«Liverpul» chempionlik poygasidan Alissonni deb chiqib ketdi(mi)?!

  • 21 fevral, 2021, 23:20
  • 0
  • Futbol

Angliyaning «Liverpul» jamoasi EChL doirasida «RB Leyptsig» ustidan ishonchli g‘alaba qozondi, biroq ichki chempionatda ahvol ancha og‘ir. SPORTS.uz amaldagi Angliya chempioni tushib qolgan holat va bunda Alisson ijro etgan rol haqida fikr yuritadi.

13 fevral sanasida «Liverpul» «Lester»ga qarshi hech narsa qila olmadi. 1:3 va «Enfild» egalari qatorasiga 3 mag‘lubiyatni qabul qilib oldi. Bunday omadsiz ceriya 2014 yildan beri kuzatilmayotgan edi.

«Tulkilar»ga qarshi bahsdan so‘ng, Yurgen Klopp jurnalistlar bilan suhbatda g‘amgin qiyofada ekanligi ko‘rinib qoldi. U intervyu davomida «mersisaydliklar»ni endi chempionlik poygasidan chiqib ketganini ma’lum qildi.

-  Yurgen siz chempionlikni himoya qila olmaysizmi?

-  Ha, bunga ishonish qiyin. Afsuski, bu haqiqat.

Katta ehtimol bilan Kloppning so‘zlari rost. Jamoa peshqadam «Siti»dan 13 ochko ortda qolmoqda. Boz ustiga, «shaharliklar» zaxirasida yana bir o‘yin mavjud.

Ichki chempionatning ikki o‘yinida «Liverpul»ga Alisson pand berib qo‘ydi. «Siti» va «Lester»dan o‘tkazib yuborilgan 7 golning yarmidan ko‘prog‘i uning xatosi bilan darvozadan o‘rin egalladi. Bunga ishonish mushkul. Sababi, braziliyalikni so‘nggi yillarda matonat va mustahkam himoya sifatida hurmat qilishar edi. Endi esa, Alisson Lorius Karius singari turli memlarning bosh qahramoniga aylandi.

3 fevral sanasida Alisson «Brayton»ga qarshi bahsni (0:1)  o‘tkazib yubordi. Bunga asosiy sabab nima ekanligini noma’lum bo‘lib qoldi. Yurgen uni betob bo‘lib qolgani uchun o‘yinda ishtirok etmaganini aytdi. Oradan 4 kun o‘tib, Bekker «Manchester Siti»ga qarshi bahsda ko‘rinish berdi. Uning kutilganidan ertaroq qaytishi jamoaga juda qimmatga tushdi…

«Shaharliklar» tomonidan urilgan birinchi gol borasida Alissonga hech qanday e’tiroz bo‘lishi mumkin emas. U to‘pni qaytardi, biroq Gyundoganning ikkinchi zarbasini bartaraf etish imkonsiz edi. 1:1 natijasi tabloda yonib turgan paytda, Bekker Fodenga to‘pni sovg‘a qildi. U esa, Gyundoganning ikkinchi golni urishi uchun imkon yaratdi.

Alisson shu bilan «cheklanmadi». O‘z jarima maydonchasi ichida pressingdan chiqib ketish maqsadida to‘p braziliyalik posbonga uzatib berildi. U juda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi, «Siti» buni kechirib o‘tirmadi. Bernardo Silva Alissondan qabul qilib olgan uzatmasidan unumli foydalandi va o‘z hisobiga assist yozib qo‘ydi. Rahim Sterling Bernardoning uzatmasini bo‘sh darvozaga joylab qo‘ydi.

O‘yin yakunlangach, hatto Yurgen Klopp ham darvozabonning juda yomon o‘yin o‘tkazganini tan oldi. Bu voqea haqida o‘zining fikrlari bilan o‘rtoqlashar ekan, u ehtiyotkorlik bilan so‘zladi.

“Biz ikkita qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yganimizdan hayronman. Buni barcha ko‘rdi. Berkitishning imkoni yo‘q. Bizning atrofimizdagi so‘zlar endi ko‘payishi turgan gap. Biz bugun «Liverpul»ning joniga qasd qildik. «Siti» bunday xatolarni hech qachon kechirmaydigan klub. To‘g‘risi, bu borada hech qanday izoh bera olmayman.

Balki, Alissonning oyoqlari muzlab qolgandir. Ba’zan shunaqasi ham bo‘lib turadi. Nima bo‘lgan taqdirda ham to‘pni uzoqroqqa tepib yuborish imkoni bor edi. Bekker bizni har doim og‘ir vaziyatlarda qo‘llab kelgan. Bugun u ikkita xato qildi. Nima ham derdik.”

Uchrashuvdan so‘ng, Yurgen shogirdi bilan suhbatlashmoqchi edi. Posbon bundan bosh tortdi. U «faqat bugun emas», degancha nari ketdi.

tktykyukyuky

Aslida, «Liverpul»ning «Siti»ga qarshi uchrashuvi tasodifdek ko‘ringan bo‘lsa, «Lester» bilan o‘yinda voqealar rivoji keskinlashib ketdi. Bu o‘yinda ham Alisson ikki bor qovun tushirdi. Ayniqsa, 81-daqiqadagisi e’tiborga molik. Tilimans tomonidan etkazilgan to‘pga Ozan Kabak ulgurishi aniq edi, biroq qaerdandir Bekker to‘pga chiqib keldi va uni raqibga tashlab berdi. Ushbu suratda Kabak to‘pga ulgurgani aks etgan. Posbon o‘z jamoasi zarariga ishlovchi yana bir epizodni yuzaga keltirdi.

«Tulkilar»ga qarshi bahsdan so‘ng, «The Times» nashri jurnalisti Toni Kaskarino kattagina maqola e’lon qildi.

 “Alisson o‘zini Virjildek erkin tutishni bas qilishi kerak. Uning tavakkal o‘yini umuman o‘zini oqlagani yo‘q. Ayniqsa, «Siti» bilan uchrashuvda bu yaqqol ko‘zga tashlanib qoldi. Vaholanki, u o‘sha epizodlarda sodda qarorlar bilan vaziyatdan chiqib ketishi mumkin edi. «Real»ga qarshi EChL finalidagi xatolari sababli, Kariusni jamoadan ketkazib yuborishgan edi. Braziliyalikni jamoadan ketkazishmaydi. U kuchli kiper. Shunga qaramay, Alisson o‘z xatolari haqida yaxshilab bosh qotirishi lozim.”

Madrid klubiga qarshi EChL finalidagi o‘yindan so‘ng, Karius og‘ir ahvolga tushib qolgani yodingizdan ko‘tarilmagani aniq. Hozirda, posbon «Union»ga ham kerak emas. To‘g‘ri, braziliyalikni ikkita o‘yindagi xato uchun keskin tanqid qilish noo‘rin, biroq uning ruhiy holati Kariusniki bilan hozirda bir xil.

«RB Leytsig»ga qarshi uchrashuvda omad «Enfild» egalariga kulib boqdi. «Mersisaydliklar» raqib xatolari evaziga mehmonda (Budapeshtda) g‘alaba qozondi. Umid qilamizki, Alisson uchun bu g‘alaba o‘ziga kelib olish imkoniyatini yaratadi. Aks holda, uning qo‘pol xatolari «Liverpul»ni «buqalar»ga qarshi javob uchrashuvini «bezab» berishi hech gap emas. Hozircha, APL oltin medallari qo‘ldan ketdi. Endi, Evropa chempionlar  ligasida bu xatolarni takrorlamaslik lozim.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!