O‘tgan mavsum butun dunyo futboli virus, pandemiya, karantin sababli har yilgidan-da boshqacha o‘tdi. Uzoq muddatli tanaffus va yozda yana o‘yinlarning qolgan joyidan davom ettirilishi oqibatida yangi mavsum ancha kech boshlandi va bu, tabiiyki, futbolchilarning jismoniy holatiga ta’sir qildi. Shunday bo‘lsa-da, mavsum oralig‘idagi transfer bozori har yilgidek qizg‘in o‘tdi hamda bir qancha top transferlar amalga oshirilgani bilan ham yodda qoldi. Bizningcha, aynan hozir ularning qay darajada omadli yoki omadsiz chiqqanligi haqida so‘z yuritishning ayni payti, sababi mavsumning yarmi yakunlandi va ularda o‘zlarini ko‘rsatishga etarlicha vaqt bo‘ldi. Demak, top-20 yozgi transferlarni siz bilan birga tahlil qilamiz. O‘ylaymizki bu sizga qiziq bo‘ladi.

Ranking-the-Big-Summer-Transfers-So-Far_app

#20: Nelson Semedu. “Barselona”dan “Vulverxempton”ga (27,5 million funt)

“Vulvs” rahbariyati “Barselona”dagi moliyaviy inqirozlar paytidan unumli foydalangan holda shu yozda portugaliyalik ko‘p qirrali o‘ng qanot himoyachisini o‘z safiga qo‘shib oldi. Futbolchi allaqachon “bo‘rilar”ning asosiy tarkibidan joy olib ulgurgan bo‘lsa-da, muxlislarning undan ko‘ngli to‘lganicha yo‘q. Sababi, u hali bironta ham golda ishtirok etmadi va o‘zidan kutilgan natijani berganicha yo‘q. Shubhasiz, Semedu mavsum oralig‘ida “Tottenxem”ga utgan Mett Doertining “bo‘rilar” safidagi o‘rnini bosa olmayapti, buni statistika ham ko‘rsatib turibdi.

0_GettyImages-1228752632

#19: Olli Uotkins. “Brentford”dan “Aston Villa”ga (28 million funt)

Uotkins “Aston Villa”ning transfer rekordini yangilab berganda ko‘pchilik bunga g‘alati transfer sifatida baho bergandi, biroq Olli allaqachon bu summani oqlashni boshlab yuborgan. Futbolchi barcha musobaqalarda villaliklar safida 8 ta to‘p kiritishga muvaffaq bo‘ldi, bularning orasida “Liverpul” bilan o‘yindagi(7:2) nozik xet-trik hamda “Arsenal” bilan o‘yindagi(3:0) chiroyli dubl ham bor. Shu sababli, ushbu transferni bemalol o‘zini oqlayapti, deyishimiz mumkin. Uotkins esa ushbu ajoyib o‘yinlari tufayli Angliya terma jamoasiga jalb qilinishi taxmin qilinmoqda.

nbc_pl_avlwatkinshattrick_201004

#18: Fransisku Trinkau. “Braga”dan “Barselona”ga (28,3 million funt)

Kataloniyaliklar Trinkao bilan iyulgacha bo‘lgan shartnomaga imzo chekdi, biroq hali-hanuz u bilan uzoq muddatli shartnoma tuzish borasida o‘ylab ko‘rgani yo‘q. “Barselona” uni rejalar o‘xshamay qolgan taqdirda zaxira sifatida ishga solmoqchi ko‘rinadi. U bu mavsumda jami 20 ta o‘yinda ishtirok etdi, biroq gollarda ishtirok etmadi. Undan 3 yosh kichik Pedri esa jamoaning natijalariga undan ko‘ra ko‘proq ta’sir qila olmoqda. Balki shu sababdandir, “Blaugranas” rahbariyati u bilan shartnoma imzolash borasida ikkilanayotgani. Unda Kumanning ishonchiga kirish uchun roppa-rosa 6 oy muddat bor. Shu vaqt ichida u o‘zini ko‘rsata olishi kerak.

