Badiiy gimnastika. Sportchilarimiz "Kuchlilar turniri"da 5 ta medal qo‘lga kiritdi

Moskvadagi Irina Viner-Usmanova gimnastika saroyida badiiy gimnastika bo‘yicha “Kuchlilar turniri” musobaqasining birinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan terma jamoamiz vakillari 5 ta bronza medaliga sazovor bo‘lishdi.

Jamoamiz tarkibida so‘nggi musobaqalarda porlayotgan Yosmina Rahimova uchun bu turnir ham ajoyib yakunlandi. Rahimova musobaqa doirasida ko‘pkurash dasturida bronza medalini qo‘lga kiritgani uning faoliyatidagi katta yutuqlardan biri bo‘ldi. Bellashuvlarda hamyurtimiz faqatgina rossiyalik opa-singil Dina va Arina Averinalarga imkoniyatni boy berdi, xolos. Shuningdek, bu yo‘nalishda qatnashgan boshqa vakillarimiz Mila Boturina to‘rtinchi, Ekaterina Fetisova esa oltinchi o‘rinni egalladi.

Yosmina alohida mashqlar dasturida xalqa va tasmadagi chiqishlari bilan ham shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi. Tokio-2020 ishtirokchisi Ekaterina Fetisova bulava mashqida, qolaversa, Viktoriya Neskubo, Iroda Sodiqova, Diyora Baxtiyorova, Mubina Kamolova, Yasmin Mirzayarova, Dominika Damirovadan iborat qizlarimiz jamoaviy dasturda uchinchi natijani qayd etishdi.

Ta’kidlash joiz, bu turnir 23-26 iyun kunlari Tailandda o‘tkaziladigan Osiyo chempionati oldidan gimnastikachilarimizning sport formasi va tayyorgarligini ko‘zdan kechirib olish uchun ayni muddao bo‘ldi.

MOQ matbuot xizmati

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!