O‘zbekiston gimnastika federatsiyasida navbatdan tashqari konferentsiya bo‘lib o‘tdi

Bugun O‘zbekiston gimnastika federatsiyasida (O‘GF) navbatdan tashqari konferentsiya bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi rasmiy sayti xabar tarqatmoqda.

Mazkur tadbirda federatsiyaning rahbariyati va hujjatlarni yuritish masalalari, shuningdek, 2020 yil uchun mo‘ljallangan sport tadbirlarining taqvim rejasi hamda federatsiyaning faxriy tarkibini ko‘rib chiqish kun tartibining asosiy masalalari bo‘ldi. Unda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Kasimov, MOQ prezidenti maslahatchisi Nazirjon Xudoyqulov, O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Ruslan Mustaev va federatsiya vakillari ishtirok etishdi.

Konferentsiya ishida federatsiya direktori G.V. Izrailbekova so‘zga chiqib, o‘z faoliyati davomida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi, hukumat qarorlari, me’yoriy hujjatlarga amal qilinishini ta’kidladi. Bundan tashqari ijro intizomi hukumat topshiriqlarining o‘z vaqtida yuqori darajada bajariladigan jihat ekaniga to‘xtalib o‘tildi.

Tadbir davomida nafaqat O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi, balki hududiy bo‘linmalar faoliyatida ijro intizomiga so‘zsiz rioya etish, belgilangan vazifalar va topshiriqlarni o‘z vaqtida sifatli bajarish, joylarda qat’iy tartib va intizomni ta’minlash zarurligiga e’tibor qaratildi. Shuningdek, federatsiyaning hududiy bo‘linmalar vakillari delegatlarni joylarda amalga oshirilgan ishlar, sport bazalarining texnik holati va jihozlanishi bilan tanishtirishdi.

Federatsiya boshqaruvi 2018 yil mart oyidan beri O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ruslan Bulatovich Mustaev qo‘lida bo‘lib turgandi. Bugungi konferentsiyada O‘GF a’zolari Ruslan Mustaevni federatsiya raisi vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat olib borishini tasdiqlashdi.

Shundan so‘ng konferentsiya delegatlari tomonidan sportchilar va ularning murabbiylarini tuman, mintaqaviy va Respublika sport tadbirlaridagi ishtirokini legallashtirishga doir umumiy masalalar muhokama qilindi.

Konferentsiya yakunida federatsiya faxriy a’zolariga sertifikatlar topshirildi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!