O‘zbekiston basketbol federatsiyasiga yangi rahbar saylandi

Bugun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston basketbol federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda federatsiyaga yangi rais saylash kun tartibidagi asosiy masala bo‘ldi.  

Tadbirda Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisining o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, Sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, Federatsiya mutasaddilari va uning hududiy vakillari, sport faxriylari ishtirok etishdi. 

Dastavval, boshqa ishga o‘tgani sababli O‘zbekiston basketbol federatsiyasi raisi lavozimida ishlab kelgan Ruslanbek Davletov o‘z xohishiga ko‘ra yozgan arizasi ko‘rib chiqildi va delegatlar tomonidan qanoatlantirildi. Shundan so‘ng yig‘ilish kun tartibidagi asosiy masalaga o‘tildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri Maxkamov Ilhom Rustamovichning nomzodi O‘zbekiston basketbol federatsiyasi raisi lavozimiga taklif etildi va konferentsiya ishtirokchilari  tomonidan bir ovozdan ma’qullandi. Shu tariqa Ilhom Maxkamov O‘zbekiston basketbol federatsiyasi raisi etib saylandi.

Ma’lumot uchun, Ilhom Maxkamov 1979 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Uzoq yillardan beri kommunal sohada, xususan, “O‘zkommunxizmat” agentligining bosh direktori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari axborot-tahlil departamenti mudiri ishlagan. 2021 yildan O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri lavozimida faoliyat yurityapti. 

Manba: MOQ

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!