"Muangtong Yunayted"ni tark etgan legionerimiz ortga qaytyaptimi?

  • 28 iyun, 2023, 00:53
  • 0
  • Futbol

Iyul oyida yurtimizda transfer oynasi ochiladi. Tabiiyki, bu vaqtda futbolchilarning bozori yana “yuradi”. Chempionatimizda birinchi davra yana bir turdan keyin tugaydi va klublar yozgi ta’tilga chiqadilar. Tabiiyki, hozirda jamoalar yozgi yig‘in rejalarini ishlab chiqishgan va selektsiyada ham allaqachon ishlarni olib bormoqdalar. Shuning uchun yozgi transfer oynasi paytida klublarimizda yangi nomlar paydo bo‘ladi, bu aniq. Masalan, xorijda to‘p surayotgan legionerlarimizning yana chempionatimizga qaytishi kutilmoqda.

sardor mirzaev3_1

Sardor Mirzaevni yaxshi taniysiz. U legioner sifatida Tailand chempionatida faoliyat olib borayotgandi. Ma’lumot uchun, 2020 yil boshida “Lokomotiv” klubidan Tailandning “Muangtong Yunayted” jamoasiga ko‘chib o‘tgan hamyurtimiz Sardor Mirzaevning jamoasi bilan tuzgan shartnomasi yakunlandi.

Boshida uning uchun “Tay” ligadagi ishlari  yaxshi ketayotgandi. Oxirgi paytlarda omadsizlik yuz berdi va “Muangtong Yunayted” quyi ligaga ravona bo‘ldi. Shu va yuqoridagi sabablarga hujumkor futbolchi MYu bilan xayrlashdi. Ta’kidlash joizki, Mirzaev u erda 3,5 yilni o‘tkazdi va o‘ziga yarasha hurmat-e’tibor qozona oldi. Har xolda bir klubda legioner sifatida 3 yildan ziyod vaqt davomida to‘p surish oson ish emas.

sardor mirzaev1_1

Yaqinda uning o‘zi Sports.uz saytiga bergan intervyusida O‘zbekistondan ham takliflar bo‘layotgani to‘g‘risida gapirgandi. Bizga ma’lum bo‘lishicha, Tailand chempionatini tark etgan Mirzaevga hozirda Superligamizdan aniq takliflar bor. Bu borada ayrim jamoalar futbolchi masalasida o‘zaro raqobatlashishiga ham to‘g‘ri kelsa ajab emas. Ayniqsa, medallar uchun kurashayotgan klublar Sardor Mirzaevga ko‘z tikishganligi aytilmoqda. Tez orada barchasi uzil-kesil hal bo‘ladi. Katta ehtimol bilan Mirzaev O‘zbekistonga qaytadi.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!