Francisco-Trincao5

#17: Xakim Ziesh. “Ayaks”dan “Chelsi”ga (33,5 million funt)

Ziesh transferiga “aristokratlar” hammasidan erta kirishgan. O‘tgan yil yanvar oyidayoq futbolchining navbatdagi mavsumni “Chelsi”da davom ettirishi aniq bo‘lib ulgurgan edi. Biroq mashg‘ulotlarda olingan jarohat tufayli mavsum u uchun ancha kech start oldi. Shunday bo‘lsa-da, u o‘zining kutishga arzirli futbolchi ekanini startdayoq isbotlab qo‘ydi: dastlabki 2 bahsda 2 gol va assist. Lekin, ajoyib pleymeyker ayni yuqori sport formasiga chiqib borayogan bir paytda yana jarohat oldi va hozircha tuzalgani yo‘q. Shu sabab, u hozircha o‘ziga bo‘lgan ishonchni to‘liq oqlamadi. Uning qaytishini kutamiz.

0_Hakim-Ziyech

#16: Donni van de Bek. “Ayaks”dan MYuga (35 million funt)

“Ayaks”ning yana bir yulduzi butun yoz davomida “Real” bilan jiddiy aloqalarda bo‘lib turganiga qaramay, pandemiya tufayli byudjetida katta qisqarish qilgan “Blankos” uni sotib olmaslikka qaror qildi va gollandiyalik iste’dod MYuga o‘tdi. “Yunayted” safida debyut uchrashuvidayoq gol urganiga qaramay, Sulsher unga unchalik ko‘p imkoniyat bermayapti. Shu sababli futbolchi zaxira o‘rindig‘iga mixlanib qolgan. Norvegiyalik mutaxassis markazda, asosan, Brunu Fernandesh, Skott Maktominey, Pol Pogba va Fredga ishonmoqda. Donnini zaxira variant sifatida ko‘rmoqda. Umuman olib qaraganda, “Ayaks”da asosiy tarkibning doimiy o‘yinchisi va yulduzi bo‘lgan futbolchi uchun bu omadli transfer bo‘ldi, deya olmaymiz.

donny-van-de-beek-manchester-united-2020_1g1teligabrup1w33eny6exico

#15: Fabio Silva. “Portu”dan “Vulverxempton”ga (35 million funt)

“Bo‘rilar” portugaliyalik futbolchilarni olib kelish bo‘yicha butun Evropaga tanilgani hammamizga ma’lum. Biroq ular bu safar o‘zlarining rekord summadagi transferlarini amalga oshirishda katta xatoga yo‘l qo‘yishdi, deya olamiz. Sababi, “Portu” safida atigi bitta gol ura olgan futbolchi uchun 35 million funt-sterling sarflash ko‘plab mutaxassislar tomonidan noto‘g‘ri ish, deya baholanmoqda. Hozircha, u “Vulverxempton” safida bitta gol urishga erishdi, uni ham bo‘lsa penaltidan. Nunu Eshpiritu Santu uni Ximenez uchun munosib o‘rinbosar sifatida ko‘rgan edi. Biroq, bu taxmin hozircha o‘zini oqlagani yo‘q. Balki, uning o‘yini ikkinchi davrada ochilib ketar, voqealar rivojini kuzatamiz.

GettyImages-1228644670

#14: Ashraf Xakimi. “Real”dan “Inter”ga (36 million funt)

Zinedin Zidan 2 mavsum davomida “Borussiya” Dortmund safida fantastik o‘yin ko‘rsatgan Xakimiga nima sabab o‘z tarkibida joy yo‘q eganligini haligacha tushuntirib bermadi. Oxir-oqibatda “Inter”ga sotib yuborilgan Ashraf bu erda ham o‘zini ko‘rsatishda davom etmoqda. 22 yoshida “San-Siro”da tobora ochilib borayotgan iste’dod “Nerradzurilar” safida jami 5 ta gol va 5 ta assist amalga oshirdi. Bu erda allaqachon, asosiy, tarkib o‘yinchisiga aylandi. Shuningdek, o‘ziga bildirilgan ishonchni mutlaqo oqladi. Shu tufayli, bu transferni omadli, deya olamiz.

