Umid Ahmadjonov "Vanfore Kofu" klubi bosh menejeri bilan uchrashdi

  • 4 aprel, 2019, 18:40
  • 0
  • Futbol
Xabaringiz bor, 2018 yilning 29 noyabr kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov Yaponiyaning «Vanfore Kofu» klubi rahbarlari bilan Toshkentda uchrashuv o‘tkazib, bolalar futbolini rivojlantirish, futbol akademiyalari faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish masalasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishgandi. 
 
Ana shunga asosan, joriy yilning 2 aprel sanasida “Vanfore Kofu” futbol klubi mamlakatimizning bir qator bolalar va o‘smirlar futbol akademiyalari bilan halqaro o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurishi haqida xabar berib o‘tgandik. Bugun 4 aprel kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘FA Birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov poytaxtimizda bo‘lib turgan "Vanfore Kofu" klubi bosh menejeri Satoru Sakuma bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida Umid Ahmadjonov O‘zbekistonda futbolni, xususan, bolalar futbolini rivojlantirishda Yaponiya bilan hamkorlik qilishdan bag‘oyat mamnun ekanini bildirib o‘tdi.

- Biz Yaponiya bilan juda yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatganmiz. Mamlakat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Kozo Tashima bilan o‘zaro memorandum imzolaganmiz. Ana shu memorandum asosida bir qator ishlar olib borilmoqda. Janob Tashima bilan Qatardaga uchrashuv chog‘ida ham hamkorlik bo‘yicha muzokara o‘tkazdik. 6 aprel kuni OFKning navbatdagi assambleyasi bo‘lib o‘tadi. Ana shu assambleyada ham Kozo Tashima bilan yana bir bor uchrashib, futbolimizni rivojlantirish masalalarini muhokama qilib olamiz. Bizning olimpiya terma jamoamiz saralashdan muvaffaqiyatli o‘tib, Osiyo chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Ana shu musobaqaga tayyorgarlik doirasida Yaponiya olimpiya terma jamoasi bilan o‘rtoqlik o‘yinlari tashkil qilishni rejalashtirganmiz. 

a0b861bd9aa28bffb4c0a55309d830b87a434244
"Vanfore Kofu" klubidan ham juda minnatdormiz. Bizning yosh futbolchilar, akademiya tarbiyalanuvchilari "Vanfore Kofu" bilan o‘rtoqlik o‘yinlariga katta ishtiyoq bilan tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Umid qilamanki, bu o‘yinlar ikki mamlakat futboli o‘rtasida do‘stlik aloqalarini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi, - dedi Umid Ahmadjonov.

O‘z o‘rnida Satoru Sakuma ham O‘zbekistonga tashrif buyurganidan juda xursand ekanini ta’kidlab o‘tdi.

- Biz O‘zbekistonga kelganimizdan juda xursandmiz. Men Yaponiya futbol assotsiatsiyasida ham faoliyat yuritaman. Janob Tashima O‘zbekiston haqida juda iliq fikrlarni bildirib o‘tgandi. Bizning klubimiz yosh futbolchilarni tarbiyalashda katta tajribaga ega. Ana shu tajribamizni O‘zbekiston bilan bo‘lishishdan faqat xursand bo‘lamiz, - deb aytib o‘tdi janob Sakuma.

0d950b60ed32047806bb54012e73c3f6f9b76ea0
 
Uchrashuv so‘nggida "Vanfore Kofu" klubi vakillari Umid Ahmadjonovga klub libosini topshirishdi. O‘z o‘rnida yaponiyalik mehmonlarga ham esdalik sovg‘alari taqdim qilindi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!