"To‘g‘ri, Abramovda ayb bor, ammo boshqalar ham o‘zidan qidirsin. Terma jamoamizni ispaniyaliklarga berish kerak, chunki..." - Dilshod Nuralievdan jiddiy munosabat

  • 21 iyun, 2021, 23:04
  • 1
  • Futbol

O‘z vaqtida o‘smirlar terma jamoamizni Osiyo chempioni qilgan jahon chempionatiga olib chiqqan Dilshod Nuralievning ham futbolda o‘z qarashi va imzosi bor. Ya’ni, uning ham o‘ziga yarasha fikri hamda munosabati shakllangan. Shuni inobatga olgan holda mutaxassis milliy terma jamoamiz va uning atrofidagi vaziyatga baho berdi.

Milliy termamizning muvaffaqiyatsizligi xususida

- Terma jamoamizning bunday natijasi kecha boshlanib qolgan emas. Balki Kuper paytida yoki undan avval boshlandi, deyish mumkin va hozirgi holatga borib taqaldi. Oldingi intervyularimdan birida ham aytgandim, Ravshan Haydarov 2018 yili olimpiyachilarimiz bilan Osiyo chempioni bo‘lgandi. Finalda Vetnamni 2:1 hisobida yutganmiz. O‘shanda biz uchun katta qo‘ng‘iroq bo‘lgan. Chunki finalda o‘ta kuchli jamoa emas, balki Vetnam bilan o‘ynaganmiz. Demoqchimanki, boshqa mamlakatlarda ham futbol rivojlanib borayotgandi. Ammo yaxshi xulosa chiqarilmadi. O‘sha chempion bo‘lgan tarkibdan ko‘pchiligi hozir milliy termada o‘ynashyapti-da. Doston Hamdamov, Akrom Komilov, Odil Hamrobekov, Rustam Ashurmatov, Islom Qobilov, Sanjar Qodirqulov va yana boshqalar.

Xullas, milliy terma jamoamizning muvaffaqiyatsizligidagi barcha aybni birgina bosh murabbiyga yuklab qo‘yish noto‘g‘ri. Axir o‘sha murabbiyni kimdir tavsiya qilgan-ku! Vadim Abramov o‘zidan-o‘zi bosh murabbiy bo‘lib qolmagan. Muvaffaqiyatsizlik ildizini chuqurroq ko‘rib chiqish kerak. Agar jiddiy o‘zgarish bo‘lmasa, keyingi yillarda ham bizga qiyin bo‘laveradi. Hamma narsani bolalar futbolidan boshlashimiz kerak. Ularni yoshligidan har tomonlama tayyorlab borilmasa, milliy terma jamoaga qachon o‘yinchi etishib chiqadi?

Bitta narsaga ishonch hosil qildimki, bizning chempionatda o‘ynagan kuchli o‘yinchi Jaloliddin Masharipov bo‘ldi. Saudiya Arabistonida esa Masharipovlar juda ko‘p. Kerak bo‘lsa, undan ham kuchli futbolchilari bor. Bizda esa Masharipov yoki Shomurodov bitta. Saudiyaliklarda esa aksincha. Zaxiradan maydonga tushgan futbolchisi ham o‘yinni kuchaytiryapti. Yana ham ularning eng kuchli hujumchisi o‘ynagani yo‘q. Demak, Saudiya Arabistonining milliy chempionati ham kuchli. Ularda tanlov ko‘p. Bechora Abramov o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan va ishongan futbolchilarni olib bordi. Biz nima uchun u yoki bu o‘yinchini chaqirmadi deb gapiryapmiz. Faqat o‘z qarashlarimizdan kelib chiqib aytyapmiz. Natija uchun Abramov javob beradi va shundan kelib chiqib o‘z tanlovini qildi. Murabbiy ham o‘ziga-o‘zi dushman emas. O‘ziga ishongan va natija ko‘rsataman degan o‘yinchilar bilan bordi. Ammo oxir-oqibat kuchi va tajribasi etmadi. Fikrimcha, murabbiyni ishdan bo‘shatgan bilan vaziyat birdan o‘zgarib qolmaydi. Chunki futbolchilarni yoshligidan to‘g‘ri tarbiyalab, milliy terma darajasigacha olib chiqish lozim. 10-12 yil oldin o‘smirlar va yoshlarimiz jahon chempionatlariga chiqib o‘ynagan va yomon natijalar ko‘rsatmaganmiz. 17-18 yoshda o‘z tengqurlari orasidagi kuchlilar bilan farqimiz katta emas. Ammo olimpiya yoshiga etganda farq kattalashib ketadi. Mana shuning negizini qidirish kerak. Sababi nima? Nima uchun yosh futbolchilarimiz jahon chempionatida kuchlilarga qarshi tengma-teng o‘ynaydi-yu, 20-23 yoshdagi paytda ular bilan oradagi farq kattalashib ketyapti?

