"Roland Garros". Bir kunning o‘zida 2 ta sensatsiya qayd etildi

  • 4 oktabr, 2020, 02:10
  • 0
  • Tennis

"Roland Garros" turnirining ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarida ham kuchlilar nomi tobora aniqlashib bormoqda. Asosiy bahslarning navbatdagi kunida bir qator kutilmagan natijalar qayd etildi.

Musobaqaning 4-tartib raqam ostida saralangan tennischisi Sofiya Kenin 4-bosqich masalasini juda oson hal qildi. Ruminiyalik Irina Barani mag‘lubiyatga uchratgan amerikalik sportchi 6:2, 6:0 hisoblarini qayd etdi. Qiziqarli tarafi, ushbu uchrashuvda har ikki sportchi ham birorta eys ijro eta olmadi.

Chexiyalik Petra Kvitova ishonchli hisobda g‘alabaga erishgan holda, ushbu bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tib oldi. Kanadalik Leyla Anni Fernandesga qarshi kortga chiqqan Kvitova birinchi setda biroz qiynalganini e’tirof etish joiz. Ammo ikkinchi setni nisbatan xotirjamlik bilan yutib olgan chexiyalik tennis malikasi turnirdagi yurishini davom ettirish huquqini qo‘lga kiritdi. Yakuniy hisob: 7:5, 6:3.

8-tartib raqam ostida saralangan belarus vakilasi Arina Sobolenko kutilmaganda "Roland Garros"ni tark etdi. Qolgan tennischilarga qaraganda kattaroq qiyinchilikka duch kelgan Arina tunislik Uns Jabir qarshiligini sindira olmadi. Reytingda yuqori pog‘onada turuvchi raqibini 3 setda, 7:6 (9:7), 2:6, 6:3 hisobida mag‘lub etgan tunislik sportchi 4-bosqichga yo‘l oldi.

Kunning yana bir sensatsion natijasi germaniyalik Laure Zigemund hamda xorvatiyalik Petra Martich o‘rtasida kechgan bahsda qayd etildi. Unda yana bir saralangan raketka ustasi Petra Martich 3 setda imkoniyatni boy berdi. Yakuniy hisob: 6:7 (5:7), 6:3, 6:0.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!