O‘g‘il qizlarimizning jismoniy tarbiya va sportga bo‘lgan qiziqishini ortishida, katta sport sari dadil qadam tashlashida va albatta terma jamoalarimiz safida turib, xalqaro musobaqalarda g‘alaba qozonib, Yurt sha’nini ulug‘lashida sport maktablarining o‘rni beqiyos. Xususan, uzoq yillardan buyon iqtidorli sportchilarni tayyorlab, sport turlari bo‘yicha mamlakat terma jamolariga munosib nomzodlarni etkazib berayotgan Navoiy viloyati Yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida ham yuqorida ta’kidlaganimizdek, jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish, malakali murabbiylar qo‘l ostida shug‘ullanayotgan sportchilarini xalqaro musobaqalarda kuchli uchlikdan o‘rin olishi bosh maqsadlardan sanaladi.


Xabaringiz bor, 2025 yil poytaxtimizda o‘smirlar o‘rtasida Osiyo o‘yinlari o‘tishi belgilangan. Ushbu yirik sport anjumanida munosib ishtirok etish, qit’aning “kichik Olimpiadasi”da medallar bilan muxlislarni xushnud qilish murabbiy va atletlarimiz oldidagi ustuvor vazifa hisoblanadi. Jumladan, Oybek Jumanazarov rahbarlik qilayotgan Navoiy viloyati Yakka kurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi jamoasi ham bu bo‘yicha o‘z chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqqan hamda izchil amalga oshirmoqda. Shu boiski, 2025 yilda o‘smirlar o‘rtasida o‘tadigan Osiyo o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida  joriy yilning fevral oyidan buyon viloyat chempionatlaridan saralangan  2008-2009 yillarda tug‘ilgan sportchilar ishtirokida YaKSTISM sport majmuasida malakali murabbiylar qo‘l ostida kurash, dzyudo, sambo, erkin va yunon rum kurashi bo‘yicha o‘n besh kunlik o‘quv –mashg‘ulot yig‘inlari uzluksiz tarzda tashkil qilinmoqda.  
Navoiy viloyati Yakka kurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida ayni paytda sportning erkin kurash, yunon-rum kurashi, dzyudo, boks, taekvondo  WTF, karate, qilichbozlik, og‘ir atletika, kurash va sambo bo‘yicha 1350 nafardan ortiq  yigit –qizlardan iborat sportchilar 77 nafar tajribali murabbiylar qo‘l ostida mashg‘ulotlarda qatnashmoqda.  


Ushbu Navoiy viloyati YaKSTISM sportchilarining 358 nafari sport ustaligiga nomzod, 61 nafari sport ustasi hamda 8 nafari xalqaro toifadagi sport ustasi ekani natijadorlik, samaradorlik yaxshi ekanligini ko‘rsatadi. 
Mazkur YaKSTISMda mashg‘ulotlarga zo‘r berayotgan sportchilar Osiyo va jahon chempionatlari, xalqaro musobaqalarda kuchlilar qatoridan joy olayotgani esa ayni haqiqat. Jumladan, yaqinda qilichbozlik bo‘yicha Baxrayn davlatida o‘tgan Osiyo chempionatida navoiylik shpaga ustalari terma jamoamizga bronza medalini taqdim etdi va medallarga ega bo‘lganlar qatorida sport maktabi tarbiyalanuvchisi Meyrxan Timurov ham shoh supaga ko‘tarildi.
Hozirda qilichbozlarimiz Parij Olimpiadasi yo‘lida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkazishmoqda. Sambo bo‘yicha joriy yilgi mamlakat chempionatida Marjona Tursunova barcha raqiblarini mag‘lub etib, terma jamoadagi o‘rnini mustahkamladi. Endi u jahon va Osiyo chempionatida Vatanimiz sharafini himoya qiladi. 
Murabbiy San’at Rahimovning shogirdi Xo‘jaqul Ergashev esa o‘smirlar o‘rtasida tashkil etilgan sambo bo‘yicha respublika birinchiligida shohsupaning eng yuqorisidan joy egallab, sport ishqibozlarini xushnud etdi.   


Shuningdek, Para dzyudochilar ham Para Osiyo o‘yinlari hamda Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritish, “tatami”da shov-shuvli va matonatli g‘alabalarga erishish yo‘lida mashg‘ulotlarda faollik ko‘rsatishmoqda. Masalan, yaqinda ular YaKSTISMning tajribali murabbiylari Shahobiddin Sharipov hamda Sulton Isoqov boshchiligidagi seminarda sport turi qoidalarini mukammal o‘zlashtirish bo‘yicha benazir saboqlar olishdi.
Sport maktabining umidli tarbiyalanuvchisi, mahoratli dzyudochi Laziza Haydarova yaqinda Germaniyaning “Bremen” shahri mezbonlik qilgan "Bremen masters" xalqaro turnirida 48 kg vazn toifasida bosh mukofotga erishib, muxlis va mutaxassislarning e’tiborini o‘ziga qaratdi. Demak, o‘zbek sportida yana bir dongdor kurashchi yulduz porlab chiqmoqda.
Kurash bo‘yicha o‘tgan kattalar o‘rtasidagi mamlakat kubogi bahslarida Navoiy viloyat yakka kurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi polvonlari g‘olibona qatnashishdi. Jumladan, 66 kg vazn toifasida Otabek Hasanov oltin, Dilshod Shopo‘latov (60 kg) kumush, Muhammad Jumaev (73 kg), Gulina Obloqulova (78 kg), Sevara Husenova (87 kg) bronza medaliga musharraf bo‘ldi. Yunon-rum kurashi ustasi Islomjon Rahmatov kattalar o‘rtasidagi respublika saralash musobaqasida g‘olib bo‘lib, Qirg‘izistonning Bishkek shahrida o‘tadigan Osiyo chempionatida O‘zbekiston sharafini himoya qilish huquqini qo‘lga kiritdi. 
—Sport maktabimiz rahbariyati, mutasaddilar  bizga barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib bermoqda, —dedi suhbatdoshimiz, yunon-rum kurashi murabbiysi Suhrob Fattoev.—Barcha sport turlaridan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkazilmoqda. Jamoalarimiz taqvimdagi musobaqalarda faol qatnashmoqda. Eng asosiysi, barcha sport turlaridan o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘ygan fidoyi murabbiylar ish olib borishmoqda. Bu esa ertangi yuqori natijalar kafolatidir...
   Murabbiy to‘g‘ri ta’kidladi. Navoiy viloyati Yakka  kurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida ishchan jamoa shakllangan. Sharoitlar ko‘ngildagidek, misol tariqasida qo‘lga kiritilayotgan yuqori natijalarni ko‘plab keltirish mumkin. Navoiy shahriga ko‘rk berib turgan shinam, keng va yorug‘ sport zallari, undagi qulayliklar faqat va faqat mehnat qilish, ko‘rsatkichlarni yanada yaxshilashga qaratilgan. Demak, navoiylik yakka kurash ustalaridan joriy yilda yana muzaffariyat bayrog‘ini baland hilpiratish, xalqaro maydonlarda O‘zbekiston madhiyasini g‘olibona, baralla kuylash saodatini kutib qolamiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!