Ro‘ziqul Berdiev Abdixoliqovdagi muammo, tarkibdagi yo‘qotishlar va "Andijon"ga qarshi o‘yin haqida gapirdi

Superliga 3-turidan o‘rin olgan "Nasaf" hamda "Qizilqum" jamoalari o‘rtasidagi o‘yindan (2:1) so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
 
"O‘yin og‘ir o‘tishiga o‘zimiz sababchimiz. Birinchi bo‘lim to‘liq nazoratimiz ostida o‘tdi, ammo 60-daqiqadan so‘ng tizgin mehmonlarga o‘tdi. Ba’zi vaziyatlarda so‘nggi uzatma, ayrimlarida so‘nggi zarbani berishda kechikdik. Agar, ushbu holatlardan foydalanganimizda, yaxshi bo‘lardi.
 
Da Silvani maydondan olish orqali maydonga yangi kuchlarni tashlashni maqsad qilgan edik. Ular qarshi hujumlardan yaxshi foydalanishini kutgan edik. U ko‘p vaziyatlar yaratdi, Marushichda ham, Viktorda ham o‘ta qulay imkoniyat bo‘ldi.
 
Abduxoliqovning muammosi ruhiyat bilan bog‘liq. Undan talab qilinayotgan narsa bajarilmayapti va bosim bilan harakat qilyapti. Buni engib o‘tish uchun bitta to‘p kiritib olish lozim. Boburda etarlicha qobiliyat bor va umid qilamanki, tez fursatda ushbu holatdan chiqib keta oladi.
 
"Andijon"ga qarshi bahs to‘la stadion va ajoyib atmosferada o‘tishini tasavvur qilyapman. "Burgutlar" ikki yildan buyon deyarli bir xil tarkibda harakat qilishmoqda va o‘yinlari ham yaxshi shakllangan. Uchrashuvga qiziqish yuqori bo‘lishi aniq.
 
So‘nggi bahslarda biz raqibga ham ochilib o‘ynash imkoniyatini bermoqdamiz. Boisi, tarkibimizda tezkor futbolchilar mavjud va qarshi hujumlardan unumli foydalanish mumkin. Ko‘p yillar davomida biz hujum qilib, raqib jamoa himoyalanganda yorib o‘tish qiyin bo‘lardi. Shuning uchun, ba’zi narsalarni o‘zgartirdik.
 
2:0 hisobi futboldagi eng yomon hisob. Bu futbolchilarning ruhiyatiga ta’sir qiladi. To‘p o‘tkazib yuborganimizdan so‘ng himoyada biroz sarosima boshlandi. Ayni shu sababli, hisobni saqlab qolishga intildik. Qarshi hujumda aniqroq harakat qilganimizda, rejamiz to‘liq amalga oshgan bo‘lardi. O‘yin esdan chiqadi, ammo natija qoladi.
 
Jo‘rabekov hamda Shulayaning qanotdagi o‘yinlaridan xabarimiz bor edi. Ular bellashuv so‘nggiga qadar faol bo‘lishdi. Bunga Muhiddinov hamda Bozorovning charchab qolgani sabab bo‘ldi. Oybek bir oydan buyon ilk bor maydonga tushdi va jismoniy jihatdan to‘liq tayyor emasligin bilar edik. Rahmatov kutilmaganda o‘zini zaxiraga olishni so‘rashi sababli Nasrullaevni maydonga tushirdik. Shu sababli chap qanot himoyada qiynaldik.
 
Kenjaboev so‘nggi muolajalarni olib bo‘ldi va ertadan umumiy guruhga qo‘shiladi. Umid qilamanki, "Andijon" bilan bellashuvga qadar safga qaytadi.
 
Nasrullaev esa deyarli uch oy maydonga tushmadi. Uning yo‘qligi sababli ko‘p narsalarni o‘zgartirishga majbur bo‘lyapmiz. Uchta markaziy himoyachi bilan o‘ynayapmiz. Hujumda yaxshi o‘ynadi, himoyada esa kurashlarda o‘yin amaliyoti yo‘qligi sezilib qoldi. Yuzaga kelgan tanaffusdan unumli foydalanib, ularni yaxshi holatga keltirishga ulguramiz, deb o‘ylayman.
 
Rahmatov olimpiya termasidan, Abdurahmatov, Ne’matov va Abduxoliqov esa milliy terma jamoadan chaqiruv olgan. Ular 28 fevral kuni jamoaga qaytishadi. Biz esa 30 mart sanasida o‘ynaymiz. Qolgan futbolchilar bilan "Andijon"ga qarshi uchrashuvga tayyorlanamiz.
 
Rahmatovni Turkiyadagi yig‘in davomida qanotda sinab ko‘rdik. Sababi, qanot himoyasida muammolar bor edi. Abdurahmatov termada edi, Muhammadiev esa jarohatda. Murod tezkor, to‘p bilan yaxshi muomala qiladi, tez charchab qolmaydi. U bu raqobatda markazda ham o‘ynashi mumkin. Bunga shubham yo‘q. Beshta bellashuvda maydonga tushgan bo‘lsak, u barchasida ajoyib harakat qildi va bejizga terma jamoadan taklif olmadi", - dedi "ajdarlar" ustozi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Азимов Хасанбой
16/03/2024 23:51
Терма жамоадан 2025 йил 28 февралда кайтишадими? ёки тепада сана нотугри ёзилганми?
&
17/03/2024 00:36
Кеча кор екканига февраль деб уйлашибдида