Turkiyada 5-etnosport madaniyat festivali boshlandi

Xabaringiz bor, yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Etnosport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolangan edi.

Qaror bilan etnosport turlarini 2025 yilgacha ommalashtirish va rivojlantirish dasturi hamda etnosport turlarini 2025 yilgacha ommalashtirish va rivojlantirish dasturini 2022–2023 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Etnosport turlarini mamlakatimizda yanada rivojlantirishga qaratilgan ushbu qaror milliy qadriyatlarimiz taraqqiyotida oldinga tashlangan muhim qadam bo‘ldi.

Ta’kidlash joiz, turkiy tilli davlatlar orasida etnosport turlariga qiziqish va e’tibor juda yuqori. So‘zimizning tasdig‘i sifatida bugun Turkiyaning Istanbul shahrida 5-etnosport madaniyat festivali tantanali ochilganligini aytib o‘tish mumkin.

Mazkur nufuzli tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi sportni rivojlantirish vaziri Adxam Ikramov ham ishtirok etdi.

5-etnosport madaniyat festivalida dunyoning 26 davlati vakillari o‘z mahoratlarini namoyish etishadi.
Festival doirasida vazir A.Ikramov Butunjahon etnosport konfederatsiyasi raisi janob Najmiddin Bilol Erdo‘g‘on hamda yana bir qator yuqori martabali mehmonlar bilan rasmiy uchrashuvlar tashkil etiladi.

Sportni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!