Asror Aliqulov: "Boshqa syurprizlar ham bo‘lib qolishi mumkin"

O‘zbekiston Kubogi guruh bahslari yakuniga etdi. “F” guruhida pro liga vakillari “Mash’al” hamda “Buxoro” keyingi bosqichga yo‘l oldilar. Shu guruhdagi OKMK esa qolib ketdi. So‘nggi turda muborakliklar o‘z uyida “Aral akademiya”ni 8:0 hisobida tor-mor keltirdilar. Natijada “Mash’al” dastlabki vazifasini uddaladi. Jamoa bosh murabbiyi Asror Aliqulov esa shunday dedi:

- “Aral akademiya” yosh jamoa. Biz bu o‘yin orqali keyingi “Xorazm” bilan bo‘ladigan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rdik. Futbolchilar taktik ko‘rsatmalarni oxirigacha bajarishdi. Ushbu g‘alaba tufayli “Mash’al” keyingi bosqichga chiqdi va muxlislarimizni tabriklayman.

- “Mash’al” Qashqadaryodan yagona klub sifatida keyingi bosqichga chiqdi. Jamoa guruh bosqichida har xil jamoalar bilan bahs olib bordi. Masalan, Superliga vakili OKMKni safarda yutdi. Pro ligadagi raqobatchi “Buxoro” bilan durang o‘ynadi va bu safar birinchi liga klubi mag‘lub etildi. Keyingi bosqichda qur’a natijasiga ko‘ra qanday jamoa tushib qolmasligini xohlayapsiz? Qolaversa, “Mash’al”ning missiyasi Kubokda qaysi bosqichgacha etib borish?

- Qur’a o‘z nomi bilan qur’a. Qaysi klubga tushishimizdan qat’iy nazar o‘sha jamoaning o‘yinini o‘rganamiz va kuchni taqsimlagan holatda harakat qilamiz. Imkoni qadar Kubok bahslarida uzoqroqqacha borishga harakat qilamiz. Qanday jamoa bo‘lmasin biz maksimal tayyorgarlik ko‘ramiz. Bitta o‘yindan iborat bo‘lishi va raqib Superliga vakili bo‘lsa ham oxirigacha borishni maqsad qilyapmiz. Kuchimiz qanchaga etishini bo‘lajak o‘yinlar ko‘rsatadi.

- Bu yil “Nasaf” guruhda qolib ketdi. Murabbiy sifatida qaysi klublarning imkoniyatini yuqori baholayapsiz?

- “Nasaf” guruhda qolib ketdi. Lekin Kubok uchun asosiy da’vogar edi. Chunki oxirgi yillarda ushbu musobaqani yutib kelayotgandi. “Nasaf”ni guruhidan chiqqan “Navbahor” kuchli tarkibga ega. Bu turnirda kutilmagan holatlar bo‘lib qolishi mumkin. Superligada tarkibi kuchli yig‘ilgan klublarni imkoniyati ko‘proq bo‘ladi. Qaysidir ma’noda boshqa syurprizlar ham bo‘lib qolishi mumkin.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!