Sensatsion greklar va «jangari» islandlar! Evropa chempionatini «yondirgan» o‘yinlarni yodga olamiz!

  • 11 iyun, 2021, 16:08
  • 0
  • Futbol

SPORTS.uz 1960 yildan beri tashkil etilib kelinayotgan qit’a birinchiligi tarixiga nazar tashlaydi. Bugun musobaqada qayd etilgan eng sensatsion uchrashuvlar haqida so‘z boradi. Bu bahslarning aksariyati yodingizdan ko‘tarilgan bo‘lsa ajab emas. Keling, yaqinlashib kelayotgan «ko‘hna qit’a» karnavali oldidan shirin xotirlar bilan o‘rtoqlashsak.

Niderlandiya - Rossiya 1:3 (Evro-2008, 1/4 final)

Marko Van Basten shogirdalari musobaqada g‘olib chiqish uchun asosiy da’vogar bo‘lishiga qaramay, chorak finalda to‘xtatiladi. Bunga Gus Xiddink va Andrey Arshavin ulkan hissa qo‘shgan. Shu kunga qadar rus futbol muxlislari o‘sha bahsni terma jamoa ishtirokidagi barcha zamonlardagi eng yaxshisi deb hisoblaydi. Rossiya ilk bor yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritish maqsadida 120 daqiqa to‘p suradi va yakunda g‘alabani ilib ketadi. Bu o‘yinni Georgiy Cherdantsev sharhida tomosha qilish kishiga ikki hissa ko‘proq zavq beradi. 10 daqiqa vaqt ajrating! Sira afsuslanmaysiz!

Angliya - Islandiya 1:2 (Evro-2016, 1/8 final)

Futbol vatani va sayyoramizning eng kuchli ichki birinchiligi egasi sanalgan Angliya "muzlar mamlakati"dan kelgan futbolchilarga mag‘lub bo‘lgani ko‘pchilikni hayron qoldirgani rost. E’tiborlisi shundaki, bahs inglizlarning katta ustunligi bilan boshlandi. 4-daqiqadayoq Runi hisobni ochdi, ammo 14 daqiqa ichida Islandiya vaziyatni o‘zgartirib yubordi. Sigurdsson va Kolbeyn urgan gollar Angliyani turnirdan chiqarib yubordi. Roy Xojson esa, match yakunlashi bilan iste’fo berdi.

Frantsiya - Gretsiya 0:1 (Evro-2004, 1/4 final)

Portugaliya yashil maydonlarida o‘tgan musobaqa to‘liqligicha yunonlarga bag‘ishlangan desak, adashmagan bo‘lamiz. Frantsiya bilan bahsga qadar, barcha Gretsiyaning g‘alabalarini tasodifga yo‘ydi. Anri va Zidan qanchalar urinmasin, o‘sha kuni Xaristeasdan boshqa futbolchi «porlagani» yo‘q.

Belgiya - Uels 1:3 (Evro-2016, 1/4 final)

Uels futboli tarixidagi eng ulkan g‘alaba qayd etilgan bahs haqida alohida to‘xtalib o‘tishimiz shart. 58 yillik tanaffusdan so‘ng, Garet Beyl boshchiligidagi «ajdarlar» katta forumda ishtirok etdi. Nainggolan kiritgan super goldan so‘ng, 99 foiz muxlislar yulduzli Belgiyaning navbatdagi gollarini kutgani aniq. Shunga qaramay, o‘sha oqshom uchun Uelsning o‘z rejasi bor edi. Uilyams, Robson-Kanu va zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Vokus Eden Azar va jamoadoshlarini chuqur nokautga uchratadi.

Belgiya - Turkiya 0:2 (Evro-2000, guruh bosqichi)

«Bu g‘alaba Turkiya futbolidagi eng ulkan natijalardan biri. 77 yil ichida ilk bor, katta musobaqaning pley-off bosqichiga yo‘l oldik».
Darhaqiqat, Mustafa Denizli aytganidek, turklar Belgiyaga qarshi o‘yinda futbol tarixida yangi sahifa ochdi. O‘yindagi ikki golga ham Hoqon Shukur mualliflik qildi. Ilk 2 turda bir ochko jamg‘arganiga qaramay, jamoa o‘zida kuch topdi va so‘nggi bahsda iroda ko‘rsatdi. Belgiya esa, o‘sha bahsdan so‘ng, ruhiy tushkunlikka tushib qoladi.

Niderlandiya - Daniya (Evro-2012, guruh bosqichi)

«Lolalar yurti»ga qarshi bahs oldidan, Daniya yaqqol autsayder edi. Yaqindagina JCh finalida to‘p surgan niderlandlar yo‘lidan chiqqan barchani «yanchib» tashlashga tayyordek ko‘rindi, ammo yakunda hammasi o‘zgacha bo‘lib chiqdi. Kron-Deli urgan gol o‘yinda yagona bo‘lib qoldi. Musobaqani sensatsion g‘alaba bilan boshlaganiga qaramay, Daniya guruhda qolib ketdi.

MDX - Shotlandiya 0:3 (Evro 1992, guruh bosqichi)

Bu paytga kelib, sobiq sovet davlati deyarli parchalanib bo‘lgan edi. Shunga qaramay, ushbu yurt sharafini himoya qilish uchun futbol jamoasi turnirga tashrif buyurdi. Shotlandiya MDXga qarshi o‘yindan avval Germaniya va Niderlandiyaga engilgan edi. 3-turda musobaqada debyut qilgan shotlandlar yaqin o‘tmishning eng kuchli termalaridan biri darvozasiga 3 gol kiritadi. Guruhdan chiqishni uddalay olmagan bo‘lsada, Shotlandiya eshiklarni qattiq yopib ketadi. MDX terma jamoasi esa, ko‘p o‘tmay tugatiladi.

Ukraina - Shimoliy Irlandiya 0:2 (Evro-2016, guruh bosqichi)

«Futbol o‘ynashni hamma o‘rganib oldi» jumlasi to‘liq mos tushuvchi yana bir o‘yinni yodga olamiz. Shimoliy Irlandiya anchagina kuchli tarkib bilan turnirga tashrif buyurgan Ukrainaga hech qanday imkon qoldirmadi. Shu tariqa, ular ulkan musobaqalardagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Ukraina esa, omadsizlikka uchrab guruhda qolib ketdi. Maykl O’Nil shogirdlari guruhdan chiqibgina qolmay, barchada yaxshi taassurot qoldirishni uddaladi.

Portugaliya - Gretsiya 1:2 (Evro 2004, final)

2004 yilning yozida Gretsiya barcha-barchaning futbol haqidagi qarashlarini o‘zgartirib yubordi. Taktika va strategiya olami vakillari boshni changallab qoldi. Qizig‘i shundaki, greklar Portugaliya bilan turnir davomida ikki bor to‘qnash keldi va ikkisida ham g‘alaba qozondi. Ayniqsa, final bahsidagi natija futbol olamini titratib yubordi. Shu kunga qadar, birorta terma jamoa Gretsiya singari kutilmaganda taxtga ko‘tarilishni uddalay olmagan. Ayrim muxlislar Daniya termasining o‘tgan asrda amalga oshirgan «mo‘’jizasi» haqida fikr bildirishi mumkin, ammo u jamoaning Laudrup singari super yulduzlari bo‘lgan. Yunonlar esa, kamtarin tarkib bilan butun Evropani tiz cho‘ktirgani 50-60 yil davomida o‘z qadrini yo‘qotmasa kerak.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!