"Xafsalam pir bo‘ldi, birinchi xatoim..." - Baxtiyor Ashurmatov "Turon"dan ketishini og‘ir qabul qildi. Boisi...

  • 29 aprel, 2023, 08:16
  • 2
  • Futbol

Xabaringiz bor, yaqinda Yaypanning “Turon” jamoasida bosh murabbiy o‘zgardi. G‘alabasiz o‘yinlar sababli Baxtiyor Ashurmatov iste’foga chiqarildi.

O‘tgan yilning yarmida klubda ish boshlagan Baxtiyor A’zamovich jamoani Superligaga qaytarishga erishdi. Lekin elitada bu murabbiyga “Turon”ni boshqarish uzoq nasib qilmadi. Iste’foga chiqqanidan keyin Ashurmatov bilan suhbatlashdik.

- Baxtiyor A’zamovich, iste’foingizni qanday qabul qildingiz?

- Gapning ochig‘i, iste’foni og‘ir qabul qildim. Chunki “Turon” jamoasidagi ishimdan umidim katta edi. Bor vujudim bilan ishlayotgandim. Afsus, natija bo‘lmadi. Buxoroga borib kelgandan keyin Toshkentdan Yaypanga mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun ketayotganimda klub direktori qo‘ng‘iroq qilib shunaqa qarorga kelinganini aytdi.

- Bu qaror xafsalangizni pir qildimi?

- Rosti, bu qarordan keyin xafsalam pir bo‘ldi. Qo‘qondan ishdan ketganim, ayrim jamoalardan oxirigacha kurashmasdan oson ishdan ketganim xayolimdan o‘tdi. Har bir jamoadagi ishni qadriga etish kerak ekan. Oxirigacha kurashish imkoni bo‘lganida ayrim jamoalardan o‘zim ishdan ketdim, oxirigacha kurashaman deganimda imkon bo‘lmadi. O‘zi natija bo‘lmaganligi sababli ishdan ketish ehtimoli bor edi. Murabbiylar shtabi bilan gaplashganimizda ham “Neftchi” bilan uchrashuv oxirgi imkoniyatimiz degandim. Bu xabarni eshitganimda “Neftchi”ni yutmasak keyin ishdan ketaman deb ushbu o‘yin bilan oxirgi imkoniyat so‘ragan edim. Lekin qaror chiqarib bo‘ldik, deyishdi. Gapni ochig‘i, jamoa rahbarlari oliyjanob insonlar. Futbol rivojlanishi uchun katta mehnat qilishyapti. Shu insonlar uchun ham vaziyatni to‘g‘rilash kerak, Xudo xohlasa chiqib ketamiz degan ishonch bor edi. Lekin iste’fo murabbiylar qismatida bor. Natija bo‘lmasa hech kim murabbiyni sabr qilib kutib o‘tirmaydi, murabbiy almashishi to‘g‘ri qaror deb bilishadi.

ashurmatov2

-  Aslida qaerda xatoga yo‘l qo‘ydim, deb hisoblaysiz?

- Birinchi xatoim selektsiya jarayonida bo‘ldi. Bir-ikkita tarkibimizni kuchaytiradigan, mehnatkash futbolchilarni jamoaga ololmadim. So‘ngra legionerlarni ham kech qabul qildik. Keyingi xatoim ayrim o‘yinchilar bo‘yicha ko‘ngilchanlik qildim. O‘yini Superligaga tortmasada, o‘tgan yilgi mehnati evaziga jamoada olib qoldim. Shuning hisobiga ayrim pozitsiyalar kuchsiz bo‘lib qoldi. Birinchi o‘yinlarda murabbiylar shtabi tarkib tanlashda adashdik deb o‘ylayman. Birinchi o‘yinlarni ikkita hujumchi bilan boshlashimiz kerak edi. Lekin “Turon”dagi ishim men uchun katta tajriba bo‘ldi. Juda katta saboq oldim.

