"Roland Garros". Teng kuchli juftliklar, kutilgan natijalar!

  • 6 oktabr, 2020, 01:37
  • 0
  • Tennis

"Roland Garros" turnirining ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarida ham kuchlilar nomi tobora aniqlashib bormoqda. Asosiy bahslarning navbatdagi kunida ham asosan kutilgan natijalar qayd etildi.

Musobaqada o‘z yurishini davom ettirayotgan favoritlardan biri amerikalik Sofiya Kenin mezbonlar sharafini himoya qilayotgan Fiona Ferroga qarshi kortga chiqdi. Autsayder maqomidagi raqibasiga dastlabki setni boy bergan okeanorti vakilasi keyingilarini o‘z nomiga yozdirib qo‘yish uchun o‘zida kuch topa oldi. Yakuniy hisob: 2:6, 6:2, 6:1.

Yana bir saralangan raketka sohibasi chexiyalik Petra Kvitova ham chorak final chiptalarini naqd qildi. Xitoylik Chjan Shuayga qarshi kortga chiqqan turnirning 7-tartib raqam ostidagi raketkasi bahs taqdirini 2 setda, nisbatan oson hal qildi. Bellashuv Kvitovaning 6:2, 6:4 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

Teng kuchli tennis malikalari bahsi sifatida qaralgan germaniyalik Laura Zigemund hamda ispaniyalik Paula Xibert uchrashuvi ham 2 set davom etdi. Unda raqibasiga qaraganda kuchliroq o‘yin ko‘rsatgan nemis tennischisi 7:5, 6:2 hisobida g‘alaba qozondi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!