uzb_5

Vadim Abramov haqida

- Vadim Abramov bilan birga ishlamaganman. Uning ish uslubi haqida har kim turlicha gapiradi. Milliy terma jamoa bosh murabbiyining ishini muhokama qilishga haqqim yo‘q. Ammo bitta narsani bilaman: Abramov terma jamoamiz bosh murabbiyi sifatida Qatardagi Osiyo Kubogida 4-o‘rinni olgan paytda yaxshi edi. O‘yin uslubi bilan muxlislarni stadionga keltirdi. Zo‘r demasak-da, har holda yaxshi natija ko‘rsatdi. Bu safar nimadir sabablarga ko‘ra, natija ko‘rsata olmadi. Shu sababli endi hammamiz uni yomon deb hisoblayapmiz. Butun aybni murabbiydan qidirish kerak emas deb hisoblayman. To‘g‘ri murabbiyda ham xato bordir. Futbol sohasida ishlayotgan har bir inson o‘zidan aybni qidirishi kerak. Nima uchun yoshlarimiz milliy terma jamoa darajasigacha etib kelishmayapti? Shuning sababini topib, ishni to‘g‘rilasak, shunda jamoa kuchayadi. Biz hozir faqatgina baliqni boshini ko‘ryapmiz xolos. Yana qaytaraman: o‘smirlar va yoshlar terma jamoalarimiz bilan bir necha bor jahon chempionatlariga chiqdik va natijalar yaxshi bo‘ldi, Osiyo chempioni ham bo‘ldik. Ammo keyin nimaga uzilish bo‘ldi? Shunday ketilaversa, qaysidir yoshlarimizning natija ko‘rsatishiga ko‘zim etmayapti. Ishimizni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ysak, jahon chempionatlari va Olimpiadalarga chiqa olamiz. Faqat ishlash tizimini to‘g‘rilash shart.

abramov_12

Odil Ahmedovning terma jamoadagi faoliyatini yakunlagani to‘g‘ri qarormi?

- Odil Ahmedov O‘zbekiston uchun katta mehnat qildi. Uni yoshligidan, aniqrog‘i Toshkentda “Titov” nomli futbol maktabida o‘qiganidan beri bilaman. O‘zbek futboli rivojiga ko‘p ish qildi. Terma jamoaga ham katta kuchini sarfladi. Endi u yosh emas, menimcha qarorini to‘g‘ri ham deb o‘ylayman. Bu bilan yoshlarga ham yo‘l beryapti. Hozir 35 yoshni qarshilayapti, keyin jahon chempionati saralashigacha u 39 yoshga borib qoladi. U oldini o‘ylab shunday qaror qabul qildi. Bunday futbolchi uchun faqat minnatdorchilik bildirish kerak. Bu kabi o‘yinchilar kamdan-kam chiqadi. U qo‘lidan kelganicha mehnat qildi.

Terma jamoamizni endi kim boshqarishi kerak?!

- Endi to‘rt yillik emas, sakkiz yilga reja tuzib, mentalitetimizga mos keladigan xorijlik murabbiylarni olib kelgan bo‘lardim. O‘smirlar, yoshlar, olimpiya va milliy terma jamoalarga xorijdan bosh murabbiylarni olib kelib, ularning yoniga o‘zimizning mahalliy mutaxassislarni yordamchi qilib, ish o‘rganib, bosqichma-bosqich rivojlantirish kerak deb o‘ylayman. Agar menga qolsa, Ispaniya futboli metodikasi bizga yaqinroq va shu bois o‘sha erdan yaxshi mutaxassislarni jalb qilgim keladi.

uzb1_2

Bitta misol: Qatar terma jamoasi bosh murabbiyi – ispaniyalik Feliks Sanches bilan biz ishimizni birga boshlaganmiz. U Qatar o‘smirlari, men esa O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasida ish boshlaganmiz. 1996 yilda tug‘ilgan futbolchilarga ustozlik qilardik. Bizni Qatardagi musobaqaga chaqirishganida o‘yinchilarimiz 14 yoshda edi. Sanches o‘sha yosh toifasidagi o‘yinchilarga murabbiy edi. Biz uning jamoasini adashmasam 3:0 yoki 4:0 ga yutganmiz. O‘shanda Sanches “Aspayr” akademiyasida ham ishlardi. Ularning direktori Bora Milutinovich edi. Keyin Osiyo chempionati saralashiga bordik. Qatar chiqa olmadi, biz Osiyo chempionatiga chiqdik, chempion bo‘ldik va jahon chempionatiga ham yo‘llanmani qo‘lga kiritdik. Ular esa hech qaerga chiqa olishmadi, ammo ishlashga imkon berishdi. Keyin Sanches yoshlar terma jamoasiga o‘tdi. Ammo yoshlar bilan tuzukroq natija ko‘rsata olmadi. Keyin o‘sha tarkib bilan olimpiya terma jamoasida ham ishladi. Menimcha, Olimpiadaga ham chiqa olishmadi. So‘ng, Sanchesga milliy terma jamoani ishonib topshirishdi. Oxir-oqibat Qatar milliy termasi bilan Osiyo Kubogini yutdi.

Ko‘rdingizmi, bitta murabbiyga necha yil ishlashga imkon berishdi?! O‘sha jamoaning asosiy negizini 1993 yildan boshlab 1996 va 1997 yillarda tug‘ilgan futbolchilar tashkil qilishdi. Ko‘p yillar unga imkoniyat berishdi, o‘z uslubini qo‘yishi uchun. Yakunda natija berdi. Milliy terma jamoasidagi aksar o‘yinchilari “Aspayr” akademiyasida tahsil olgan va u erda ispaniyalik mutaxassislar ishlashadi. Bizda ham shunday sistemani qo‘llasa yomon bo‘lmaydi. Ammo bunga ham sabr hamda vaqt kerak, - deya fikr bildirdi, Nuraliev.   

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
⚽️FANAT M-YU⚽️
22/06/2021 01:08
To‘g‘ri fikr lekin aynan sen ham poraxo‘rsan esingdami bundan 4 yil oldingi bolalar chempionatida BO‘SM