O‘zbekiston yana bir yirik kompleks sport musobaqasiga mezbonlik qilmoqchi

Sir emaski, o‘zbek sportchilari xalqaro musobaqalarda doimo yuqori natijalarni qayd etib kelishadi. O‘z navbatida mamlakatimiz ham bir qator yirik xalqaro sport musobaqalariga an’anaviy mezbonlik qilib kelmoqda. Kelajakda kompleks sport musobaqalarini ham qabul qilish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, o‘tgan yili Indoneziyada o‘tgan Osiyo o‘yinlaridan keyin Prezidentimizning tashabbuslari asosida 2030 yilgi Osiyo o‘yinlariga mezbonlik uchun keng ko‘lamli ishlar olib borilyapti.

Bugun Toshkentda “Osiyo bolalari” o‘yinlari Xalqaro qo‘mitasining Ijroqo‘m yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir doirasida O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi va “Osiyo bolalari” o‘yinlari Xalqaro qo‘mitasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tabiiyki, unda ko‘tarilgan asosiy masala yurtimizning mazkur musobaqaga mezbonlik qilishi borasida muzokara olib borish bo‘ldi.

Ushbu yig‘ilishda Osiyo Olimpiya Kengashi vitse-prezidenti, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov va MOQ rahbariyati, shuningdek, “Osiyo bolalari” o‘yinlari Xalqaro qo‘mitasining prezidenti boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.

Avvalambor, taklifimizni nazardan qochirmasdan yurtimizga tashrif buyurganingiz uchun uchun tashakkur. O‘zbekiston kelajakda ko‘plab xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilishni ko‘zlamoqda. Buning uchun etarli sport ob’ektlari ham barpo etilyapti. Prezidentimiz tashabbusi bilan 2030 yilgi Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilish borasida katta ish boshladik. 2028 yili o‘tkaziladigan yozgi “Osiyo bolalari” o‘yinlarini O‘zbekiston yuqori saviyada tashkil qilishga qodir, deb o‘ylayman. O‘sha davrga borib, buning uchun qanday talablar kerak bo‘lsa, barchasi bizda muhayyo bo‘ladi. Qolaversa, Osiyo o‘yinlaridan avval bu musobaqa biz uchun o‘ziga xos tayyorgarlik bo‘lib xizmat qiladi”, – dedi Umid Ahmadjonov.

Shuningdek, “Osiyo bolalari” o‘yinlari Xalqaro qo‘mitasi rahbari Dmitriy Glushko ham bu borada o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

“O‘z navbatida men ham sizning taklifingiz va bizni iliq kutib olganingiz uchun rahmat aytib qolaman. Ma’lumki, “Osiyo bolalari” o‘yinlari ham yirik kompleks musobaqalardan biri hisoblanadi. Unda bir emas, ko‘plab sport turlari bo‘yicha bellashuvlar bir vaqtning o‘zida o‘tkaziladi. Shu bois ham uni o‘tkazish va yoritish borasida o‘zgacha yondoshuv kerak. Musobaqaga mezbonlik borasidagi bizning barcha talab va dasturlarimizni sizlarga taqdim etamiz. O‘ylaymanki, O‘zbekiston bunday musobaqani qabul qilishga qodir”, – dedi Dmitriy Glushko.

Yig‘ilish davomida har ikki taraf o‘rtasida kelajakda o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, musobaqani o‘tkazish borasida qanday ishlar amalga oshirilishi yuzasidan mulohazalar yuritildi.

Ma’lumot uchun, “Osiyo bolalari” o‘yinlari 4 yilda bir marta o‘tkaziladi. 2020 yili Mo‘g‘iliston mazkur musobaqani qabul qilsa, 2024 yili u Rossiyaning Yakutsk shahrda bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston esa 2028 yili bo‘lib o‘tadigan musobaqa mezbonligi uchun da’vogarlik qilish niyatida.

Manba: MOQ

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!