achraf-hakimi-inter-2020-21-serie-a_1pwcsi9avoaki1s0c47h51z2de

#13: Uesli Fofana. “Sent-Eten”dan “Lester”ga (36,5 million funt)

“Sent-Eten” uchun rekord transfer sifatida qayd etilgan Uesli Fofana APLga kelguniga qadar Liga 1 da atigi 20 ta o‘yinda maydonga tushgan edi va shuning o‘ziyoq uni “tulkilar” murabbiyi e’tiboriga tushishi uchun etdi. “Lester” mudofaa chizig‘ining asosiy quroli bo‘lmish Chag‘lar Seyunju jarohat olgan paytda uning o‘rniga munosib nomzod ekanligini ajoyib o‘yinlari bilan isbotlab qo‘ya olgan Uesli transferini ko‘plab nashrlar o‘zini oqlagan transfer sifatida baholamoqda. Sababi, bundan ko‘zlangan maqsad amalga oshdi, hammasi uning foydasiga ketmoqda.

GettyImages-1280934580

#12: Natan Ake. "Bornmut"dan "Manchester Siti"ga (40 million funt)

O‘tgan mavsum “Manchester Siti” himoya chizig‘ida juda ko‘plab muammolar ko‘zga tashlandi. Chap qanot pozitsiyasida bu yaqqol sezilib turardi. Chempion “Liverpul”ning mudofaa chizig‘iga qiyoslaganda bu himoya anchagina kamtarona ko‘rinardi. Shu sababli, Pep Gvardiola yangi mavsumda o‘zining bor e’tiborini, asosan, orqa chiziqqa qaratdi va 2 ajoyib himoyachini sotib oldi: “Bornmut”dan Natan Ake va “Benfika”dan Ruben Diash. Ake transferi mantiqan olib qaraganda, juda to‘g‘ri qaror edi. Sababi, aynan uning pozitsiyasida muammoli vaziyat yuzaga kelgandi va aynan u bunga chek qo‘yish uchun asosiy nomzod edi. Mavsum startida bu transfer ham o‘zini oqladi, futbolchi ketma-ket quruq o‘yinli seriyalarda jamoasining natijasiga katta hissa qo‘shdi va bir qancha gollar urishga ham muvaffaq bo‘ldi. “Lester” bilan o‘yindagi Vardi bilan bog‘liq xatosini aytmaganda, Ake deyarli bironta xato qilmadi. Shunday bo‘lsa-da, u haligacha asosiy tarkib uchun kurashishda davom etmoqda. Boisi, “Benfika”dan katta summa evaziga tashrif buyurgan Diash va favqulodda o‘yini ochilib ketgan Stounz bilan asosiy tarkib uchun kurash oson kechmayapti. Bundan buyog‘iga, u o‘ziga berilgan minimum imkoniyatdan maksimum foydalana olsagina, natijaga erisha olishi mumkin. Aks holda, uni yana boshqa klubda ko‘rishimiz ehtimoli yo‘q emas. Hozircha, bu transfer o‘zini qisman oqladi, deya olamiz.

AZFFv7Zou5v4MMNTtHTsbS

#11: Diogo Jota. "Vulverxempton"dan "Liverpul"ga (41 million funt)

Yurgen Klopp o‘zining transfer rejalari orasida 3 yildan beri Diogo Jotaning bo‘lganligi haqida jurnalistlarga intervyu bergani yodimizda. Biroq, murabbiyning hatto o‘zi ham uning bu darajada sermahsul o‘yin namoyish etishini kutmagan bo‘lishi aniq. Asosiy tarkib uchun kurashda, kimsan Firminoni ortda qoldirib, uni zaxiraga o‘tqizib qo‘ya olgan Jota klub tarkibida barcha musobaqalarda jami 9 ta gol urishga erishdi: bularning orasida EChL doirasida “Atalanta” darvozasiga urilgan xet-trik ham bor.
Umuman olib qaraganda, muvaffaqiyatli transfer, barchasi ikkala tomonning ham foydasiga ishlamoqda. Agar jarohat halal bermaganida uning gollari soni 2 xonali son ko‘rinishida ham bo‘lishi mumkin edi. U mana shu formasini ushlab qola oladimi yoki yo‘q, buni 2-davra davomida kuzatamiz.

