Ko‘plab yo‘qotishlarga uchragan “Metallurg”ni yana bir sinov kutmoqda. Bu safargi raqib esa ancha jiddiy

  • 10 avgust, 2022, 15:18
  • 1
  • Futbol

Mamlakat milliy chempionati ikkinchi davra bahslarini safarda Toshkent viloyati derbisida g‘alaba bilan boshlagan Bekobodning “Metallurg” jamoasini navbatdagi turda yana bir qiyin imtihon kutmoqda. Bu safar bekobodliklar o‘z maydonimizda O‘zbekistonning eng nomdor va kuchli klublaridan biri – Qarshining “Nasaf” jamoasini qabul qiladi.

AGMKga qarshi o‘yinda “Metallurg” ko‘p kuch sarfladi. Futbolchilar o‘zlarining iroda va xarakterlarni ko‘rsatishdi. Murosasiz derbidagi g‘alaba bir qator yo‘qotishlar evaziga qo‘lga kiritildi. Aynan o‘sha o‘yinda ogohlantirilgan Damir Temirov, Jasur Xolto‘raev hamda Ixtiyor Toshpo‘latovlar diskvalifikatsiya tufayli “Nasaf”ga qarshi o‘yinda yordam bera olishmaydi. Boisi “Metallurg”ning mazkur o‘yinchilari hisobidagi sariq kartochkalar soni 4 taga etgan va ular navbatdagi turni o‘tkazib yuborishga majbur. Bundan tashqari klubning markaziy himoyachisi Abbos Otaxonov davralar oralig‘ida olgan jarohati bois davolanmoqda. Ikki nafar futbolchi esa O‘zbekiston U-20 terma jamoasi tarkibida Tojikistonda o‘tkazilayotgan CAFA kubogida ishtirok etmoqda. Olti nafar o‘yinchining yo‘qlgi murabbiylar shtabi oldiga tarkibni shakllantirishda etarlicha muammo tug‘dirishi bor gap.

“Nasaf”da esa hammasi joyida. Barcha o‘yinchilari optimal sport formasida ekanligini 11-turning “Dinamo”ga qarshi safarda o‘tkazilgan uchrashuvi isbotladi. Ro‘ziqul Berdiev jamoasi Samarqandda mezbonlar darvozasiga javobsiz to‘rtta gol kiritdi. Tarkibi asosan milliy va olimpiya terma jamoasiga nomzod o‘yinchilar va malakali legionerlar bilan to‘ldirilgan “ajdarlar”ga uy va safar o‘yinining unchalik farqi yo‘q.

Shulardan kelib chiqib, “Metallurg” murabbiylari shtabi ixtiyorida bor o‘yinchilar bilan yana xarakter ko‘rsatishlariga to‘g‘ri keladi.

 

“Metallurg” matbuot xizmati.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
SAMARIDDIN AMUR GPZ UZB
10/08/2022 22:52
Nasafga Omad