Yana o‘sha Italiyada yana o‘sha mashmasha. Noqonuniy pul tikish, doping va boshqa muammolar nima sababdan yuzaga kelmoqda? (katta tahliliy maqola)

  • 30 oktabr, 2023, 09:00
  • 1
  • Futbol

Oxirgi payt Italiya futbolida bir qator muammolar yana yuzaga chiqa boshladi. Dastlab "Yuventus" bilan boshlangan pul yuvish masalasi keyinchalik dopingga, undan so‘ng esa futbolchilarning noqonuniy pul tikish holatlarining paydo bo‘lishi bilan davom etdi. Hozir italyan futboli 2000 yillar boshidagi kabi botqoqlik sari jadal qadam tashlamoqda.

Nimaga bunday? Balki biz sal oshirib yuborgandirmiz. Yo‘q, aslo unday emas. Doim qiziqarli va sirli bo‘lib kelgan Italiya futboli rostan yana bulutli kunlarni boshdan kechirish arafasida. Quyida bo‘lib o‘tayotgan vaziyatlarga batafsil izoh berishga harakat qilamiz. Boshlashdan oldin sizga maroqli mutolaa tilab qolamiz!

fagio

Noqonuniy pul tikish mojarosi qanday boshlandi?

Ushbu ishlar dastlab Turin prokuraturasining noqonuniy onlayn platformalar orqali qimor o‘yinlarida pul tikish bo‘yicha tergov ishidan boshlandi. Tergovchilar ma’lumotlar bazasi, arxiv va tranzaktsiyalarni skanerdan o‘tkazishdi va unda Nikolo Fadjolining ism-familiyasi ham chiqib keldi. Shundan so‘ng, tekshiruvlar oktyabr oyining birinchi haftasidan kuchaytirildi. Fadjoli Turin prokuraturasi va Italiya futbol assotsiatsiyasi tomonidan so‘rovlarga chaqirildi. 

O‘tmishda yuz bergan shu kabi voqealar bilan taqqoslaganda, bunisi tubdan farq qiladigan holat ekani ko‘zga tashlanadi. Italiya futbolida 1980 yillarda "Oltin To‘p" sohibi Paolo Rossi 2 yilga diskvalifikatsiya qilingan. Avvallari o‘yinchilar faqat o‘yin natijalari uchun pul tikkan bo‘lsa, endi zamon rivojlanib, ular sariq kartochka, gollar va shu kabi ko‘p voqeliklarning sodir bo‘lishiga investitsiya kiritmoqda. 

Italiyaning Sport adolati kodeksi 24-moddasida professional futbolchilar Italiya futbol assotsiatsiyasi, UEFA va FIFA tomonidan tashkil etilgan rasmiy uchrashuvlar uchun bevosita va bilvosita pul tikishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan. Ya’ni futbolchilar o‘zlari ishtirok etmagan o‘yin bo‘lsada, ular uchun pul tika olmaydi. 

Eng qizig‘i, tergov jarayoniga hali klub rasmiylari, agentlar va murabbiylar chaqirilmagan. Agar ular bilan ham kamida shuncha narsa chiqadigan bo‘lsa, qolganini o‘zingiz tasavvur qilib olavering...

betting

Pul tikuvchi platformalar o‘zi nima va ular qanday ishlaydi?

Noqonuniy pul tikish platformalari haqida so‘z ochmoqchi bo‘lganimizda, biz Italiya hukumati tomonidan nazorat qilinmaydigan va tartibga solinmagan platformalar haqida gapirishimiz kerak bo‘ladi. "La Gazzetta dello Sport" nashrining xabar berishicha, Italiyada 10 mingga yaqin shunga oid veb-saytlar mavjud bo‘lib, Italiya rasmiylari bularning barini taxminan 18 MILLIARD evroga baholagan, naq 18 milliardga.

Ushbu veb-saytlardan foydalanadigan shaxslar ko‘p sabablarga ko‘ra shu usuldan foydalanadi. Eng asosiy sabab - ularni rasmiylar va hukumat kuzata olmaydi. Lekin ular pul tikishingiz mumkin bo‘lgan cheklovlari bor ba’zi qonuniy platformalardan farqli o‘laroq, xohlagancha pul tikish imkoniyatini taqdim etadi.

Bu platformalar jinoiy tashkilotlarga tegishli va ular tomonidan nazorat qilinadi, degan keng tarqalgan fikrlar ham yo‘q emas. Yaqinda boshlangan tergovlarda ham birinchi navbatda shuni isbotlamoqchi bo‘lishdi. Ammo hozircha italyan prokuraturasi futbolchilarni ayblashdan uyog‘iga o‘ta olganicha yo‘q...

corona

Fabritsio Korona degani kim?

Agar siz pul tikish mojarosi haqidagi xabarlarga ko‘zingiz tushgan bo‘lsa, Italiyada juda mashhur shaxs Fabritsio Koronaning ismini o‘qigan bo‘lishingiz kerak. U 2000 yillar boshida "Vallettopoli" deb nomlangan yana bir janjal bilan shug‘ullanganidan keyin taniqli shaxsga aylandi. Korona "Italiya paparatsilari qiroli" hisoblangan, futbolchi va televidenie shaxslarini kompromat fotosuratlari bilan "shantaj" qilganlikda ayblangan. Ayrim manbalar uni Italiya sobiq bosh vaziri, "Milan", "Montsa" kabi jamoalar prezidenti bo‘lgan marhum Silvio Berluskonining eng ishongan mediadagi vakili, deb hisoblaydi. 

Korona 2023 yil sentyabr oyida 10 yillik qamoq jazosini o‘tab, ozodlikka chiqdi. Yuqorida aytganimizdek, Fabritsio firibgarlik va tuhmat qilishda ayblanib, qamoqqa olingandi. 

Ozodlikka chiqqan qahramonimiz bir necha kun ichida o‘zining yangi veb-saytini ishga tushiradi. U erda Korona Fadjoli, Dzanolo, Tonali va boshqa ko‘plab Italiyaning yosh va umidli futbolchilarining kirdikorlarini yozib borishni yo‘lga qo‘yadi. Hozirda faqat shu uch futbolchi bo‘yicha jiddiy tekshiruv ishlari ketmoqda. Biroq Fabritsioning so‘zlariga ko‘ra, ro‘yxat hali juda uzoq davom etishi va hatto, taniqli hamda jahon darajasidagi yulduzlar ham shu illat orqali futbol bilan xayrlashishi mumkinligini qayd etgan.

 

Biz bu muammolar haqida batafsil yozishni istaymiz, albatta. Ammo hozirgi matnning uzun bo‘lib ketganligi bois maqolani shu erda to‘xtatamiz.

Shunga qaramay, ushbu maqolaning izohlar bo‘limida 10 ga yaqin komment qoldiring va biz siz uchun mojarolar haqidagi ikkinchi qismni e’tiboringizga havola etamiz.  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Sobirjon__0080
30/10/2023 10:28
2chi qism xam chiqsin