1283224362.0

#10: Leroy Sane. "Manchester Siti"dan "Bavariya"ga (44,7 million funt)

“Bavariya” vanihoyat, uzoq muddatdan beri sotib olishga harakat qilayotgan futbolchini qo‘lga kiritdi! Leroy Sane “Siti” bilan shartnomasini uzaytirmadi va o‘z vataniga qaytishni ma’qul, deb topdi. Myunxenliklar tarkibida debyut o‘yinidayoq 1 ta gol va 1 ta pas berishga muvaffaq bo‘lgan Saneda baribir jismoniy holat borasida biroz muammolar kuzatilgani rost. Ilk mavsumida ayrim kichik jarohatlarni boshidan o‘tkazganiga qaramay, Angliyadagiga qaraganda ko‘p vaqt lazaretda yotib qolmayapti va tezda tiklanib, jamoaga yordam beryapti. Umumiy hisobda, “Bavariya” safida 6 ta gol va 3 ta assist amalga oshirishga erishgan. Saneda hozir ham superyulduz bo‘lish imkoniyati yo‘q emas. Biroq klub “kattalari”dan bo‘lgan Karl-Xaynz Ryumenigge Xansi Flikka uning darajasini bundan-da, yuqoriga ko‘tarish vazifasini yuklagan. Germaniya terma jamoasi va “Bavariya”ning doimiy hamkorlik an’analarining davom etishini birgina shu misol bilan ham ko‘rishimiz mumkin. Xullas, uzoq kutilgan Sane bizning talqin bo‘yicha - omadli transfer!

leroy-sane-bayern-munich-2020-21_yzsub6bv8iun1baif2adzsm8l

#9: Mauro Ikardi. "Inter"dan PSJga (45 million funt)

O‘tgan mavsum PSJ tarkibida ijara asosida to‘p surgan argentinalik yulduz 30 uchrashuvda maydonga tushib, 24 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgach, parijliklar rahbariyati uni to‘liq sotib olishga qaror qildi. Buni qarangki, rasman sotib olinishi bilan Ikardida ketma-ket jarohatlar kuzatila boshladi va uning o‘tgan mavsumdagi sermahsulligi kuzatilmadi. Hozirda u jarohatdan tiklanish jarayonini boshdan kechirmoqda. Tiklangach, uning oldida jiddiy bir vazifa turibdi: yangi bosh murabbiy Maurisio Pochettinoning ishonchiga kirish. Buning uchun u o‘tgan mavsumdagi o‘yinini yana bir bor ko‘rsata olishi zarur. Hozircha, transfer haqida biron nima deyishimiz qiyin. Kuzatamiz.

48533769

#8: Tomas Parti. "Atletiko"dan "Arsenal"ga (45 million funt)

Yozgi transferlar oynasining so‘nggi kunlarida “Arsenal” “Atletiko” yarim himoyachisi Tomas Partini o‘z safiga qo‘shib olganligi bilan ko‘plab muxlislarni ajablantirdi. Bu transfer yuzasidan ikki klub rasmiylari kelishmovchilikka uchraganligi haqida ham xabarlar chiqdi. Bularning barchasi ortda qolgach esa, Parti londonliklar safida ajoyib o‘yinlarini boshladi. U o‘yinlarga moslashib ketishi uchun unchalik ko‘p vaqt ketmadi va jamoaning asosiy o‘yinchilaridan biriga aylandi. Biroq tig‘iz taqvim va ko‘p o‘yinlarda maydonga tushish oqibatida unda zo‘riqish va jarohatlar kuzatila boshladi. Jarohatlar sababli o‘yinlarni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘layotgan Tomasni tezroq qaytishini va jamoasiga yordam berishini tilab qolamiz. Jamoa yarim himoyasida haqiqiy tartib o‘rnata olgan futbolchi transferi esa o‘zini “deyarli” oqladi, deya olamiz; qolganiga mavsum davomida baho beramiz.

