Gimnastika. Vakillarimiz Osiyo chempionati ilk kunida delegatsiyamiz hisobiga medallar shodasini taqdim etdi

Tailandning Pattayya shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha qit’a birinchiligi bo‘lib o‘tmoqda. 15 mamlakatdan eng sara gimnastikachilar qatnashayotgan musobaqada qizlarimiz jamoaviy dasturda chempionlikni qo‘lga kiritishdi.

Ikki kun davom etgan ushbu yo‘nalishdagi bellashuvlarda Taxmina Ikromova, Sabina Tashkenbaeva hamda Yosmina Rahimova yakkalik, Shahzoda Ibragimova, Nargiza Jumaniyozova, Nilufar A’zamova, Mumtoza Ishoqzoda, Xurshida Abduraufova va Mariya Pak guruh mashqlarida eng yuqori ballarni jamg‘arishdi. Ushbu dasturda qozog‘istonlik gimnastikachilar kumush medallar bilan taqdirlangan bo‘lsalar, kuchli uchlikni Yaponiya jamoasi yakunlab berdi.

Musobaqada yana bir medal yoshlarimiz hisobiga yozildi. Natalya Usova, Evelina Atalyants, Anastasiya Sarantseva hamda Vilana Savadyan, shuningdek, Domenika Damirova, Viktoriya Neskubo, Irodaxon Sodiqova, Diyora Baxtiyorova, Mubina Kamolova va Yasmin Amira Mirzayarovadan iborat yoshlar jamoamiz tengqurlari orasida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Ertadan boshlab sportchilar ko‘pkurash va alohida dasturlardagi final bahslarida ishtirok etishadi. 

MOQ matbuot xizmati

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!