Qudratillo Abduqahhorov: Menga AQShdagi mashg‘ulotlar yoqmadi!

  • 27 iyul, 2017, 00:05
  • 0
  • Boks

 

Professional boksning WBC Silver – kumush kamari sohibi Qudratillo Abduqahhorov (12-0-0, 8 KO) yaqinda Rossiyaning Ekaterinburg shahrida "Mexanik" laqabli mezbon bokschi Dmitriy Mixaylenkoni mag‘lubiyatga uchratdi.

An’anaga muvofiq, Qudratillo SPORTS.uz axborot portaliga tashrif buyurib, boks muxlislari uchun intervyu berdi. Bu gal bokschimizga uning murabbiyi Ilgar Aliev hamrohlik qilgani bois suhbat ancha qizidi.

- Qudratillo Rossiyadagi jang taassurotlari haqida gapirib bering...

- Assalomu aleykum. Ekaterinburgda WBC Silver – kumush kamarimni Dmitriy Mixaylenkodan himoya qildim. Bu tajribali bokschi ilgari bu sovringa egalik qilgan. Biroq, 2016 yili zimbabvelik Charlz Manyuchiga unvonini boy bergandi. Men esa afrikalik bokschini mag‘lub etib, nufuzli kamarni qo‘lga kiritdim.

Dmitriy o‘z sovrinini qaytarib olish uchun bor imkoniyatini ishga solishini bilardim. Arenaga kelgan muxlislar ham o‘z bokschisini qo‘llab-quvvatlab turdi. Birinchi raunddayoq kuchli zarba o‘tkazib yubordim. Qolaversa, Mixaylenko boks tili bilan aytganda, birinchi raqamda ishlar ekan. Tinimsiz oldinga o‘tdi, hujumga kirishdi. Bu usul men uchun noqulay. Men asosan himoyada turib, tezkor qarshi hujum bilan javob qaytardim. Murabbiylar tanlagan taktika ish berdi va g‘alabaga erishdim.

- Hakam sizdan nega ochko olib tashladi?

- Jang oldidan referi har ikkimizni ogohlantirib, agar bosh bilan to‘qnashib ketsak, kimdir jarohat olsa, raqibdan ochko olinishini aytgandi. Uchrashuvda shunday bo‘ldi. Boshimiz to‘qnashib, raqibning peshonasi yorildi. Hakam o‘zi aytganidek, mendan ochko olib tashladi. Bunga ortiqcha e’tibor qaratmadim va ishlashda davom etdim.

- Ilgar, Rossiyada mezbon bokschi bilan jang o‘tkazish taklifini qabul qilishdan qo‘rqmadingizmi? Chunki professional boksda mezbonga yon bosish holati ko‘p uchraydi.

- To‘g‘risini aytsam, sovrin uchun bo‘ladigan bellashuvlarda tashkilotchilar hakamlarning xolis ishlashini ta’minlashadi. Chunki xalqaro boks tashkilotlari kuzatuvchilari bevosita arenada jang o‘tishini va hakamlar ishini nazorat qiladi. Hech qaysi tashkilotchi o‘z obro‘siga putur etishini istamaydi va chempionlik janglarida g‘irromlik bo‘lmaydi, hisob. Shunga qo‘rqmasdan jangga rozilik berdik. Qolaversa, Qudratilloning imkoniyatlarini yaxshi bilardik.

- Qudratillo, jangga AQShda tayyorgarlik ko‘rganingiz foyda berdimi?

- Noto‘g‘ri tushunmang-ku, AQShda bir yarim oy shug‘ullanib, yuqori sport formamga kirolmadim. U erda tajribali murabbiy Kenni Adams mashg‘ulotlarida qatnashdim. Bu mutaxassis garchi ko‘plab chempionlarni tarbiyalagan bo‘lsa-da, ishlash uslubi eskirgani ma’lum bo‘ldi. Biz asosan mashg‘ulotlarda tezlikka ishlar edik. Kross, sparring, jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlari, lapa va qop urish mashqlarini galma-gal belgilangan rejimda bajarardik. AQShda asosiy e’tibor har kuni kross yugurish va trenajyor zalida og‘ir toshlarni ko‘tarishga qaratildi. Bunda tezkorlik yo‘qoladi. Kenni Adamsning mashg‘ulotlari menga to‘g‘ri kelmadi.

- Ilgar, bu borada siz nima deysiz?

- To‘g‘risi, Kenni Adams 76 yoshli murabbiy. Ilgari zo‘r bokschilarni tayyorlagan. Lekin hozir uning yoshi o‘tib qolgani rost. Buni o‘zi ham tan oldi. AQShda “TOP RANK” promouterlik kompaniyasi va Floyd Meyvezer zalida sparring o‘tkazdik. Qudratillo AQShdagi mashg‘ulotlarda yuqori sport formasiga kirolmagan bo‘lsa-da, jangda yaxshi ishladi va haqqoniy g‘alabani nishonladik.