skysports-thomas-partey-arsenal_5119478

#7: Viktor Osimxen. "Lill"dan "Napoli"ga (45 million funt)

O‘tgan mavsum “Lill” tarkibida ajoyib o‘yinlari bilan barchaning e’tiborini o‘ziga qarata olgan Viktor Osimxenni Neapol klubi sezilarli summaga xarid qildi va unga ishonch bildirdi. Biroq, noyabr oyidagi terma jamoa yig‘inida elkasidan jiddiy jarohat olganidan buyon qahramonimiz o‘yinlarda ishtirok eta olmayapti va tiklanish ishlari bilan band. Yanvar oyida sog‘ayishi taxmin qilingan Viktor Osimxen “Napoli” safida jami 8 bahsda maydonga tushib, 2 ta gol urishgagina muvaffaq bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, ajoyib texnikaga ega bo‘lgan iqtidorli futbolchini rahbariyat sotib yubormoqchi emas. Gattuzoning rejalariga u kiritilgan, shu sababli uning qaytishini kutamiz. Transfer esa hozircha o‘zini oqlagani yo‘q.

victor-osimhen-gennaro-gattuso-napoli-atalanta-serie-a_1wxpicgxzpfk41r8t9ls7np96a

#6: Timo Verner. "Leyptsig"dan "Chelsi"ga (47,5 million funt)

Butun yoz davomida “Liverpul”ga o‘tishi aytilgan, biroq karantindagi moliyaviy inqiroz tufayli Mersisaydga emas, Londonga yo‘l olgan Timo Verner o‘tgan mavsum “Leyptsig”da ko‘rsatgani singari sermahsul o‘yin namoyish eta olgani yo‘q. Bunga sabab sifatida APL darajasi, tig‘iz taqvim va yana bir qancha sabablarni misol qilib keltirishimiz mumkin. Yoki Lempardning undan noto‘g‘ri pozitsiyada foydalanayotgani ham bunga sabab bo‘lishi mumkin. Nima bo‘lgan taqdirda ham, u o‘tgan mavsumdagi sermahsulligini takrorlay olmadi, yangi klubga moslashish jarayoni tugadi, endi u o‘zini ko‘rsatishi lozim. Hozircha, u “Chelsi” safida barcha musobaqalarda 41 bahsda maydonda tushib, 14 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi, xolos. Transfer esa o‘tgan mavsumdagiga qiyoslaganda o‘zini oqlamadi, umuman olib qaraganda esa, qisman oqladi. Kuzatamiz!

_methode_sundaytimes_prod_web_bin_dd70fd7a-f4f3-11ea-bba7-1287cd8be14a

#5: Ben Chiluell. "Lester"dan "Chelsi"ga (50 million funt)

Shaxsan o‘zimizga qolsa, aynan Chiluellni yozning eng omadli va yaxshi transferi sifatida e’tirof etardik. Bunga etarlicha sabablarimiz bor. Futbolchi yangi mavsumda “Chelsi”ning beqaror o‘yin ko‘rsatayotgan himoya chizig‘ida anchayin tartib o‘rnatibgina qolmay, gollarda ham ishtirok etib, jamoa natijalariga ta’sir ko‘rsatmoqda. Umumiy hisobda, birinchi davrada 5 ta gol va 2 ta assist amalga oshirgan angliyalik himoyachi o‘zining intervyularida afsonaviy Eshli Koulni ham ortda qoldirishni maqsad qilganligini aytgan. O‘ylaymizki, u mana shu darajasida o‘ynashda davom etsa, albatta maqsadiga erishadi.

