Parij-2024 mash’alasining taqdimoti o‘tkazildi

Olimpiya mash’alasi har bir O‘yinlarning ajralmas qismlaridan bo‘lib, Parij-2024 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarining tashkiliy qo‘mitasi bo‘lajak musobaqaning mazkur ramzini namoyish qildi. Mezbonlar mash’ala dizaynini yaratishda quyidagi 3 yo‘nalishga katta ahamiyat qaratishgan: tenglik, suv va tinchlik.

1. Mash’ala 2 qismdan iborat bo‘lib, ustki va ostki tomonlari ayni bir xil uzunlikda. Shuningdek, bu tushuncha gender tenglikni ham anglatib, Olimpiadalar tarixida aynan Parij-2024 da erkak va ayol atletlarning soni teng miqdorga keltirilganiga ham ishora qilinadi.

2. Rejaga ko‘ra, mash’ala estafetasi O‘rta Er dengizi atrofidagi ko‘plab hududlarni o‘z ichiga oladi. Qolaversa, suv insoniyat uchun tiriklik ramzi. Boshqa bir jihatdan, musobaqa ochilish marosimi ilk bor Sena daryosida, ya’ni suv ustida o‘tkazilishiga ham ishorani uchratish mumkin.

3. Shubhasiz, Olimpiya o‘yinlari – bu tinchlik ramzi. Har bir O‘yinlar davomida tashkiliy qo‘mita bu yo‘nalishni turli ramzlar bilan ifodalashga urinadi. Bu mash’ala ham Er yuzidagi insonlar va millatlarni ushbu g‘oya ostida birlashtirishini ifodalaydi.

Eslatib o‘tamiz, Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlari kelasi yilning 26 iyul - 11 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.

Manba: MOQ

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!