- Qudratillo, AQShdagi mashg‘ulotlarning biror foydasi bo‘lgandir...

- Menga Amerikadagi sparringlar yoqdi. Raqiblar haqiqatan kuchli edi. O‘sha erda himoyamda kamchiliklar borligini bildim. Qolaversa, oziq-ovqatdan muammo bo‘lgani yo‘q. Odatda, Filippindagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ovqatlanishda qiyinchilik bo‘lardi. AQShda hamyurtlarimiz ko‘p ekan. Ular bizni qo‘llab, xabar olib turishdi. Ayniqsa, Meyvezer bilan ishlayotgan Sanjar Rahmonov va tajribali engilmas bokschimiz Ravshan Xudoynazarov bizga ko‘p yordam berdi. Vaziyatdan foydalanib, ularga rahmat aytaman.

- Mixaylenko bilan bo‘lgan bahsdan keyin ko‘pchilik jang usulingizni argentinalik bokschi Markos Maydananikiga o‘xshatdi. Unga taqlid qilasizmi?

- To‘g‘risi, men Maydanani tanimayman, janglarini ko‘rmaganman. Unga qanday taqlid qilishim mumkin? Balki jang uslubimda qandaydir o‘xshashliklar bordir.

- Ilgar, shogirdingiz muxlisu mutaxassislar e’tiboriga tushgani haqidagi ma’lumotlarga munosabatingiz qanday?

- Qudratilloning natijalari tufayli unga bo‘lgan qiziqish tobora ortmoqda. Kuchli bokschilardan jangga taklif olayapmiz. Yaqinda jahon reytingi etakchisi, jahon chempioni Saul Alvares jamoasi Qudratilloni sparring raqib sifatida ringga taklif qildi. Biz bunga rad javobini berdik.

- Nega?

- Chunki Qudratillo og‘ir jang o‘tkazdi va tiklanishi uchun vaqt kerak. Qolaversa, Saulning vazni og‘ir. Shuningdek, biz o‘zimiz o‘ylagan rejalarni amalga oshirishimiz kerak. Agar chalg‘isak, niyatimizga etolmay qolishimiz mumkin. Hozir Qudratillo o‘z vazn toifasida jahon reytingida 14-pog‘onani egallab turibdi. Tabiiyki, u bilan jang qilishni istovchilar safi ham kengayib boradi. Xususan, ushbu vaznda Rossiyaning birinchi raqamli bokschisi David Avanesyan ham shogirdim bilan kuch sinashish niyatida yuribdi. U fevralda WBA yo‘nalishi bo‘yicha chempionlik jangida qatnashgandi.

- Qudratilloning keyingi jangi qachon?

- Biz kuzda Toshkentda jang tashkillashtirmoqchimiz. Lekin tayyorgarligimiz 1 avgustdan boshlanadi. Endi Toshkentda mashg‘ulot o‘tkazamiz. Albatta AQShda ham o‘quv-mashg‘ulot o‘tkazish niyatimiz bor. Ammo Kenni Adams bilan ishlamaymiz. U erda kubalik kuchli murabbiy bor ekan. U Qudratillo bilan ishlashga qiziqmoqda. Balki uning xizmatidan foydalanarmiz.

- Qudratillo, shu kungacha siz bilan jang qilgan bokschilarning eng kuchlisi qaysi?

- Dmitriy Mixaylenko ham o‘ta noqulay raqib. Sababini aytdim. U faqat oldinga intiladi. Biroq, men o‘zim uchun eng xavfli raqib, deb Charlz Manyuchini bilaman. Garchi uni birinchi raundda nokaut qilgan bo‘lsam ham, afrikalik bokschi tajriba va mahorat bobida boshaqalardan ustun edi. Manmanligi va raqibni mensimasligi unga qimmatga tushdi, xolos. Shuningdek, filippinlik Adones Kapalkuinto ham menga jiddiy qarshilik ko‘rsatgan.

- Ilgar, buyog‘iga rejalar qanday?

- Qudratillo jahon chempionligi uchun kurashadi. Hozir uning vaznida chempionlik kamari Kit Turmanda. Uning kamariga da’vogarlik qilish uchun bir nechta reyting janglarini o‘tkazamiz. Nasib qilsa, Qudratillo Abduqahhorov o‘z natijalari bilan boks muxlislarini xushnud etadi.

- Suhbat uchun rahmat.

SPORTS.uz

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!