"Real" bugun chempion bo‘lsa, nishonlamaydi! Sababi...

Madridning "Real" klubi bugun La Liga chempionligini nishonlamoqchi emas. Bu haqda AS nashri xabar tarqatmoqda.

“Qirollik klubi” bugun o‘z maydonida “Kadis”ni qabul qiladi. Agar Anchelotti shogirdlari ushbu bahsda g‘alaba qozonsa va "Barselona" "Jirona" bilan o‘yinda ochko yo‘qotsa, jamoa muddatidan oldin chempionlikni aniq qilib ulguradi.

Ushbu stsenariy amalga oshgan taqdirda, "Real" bayramni keyinga qoldiradi, chunki madridliklar butun diqqatini UEFA Chempionlar Ligasi yarim finalidan o‘rin olgan "Bavariya"ga qarshi javob o‘yiniga qaratgan. Myunxenda bo‘lib o‘tgan birinchi o‘yinda jamoalar 2:2 hisobida durang qayd etishgan edi.

“Real” – “Bavariya” bahsi 9 may kuni bo‘lib o‘tadi. Ushbu o‘yin Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da start oladi.

“Qaymoqranglilar” 33 turdan so‘ng La Liga musobaqa jadvalida 84 ochko bilan 1-o‘rinda bormoqda. Ularning eng yaqin ta’qibchisi “Barselona” hisobida 73 ochko mavjud.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!