- Sizdan keyinoq “Turon” “Neftchi”ga qarshi o‘yinda durang o‘ynagandi. O‘sha  bahs haqida nima degan bo‘lardingiz?

- “Neftchi” bilan o‘yinni ko‘rdim. “Neftchi” bu yil ajoyib qatnashyapti. Lekin har bir jamoani yutsa bo‘ladi. Durangga hayron qolganim yo‘q. Chunki “Turon” jamoasini potentsiali bor. Jamoa Superligada yuqori o‘rinlarga ko‘tarilib olish salohiyatiga ega.

ashurmatov1

- “Turon” direktori Ahmadalievning aytishicha, iste’foingiz haqidagi qaror ancha avval qabul qilingan ekan, faqat kechroq e’lon qildik dedi. Bu xususida nima deysiz.

- Jamoamiz direktori aytgan gapi to‘g‘rimi, bilmadim. Lekin iste’foni eshitishimdan oldin Abduvahobjon bilan birga Buxoroga bordik, suhbatlashdik, birga o‘tirib choy ichdik. O‘zi bilan gaplashganimda “Neftchi” bilan oxirgi imkoniyatimiz deb aytdim. “Neftchi”ni yutmasak ishdan ketaman dedim. To‘g‘ri, qoniqarsiz natija deb bir-ikkita jamoalarda murabbiylar o‘zgardi. O‘tgan yilgi mehnatimiz, qiyin vaziyatdan Superligaga chiqqanimiz sababli yana bitta imkoniyat bo‘ladi deb o‘yladim. Mas’uliyatni his qilgan holda o‘yinga tayyorgarlik ko‘rayotgan edik. Lekin rahbarlarni qarorini hurmat qilaman va “Turon” jamoasiga omad tilayman.

- “Turon” murabbiylarni tez-tez o‘zgartiradi. Klub loyihasining kelajagiga ishonsa bo‘ladimi yoki...

- Men o‘ylaymanki, murabbiy tez almashishi natija keltirishi qiyin. Murabbiyga vaqt kerak. Rahbarlar “Turon” jamoasini rivojlanishi uchun katta mehnat, katta mablag‘ sarflashyapti. Lekin klub tizimiga futbolni yaxshi tushunadigan, klub rivojlanishi uchun nimadir bera oladigan, rahbarlarni pulini to‘g‘ri yo‘naltira oladigan mutaxassis kerak. O‘tgan yili ishlagan Aleksandr Azimov jamoani manfaatini o‘ylaydigan inson edi. Klubning hozirgi direktori Abduvahobjon Ahmadaliev ham katta hajmdagi ishni bajaryapti. Lekin yolg‘izlanib qolyapti. Ularga Xudodan kuch-quvvat va omad tilayman. Agar klubda o‘z ishini mutaxassisi ishlasa “Turon” kelajagi bor jamoa. Ishlagan paytimda menga ishonch bildirgan jamoa rahbarlariga, klubning xodimlariga, “Turon”ning ajoyib muxlislariga va albatta “Turon”ga bu yilgi mavsumda omad tilayman.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Dolche& Gabana
29/04/2023 14:07
Бахтиер илтимос сан тренерли кимагин! Хаетиндаги 1та кубок огансан униям сани тактикен эмас олмаликни пули, федерацияни рухсати и боллани узини уйини билан булди! И уша йили узинам билсен кере агмк ни чемпионатда кутинга тикиб бугандин! Агар сан такое тренер буганинда кубокдан кейин срази кутинга тепиб урнинга мижжини олиб келишмасди! Так что сан вашше тренерлидан йуколиб кет сани хеч ким топоме косин кисини кутиб юргин уйинчили давриндаям бир пукмасдин жиянинам узинга ухшаган урод недоделанный футболисть так что уша гап тинк килиб йуколиб кол
Абдухаликов Мухаммад
29/04/2023 10:36
Жамоага рахбар тайинлашда футболни тулик тушунадиган инсонни тайинлаш керак