Meksika bosh murabbiyi: "O‘zbekistonga qarshi o‘yindan keyin muammolar etarli ekanini bilib oldik"

  • 13 sentabr, 2023, 16:55
  • 0
  • Futbol

Meksika va O‘zbekiston o‘rtasida bo‘lib o‘tgan o‘rtoqlik bahsi 3:3 hisobi bilan o‘z nihoyasiga etdi. 

Dastlab, 18-daqiqada Bobir Abdixoliqov boshi bilan gol urib, hisobni ochgan bo‘lsa, oradan ko‘p o‘tmay Raul Ximenes imkoniyatlarni tenglashtirib qo‘ydi. Taym so‘nggida esa Azizbek Turg‘unboev vatandoshlarimizni olinga olib chiqdi. Ammo o‘yinning so‘nggi daqiqalarida meksikaliklar 2 ta gol urdi. Uchrashuvga qo‘shib berilgan daqiqalarda Otabek Shukurov super goli bilan jamoani qutqarib qoldi.

Uchrashuvdan so‘ng meksikaliklar bosh murabbiyi Xayme Lozano matbuot anjumanida ishtirok etdi va o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

"Har doim yaxshilanishi kerak bo‘lgan narsalar bor. Biz "Oltin kubok"da atigi 2 ta gol o‘tkazib yuborgandik, oxirgi ikki o‘rtoqlik o‘yinida esa beshta gol qabul qilib oldik. 

Ular bizga kam hujum qilib, ko‘p jazolab ketishyapti. Shu kamchilik bizga qimmatga tushishi mumkin. 

Biz ushbu ikki bahsdan har bir futbolchining imkoniyatlarini baholab olishimiz kerak edi. O‘zbekistonga qarshi bellashuvdan keyin muammolar etarli ekanini bilib oldik va endi bu borada ko‘proq tayyorgarlik olib borishimiz lozim.  

Raqib safida yakunlashda kuchli bo‘lgan futbolchilar borligini bilardik. Ular uchrashuv mobaynida ham bizni qiynab qo‘ya olishdi. Osiyolik futbolchilar to‘p bilan va to‘psiz yaxshi harakat qilishdi, shuningdek, ular taktik o‘zgarishlarda xatoga yo‘l qo‘ymagani e’tiborga molik", - dedi mutaxassis.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!