"Minbar berilmagan davrada nutq so‘zlashning iloji yo‘q"

Qishda "Barselona" Braziliyaning "Atletiko Paranaense" klubidan Vitor Rokeni sotib oldi. Klub ushbu transfer uchun 40 million evro sarfladi. 

Shunday bo‘lsa-da, bosh murabbiy Xavi unga joriy mavsumda o‘yin amaliyoti bermadi. Klub endilikda uni sotib yuborishga ham rozi. Uning agenti ham mijozining holati borasida o‘z e’tirozlarini matbuotga aytib, vaziyatni Vinisiusda bo‘lgan progress bilan taqqosladi. 

Agentning fikricha, "qirollik klubi" braziliyalik vingerning hozirgi darajaga chiqqunicha 2.5 yil sabr qilgan va unga kamroq o‘yin amaliyoti berib bo‘lsa ham jamoada ushlab turgan. 

Darhaqiqat, ushbu solishtiruvda jon bor. Vitorning potentsiali ancha yuqori. "Barselona" esa 40 million evroga sotib olingan futbolchiga etarli vaqt bermay turib, uning o‘yinidan qoniqish hosil qilmasligi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. 

Balki sabr qilishni kataloniyaliklar ashaddiy raqibi bo‘lgan "Real"dan o‘rganishi kerakdir. Misol uchun, juda kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lgan va kutilgan natijani qayd eta olmagan Gyulerni Madrid grandi sotishga shoshilmayapti. Kelajak uchun olingan futbolchi u. Bugun bo‘lmasa, ertaga o‘z so‘zini aytishi mumkin.

Minbar berilmagan davrada, nutq so‘zlashning iloji yo‘q. Minbarga chiqib dovdirab qolinsa, keyin xulosaga kelish kerak. 

                                                                                                                                                                                                                       K.X

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!