The GOAT. Ronaldu – birinchi, Messi esa ikkinchi (Erkinjon G‘aybullaev blogi)

  • 3 aprel, 2020, 17:00
  • 0
  • Futbol

Marca nashrining so‘rovnomasi natijalari bilan tanishing.

Ronaldu and Messi

Ispaniyada “GOAT” sovrini uchun so‘rovnomalar bir necha yildan beri o‘tkaziladi. GOAT so‘zi “Barcha davrlarning eng buyugi” (“Greatest off all time”) so‘zining abbreviaturasi hisoblanadi. Marca nashri intrigaga ega mini-turnir o‘tkazadi. Futbol tarixidagi eng kuchli futbolchilardan 16 tasi saralab olinib, o‘quvchilar ovoziga ko‘ra ular ichidan eng kuchlisi g‘olib deya e’lon qilinadi.

So‘rovnomada bir yarim millionga yaqin o‘quvchilar qatnashdi. Marca nashri Madridniki ekanligini hisobga olsak, “Real” muxlislari kattaroq auditoriyani tashkil etadi.

Nimchorak finaldan boshlanadigan bu turnir, chorak final, yarim final va finaldan iborat. Biz hozir sizga o‘sha mini-turnir natijalarini havol etmoqchimiz.

Nimchorak final

Lionel Messi vs Ferents Pushkash = 78% ga 22 %. “Real”ning afsonasi ustidan Messi osongina g‘alabaga erishdi. Yoki “Barselona” muxlislari o‘z sevimli futbolchisini qo‘llab-quvvatlash uchun yaxshiroq harakat qilishdi, yoki “qaymoqranglilar” muxlislari sevimli jamoasi tarixini yaxshi bilishmaydi.

Eysebio vs Alfredo Di Stefano = 17% ga 83 %. Di Stefano ham Eysebio ustidan katta foizlar evaziga g‘alaba qozondi. Demak, Di Stefanoni hali ham yoddan chiqarishmagan.

Frants Bekkenabuer vs Ronaldo = 17% ga 83%. Bekkenbauer “Barselona” va “Real”ning sobiq futbolchisi bilan raqobatda yutqazdi. Ronaldo barcha uchun sevimli futbolchi edi. Shuning uchun unga ovoz ko‘proq berilgan.

Mishel Platini vs Pele = 8% ga 92%. 3 karra “Oltin to‘p” sohibi futbol qiroliga munosib raqib bo‘la olmadi. Pele futbol olamida o‘z o‘rniga ega. Platini ham futbolchilik faoliyatida etarlicha shon-shuhratga erishgan bo‘lsa-da, undan keyingi faoiyatidagi mashmashalar sabab kam ovoz to‘plagan bo‘lishi mumkin.

Diego Maradona vs Ronaldino = 60% ga 40%. Birinchi raunddagi super to‘qnashuv.

Lev Yashin vs Yoxan Kroyf = 8% ga 92%. Yashin top 16 likka kirishga haqli edi. Ammo nimchorak finaldayoq unga futbol tarixida o‘z nomini o‘chmas qilib qoldirgan Kroyf raqib bo‘ldi. So‘rovnoma natijasini esa ko‘rib turibsiz.

Zinedin Zidan vs Jorj Best = 82% ga 18%. Jorj Best ko‘pchilik futbol ishqibozlariga juda tanish. Ammo futbolchilik faoliyatida ham, murabbiylik faoliyatida ham muvaffaqiyatga erishgan Zidan bilan raqobatda yutqazishi aniq edi.

Paolo Maldini vs Krishtianu Ronaldu = 27% ga 73%. Bu juftlikda portugaliyalik futbolchi yana ham ko‘proq ovoz bilan g‘olib bo‘lishi mumkin edi.

Chorak final

Lionel Messi vs Alfredo Di Stefano = 70% ga 30%. Messi Pushkashdan so‘ng yana bir “Real” afsonasini musobaqadan chiqarib yubordi.

Ronaldo vs Pele = 53% ga 47%. Ikkala braziliyalik futbolchi o‘rtasidagi qiziq to‘qnashuv. Ronaldo futbol qiroli ustidan g‘alaba qozondi. Bunga sabab, Pele butun faoliyatini okeanning narigi qismida o‘tkazgani. Ronaldoni esa juda ko‘plab futbol muxlislari qanday natijalarga erishganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishgan.

Diego Maradona vs Yoxan Kroyf = 67% ga 33%. Maradona Kroyf ustidan ishonchli g‘alaba qozondi. Juda ko‘p muxlislar uni futbol tarixidagi eng yaxshi futbolchilardan biri deb hisoblashadi.

Zinedin Zidan vs Krishtianu Ronaldu = 44% ga 56%. Qiyin tanlov. Ayniqsa “Real” muxlislari uchun. Lekin portugalik futbolchi bu juftlikda g‘olib bo‘ldi.

Yarim final

Lionel Messi vs Ronaldo = 52% ga 48%. Bu juftlikda 6 karra “Oltin to‘p” sohibi g‘olib bo‘lishi aniq edi.

Diego Maradona vs Krishtianu Ronaldu = 41% ga 59%. Finalda ikkita argentinalikni ko‘rmaydigan bo‘ldik. Ronaldu Maradonani musobaqadan chiqarib yubordi.

Final

Lionel Messi vs Krishtianu Ronaldu = 46% ga 54%.  Albatta, bunday finalni hamma kutgandi. Avvaliga Messi 60% lik natija bilan oldinda borayotgan edi. Ammo so‘rovnomaning ikkinchi qismida vaziyat o‘zgarib ketdi. GOAT Ronalduga nasib etdi. Portugaliyalik futbochiga 246 ming kishi ovoz bergan bo‘lsa, Messiga 209 ming kishi ovoz berdi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!