Sentyabr va oktyabr oyida tashkil qilinuvchi professional boks olamidagi super janglar bilan tanishing!
Joriy yilning kuz oyi professional boks ixlosmandlari uchun super janglarni taqdim etadi.
Ya’ni, sentyabr, oktyabrda jahonning eng ko‘zga ko‘ringan professional bokschilari o‘z janglarini o‘tkazadi.
Albatta, ular orasida bir qator chempionlik janglari o‘rin olgan. Quyida, biz ushbu oyda tashkil qilinadigan e’tiborga molik, chempionlik janglar ro‘yxatini taqdim etamiz.
10 sentyabr - AQSh
Oskar Valdes (29-0, 23KO) – Robson Kanseysau (16-0,8 KO)
Ikkinchi yarim engil vazn (58, 967 kg) toifasida WBC chempioni meksikalik Oskar Valdes, reytingda 14-o‘rinda qayd etilgan Braziliya vakili Robson Konseysauga qarshi o‘z titulini himoya qiladi. Braziliyalik bokschini yaxshi taniysiz, u 2015 yilgi jahon chempionatida Rio Olimpiadasi yo‘llanmasi uchun jangda Elnur Abduraimovga imkoniyatni boy bergandi. Biroq, mezbon sifatida ushbu to‘rt yillikning nufuzli turnirida ishtirok etgan Robson hamyurtimiz Xurshidbek Tojiboevni mag‘lub etgan va keyingi bosqichlarda ham raqiblarini engib, Olimpiada chempioniga aylangan edi. Xullas, ikki mag‘lubiyatsiz odimlayotgan charmqo‘lqop ustalarining jangi muxlislarni befarq qoldirmasa kerak.
25 sentyabr – Buyuk Britaniya
Entoni Joshua (24-1,22 KO) - Aleksandr Usik (18-0,13 KO)
Shubhasiz, ushbu jangni barcha orziqib kutayotganligi aniq. Eng og‘ir vazn (+90, 7 kg) toifasida IBF, WBO, WBA, IBO chempioni Joshua o‘z vatanida ukrainalik super jangchi Aleksandr Usikdan o‘z kamarlarini himoya qiladi. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, britaniyalik bokschi IBF, WBO, WBA chempioni sanalsa, da’vogar Usik IBFda 3-o‘rin, WBOda 1-o‘rin va WBAda 4-o‘rinda qayd etilgan.
5 oktyabr – AQSh
Teofimo Lopes (16-0,12 KO) – Jorj Kombosos (19-0,10 KO)
Engil vazn (61, 2 kg) toifasidagi ushbu jang WBC, IBF, WBO, WBA chempionlik kamarlari uchun o‘tkaziladi. Lopes bu vaznda barcha kamarlarni amaldagi sohibi hisoblansa, avstraliyalik Kombosos IBF reytingida 1-o‘rinda, WBAda 11-qator, WBOda 2-o‘rin va WBCda ham 11-pog‘onani egallab turibdi. Tabiiyki, ushbu to‘qnashuv ham ajoyib ko‘rinish oladi.
9 oktyabr – AQSh
Tayson Fyuri (30-0-1,21 KO) –Deontey Uaylder (42-1-1, 41 KO)
Bu jangga ham bo‘lgan qiziqish juda yuqori ekanligini ta’kidlab o‘tish joiz. Sababi, bu ularning uchinchi bahsidir. Dastlabkisida jangovar durang qayd etilgan bo‘lsa, ikkinchisida Fyuri raqibini texnik nokaut bilan mag‘lub etgandi.
Albatta, ushbu jang ham chempionlik uchun bo‘ladi. Ya’ni, o‘rtaga eng og‘ir vazn ( +90, 7 kg) toifasidagi WBC chempionlik kamari tikilgan. Bu titulning amaldagi sohibi esa britan bokschisi Tayson Fyuri hisoblanadi.
23 oktyabr – AQSh
Jamal Xerring (23-2, 12 KO) – Shakur Stivenson (16-0,8 KO)
Yana bir ikkinchi yarim engil vazn (58, 967 kg) toifasidagi chempionlik jangi yuqorida zikr etilgan ikki iste’dodli charmqo‘lqop ustalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.
Ya’ni, Xerring o‘ziga tegishli bo‘lgan WBO chempionlik kamarini vatandoshi AQSh vakili Shakur Stivensondan himoya qiladi.
Xullas, biz sentyabr hamda oktyabr oylarida mana shunday qiziqarli o‘tishi kutilayotgan janglarning guvohiga aylanamiz. Albatta, bu hozirga qadar rasman aniq bo‘lgan janglar ro‘yxati. Yana kim biladi, deysiz? Ehtimol, yana shunday shiddatli janglar ushbu oylardan o‘rin olar...
Voqealar rivojini kuzatib boramiz!
Fikrlar