48465013

#4: Miralem Pyanich. "Yuventus"dan "Barselona"ga (55 million funt)

Pyanich bir paytlar Evropaning va dunyoning eng yaxshi yarim himoyachilaridan biri bo‘lgan. Biroq, unda so‘nggi mavsumlarda xohlaydimi yo‘qmi, o‘yin darajasi pasayish holati kuzatildi. Sababi, uning yoshi 30 dan o‘tdi, jismoniy holat effekti baribir ta’sir etadi. Biroq shunday bo‘lsa-da, uning tajribasiga ishongan “Barselona” uni o‘z futbolchisi Arturga moliyaviy muammolarini kamaytirish maqsadida almashtirdi. Ammo bu transfer yuzasidan haligacha “Barselona” muxlislari rahbariyatga norozilik bildirmoqda. Boisi, hali bironta golda ishtirok etmagan va kamiga yoshi katta bo‘lgan futbolchidan foyda deyarli yo‘q edi. Shuning uchun ham, bu transferni o‘zini oqlamagan qaror sifatida baholaymiz.

2918124-59956448-2560-1440

#3: Ruben Diash. "Benfika"dan "Manchester Siti"ga (62 million funt)

“Manchester Siti” o‘zining ko‘p yillik himoyachisi Vensan Kompanini qo‘yib yuborganidan so‘ng, transfer oynasining oxirgi kunlarida uning o‘rniga munosib o‘rinbosar topdi va yirik summa evaziga uni xarid qildi. Qisqa muddat ichida Gvardiolaning ishonchiga kira olgan Diash o‘zining barqaror o‘yinlari va yuqori darajasi bilan Kompaniga munosib o‘rinbosar bo‘la olishini isbotlab qo‘ydi. Nihoyat, Pepning eng nozik nuqtasi bo‘lgan pozitsiyani kuchli qila oldi. Muxlislar uchun u allaqachon sevimliga aylanib ulgurgan, shu sababli transferni omadli, deya olamiz.

1280773336.jpg.0

#2: Artur Melo. "Barselona"dan "Yuventus"ga (66 million funt)

Faoliyatining gullagan davrida Ispaniyani tark etib, Italiyaga yo‘l olgan Artur yangi klubida ham o‘zini ko‘rsatishda davom etmoqda. To‘g‘ri, u gol ham, assist ham amalga oshira olmadi. Biroq, Pyanichga solishtirganda hamon uning bu erdagi kelajagi borasida yaxshi umidlar bor. U hali 24 yoshda; Pirloning rejalariga mos ravishda aniq paslar bera oladigan va kuchli futbolchi, shuningdek, himoyalanishda ham yaxshi o‘yin ko‘rsata oladi. Barchasi uning navbatdagi uchrashuvlarda ko‘rsatadigan o‘yinlariga bog‘liq. Hozircha, bu transferning kelajagi borasida fikr bildirish qiyin, lekin bosib o‘tgan yo‘liga keladigan bo‘lsak, bunga umid qilsa bo‘ladi. Aqlli, uzoqni ko‘zlab qilingan yurish.

16043453012478

#1: Kay Xaverts. "Bayer"dan "Chelsi"ga (70 million funt)

Vanihoyat, o‘tgan yozning eng qimmat transferiga ham etib keldik. “Chelsi” mavsumlar oralig‘ida yangi futbolchilar xaridi uchun butun Evropa miqyosida eng ko‘p pul sarflagan klub bo‘ldi. Azar va Morataning transferidan tushgan pullarga ushbu futbolchilarni sotib olgan “Chelsi” transfer oynasi yakunida eng katta transferni amalga oshirdi. Xaverts haqiqiy yosh iste’dod, “Bayer”da sovrinlarga chanqoq bo‘lib tarbiyalangan. “Chelsi”ga ham aynan shu maqsadda borib qo‘shildi. “Tumanli albion”ga bo‘lgan safar juda omadli chiqmagan bo‘lsa-da, juda fojiali ham chiqmadi. Birinchi davra davomida 2 tagina gol ura olgan futbolchi o‘ziga tikilgan pul va bildirilgan ishonchni oqlashi uchun 2-davra davomida to‘xtamay harakat qilishi lozim. Verner va Xavertsning taqdiri shunga bog‘liq, aks holda shunday iqtidorli yoshlarni “APL muhiti sindirdi” degan gap-so‘z tarqalishi hech gap emas.

kai-havertz-34-s-sf-

Abdulla Mannonov tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!