladi. Ammo unutmaslik kerakki, Qosimov jamoasi bu yil Osiyo Chempionlar ligasi pley-off bosqichida o‘ynaydi. Agar natijalar yaxshilanib ketsa, guruh bosqichiga yo‘l olishi ham mumkin.

Asror Aliqulov – “Qizilqum” bosh murabbiyi

Superligada bu yil debyutant bosh murabbiy bor. Asror Aliqulov murabbiylik faoliyatini boshlaganidan buyon hali Superligada ishlamagandi. Pro ligada “Mash’al” va “Sho‘rtan”ni boshqarganini bilamiz. “Qizilqum” esa Asror Chorievich uchun Superligada debyutini boshlashga imkoniyat taqdim etgan klub sifatida qayd etilmoqda. Hozircha uning Superligadagi ilk mavsumi qanday kechishini oldindan aytish qiyin. Biroq ko‘pchilikdan Aliqulov haqida yaxshi gaplarni eshitganmiz. O‘tgan yili 5-o‘rinni egallagan “Qizilqum”ni yangi murabbiy boshchiligida qanday o‘yin va natijalar ko‘rsatishi muxlislar uchun qiziq. Aliqulov “Qizilqum”da o‘zining o‘yin uslubini “qurishi”ga qancha vaqt ketishini chempionat davomida bilib olamiz.

Timur Kapadze – “Olimpik” bosh murabbiyi

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi hamda “Olimpik” klubi bosh murabbiyi Timur Kapadze o‘tgan yili barchada iliq taassurot qoldirganini bilamiz. Bu yil mazkur murabbiydan yanada ko‘prog‘ini kutayotganlar bor. O‘tgan mavsumda “Olimpik” debyutidagi ishtirokidayoq “chaqilmas yong‘oq” ekanini ko‘rsata oldi. Bu safar uning yosh shogirdlari anchayin shakllanib qoldilar. Shunday ekan, joriy Superligada Kapadze va “Olimpik” yanada xavfli raqibga aylansa ajab emas.

kapadze4_2

Yorqin Nazarov – “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi

2022 yilgi chempionat yakunlanishiga ikki tur qolganida “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi lavozimiga tayinlangan Yorqin Nazarov joriy yilda ham Jizzaxdagi ishini davom ettiradi. Yodingizda bo‘lsa, mavsum tugagach, “So‘g‘diyona”ga bir qator murabbiylarni kelishi haqida gap-so‘zlar tarqaldi. Biroq yakunda Nazarov o‘z joyida qoldi. Yaxshi murabbiyligi haqida ko‘p eshitganmiz. Ammo unga doim ham o‘zini ko‘rsatish uchun etarli imkoniyat taqdim etilmagan. “So‘g‘diyona” esa uning faoliyatida tub burilish yasashi ham mumkin.

Murod Otajonov – “Bunyodkor” bosh murabbiyi

“Bunyodkor”da qanday o‘zgarishlar yuz berganini bilasiz. Murabbiylar almashdi. Bosh murabbiy lavozimida ishlagan Ivan Boshkovich iste’foga chiqarilgach, o‘rniga Murod Otajonov tayinlandi. Avvaliga Hikmat Hoshimov jamoani boshqarishi haqida aytildi. Keyinchalik Otajonovga bosh murabbiylik lavozimi topshirildi. Bunga sabab unda Pro litsenziyasining borligidir. Shundan so‘ng “Bunyodkor”ning Antaliyadagi yig‘inida o‘zi bosh-qosh bo‘ldi. Yaqinda Sports.uz saytiga bergan intervyusida “Bunyodkor”da ish boshlaganini uyga qaytgandek qabul qilganini aytdi. Xullas, Superliganing yana bir klubida yangi bosh murabbiy ish boshladi. Buning qanchalik samara keltirishini birgalikda kuzatamiz.

Vitaliy Levchenko – “Neftchi” bosh murabbiyi

Ilhom Mo‘minjonovning o‘rniga kelgan ukrainalik Vitaliy Levchenko “Neftchi”dagi dastlabki yilida o‘zidan yomon taassurot qoldirgani yo‘q. “Navbahor” singari farg‘onaliklar ham yangi mavsumga tayyorgarlikning asosiy qismini Turkiyaning Antaliya shahrida olib bordilar. 40 kundan ortiq vaqt mobaynida xorij yig‘inida bo‘lgan “Neftchi” Levchenko boshchiligida yanada shakllanyapti. Bu yil maqsad jiddiy - medallar uchun kurashish. Boz ustiga ukrainalik murabbiyga sovrinli o‘rinlar uchun kurashadigan klubda ishlash yoqadi.

Luisma Ernandes – “Metallurg” bosh murabbiyi

2022 yilning dekabr oyida ispaniyalik Luisma Ernandes bilan shartnoma uzaytirildi. Bu esa rahbariyatning unga nisbatan ishonchi yuqoriligini bildiryapti. Birgina “Metallurg” Antaliya safariga bora olmadi. Bu to‘g‘risida Sports.uz jurnalisti Ernandesdan so‘raganida bundan biroz xafaligini yashirmagan. Shunday bo‘lsa-da, ispaniyalik mutaxassis shu erda rejasiga binoan tayyorgarlik olib bormoqda. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.

Rauf Inileev – “Surxon” bosh murabbiyi

Ancha yillik tanaffusdan so‘ng yana murabbiylik faoliyatiga qaytgan Rauf Inileev “Surxon” klubida ko‘rinish berdi. Bilsangiz kerak, Termiz jamoasida yana o‘zgarishlar yuz berdi. Natijada murabbiylar o‘zgardi. Dastlab Sergey Tokov “Surxon”da ish boshladi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, unda bosh murabbiylik qilish uchun tegishli litsenziya etarli emasligi bois Rauf Talgatovich taklif qilindi. Klubni endilikda Inileev va Tokov tandemi boshqaradi. Yana faol murabbiylik faoliyatiga qaytgan 72 yoshli Rauf Talgatovich “Surxon”da ishlash orqali yana o‘zini eslatib qo‘ysa ajab emas. Lekin kuni kecha Inileevning Pro litsenziya muddati tugaganligi haqida ham xabarlar paydo bo‘ldi. Voqealar rivojini kuzatamiz.

Aleksandr Xomyakov – “Andijon” bosh murabbiyi

O‘tgan yili pro ligada muddatidan ilgari 1-o‘rinni qo‘lga kiritib Superliga yo‘llanmasiga ega chiqqan “Andijon” klubini bu yildan Aleksandr Xomyakov boshqarishini endi yaxshi bilasiz. O‘tgan yili rossiyalik boshqa bir mutaxassis Viktor Kumikov samarali faoliyat olib bordi. Ammo unga Qozog‘istondan taklif tushgach, klubni tark etdi va o‘rniga Xomyakov tayinlandi. Yana sobiq jamoasiga qaytgan Aleksandr Andreevich oxirgi paytlarda biror-bir klubda ko‘rinish bermagandi. “Andijon” esa unga o‘zini ko‘rsatish uchun imkoniyat taqdim etdi. Talabchan muxlislar undan ham ko‘p narsalarni kutmoqdalar.

xomyakov5_1

Hakim Fuzaylov – “Buxoro” bosh murabbiyi

“Andijon” kabi pro ligadan Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan “Buxoro” klubi bosh murabbiylik lavozimida Hakim Fuzaylovni qoldirdi. Tojikistonlik mutaxassis o‘tgan yil boshida “Buxoro”ga bosh murabbiy etib tayinlandi va oldiga qo‘yilgan vazifani uddaladi. Natijada klub rahbariyati Superligada ham “Buxoro”ni Fuzaylovning o‘zi boshqarishda davom etishini ma’lum qildilar. Natijada shartnoma uzaytirildi. Ammo “Buxoro” klubida natijani uzoq kutmaydilar. Buni tojikistonlik mutaxassis yaxshi sezib turibdi.

Baxtiyor Ashurmatov – “Turon” bosh murabbiyi

Pro ligada 3-pog‘onani band qilib pley-off orqali Superliga masalasini hal qilgan “Turon” tabiiyki, Baxtiyor Ashurmatov bilan shartnomani uzaytirdi. Xabaringiz bor, 2022 yilgi chempionat oxirlarida “Turon” pro ligada qiyin vaziyatga tushib qolganida rahbariyat tomonidan bosh murabbiylikka Ashurmatov taklif qilindi. Baxtiyor A’zamovich esa klubni Superligaga olib chiqa oldi. Bu eng muhimi. Rahbariyat uning oldiga aynan “Turon”ni Superligaga qaytarish vazifasini qo‘ygandi. Shu sababli avvaliga shartnoma mavsum oxiriga qadar qo‘yilgandi. Vazifa bajarilgach, Ashurmatov bilan yangi shartnoma tuzildi. “Turon” tarkibini kuchaytirdi va bir qator tajribali o‘yinchilar qo‘shib olindi. Jamoa qanday natija ko‘rsatishini chempionat mobaynida ko‘ramiz.

Shuhratbek Jo‘raev.   

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!