"Kanelo"-Mungia jangi oldidan o‘zbek boks yulduzlarining taxminlari...

  • 2 may, 16:56
  • 0
  • Boks

Ma’lumki, 4 may kuni AQShning Las-Vegas shahrida professional boks oqshomi tashkil etiladi. Ushbu kechaning asosiy to‘qnashuvida Saul “Kanelo” Alvares va Xayme Mungia to‘qnash keladi. Ushbu jang ikkinchi o‘rta vazn (76,2 kg ) toifasida WBC, IBF, WBO, WBA chempionlik kamarlari uchun bo‘lib o‘tadi.
Biz an’anaga muvofiq ushbu jang borasida o‘zbek boks olami vakillarining fikriga quloq tutdik.

Mirazizbek Mirzaxalilov: Qiziqarli jang bo‘ladi. Biroq, bu jangda meksikalik Saul Alvaresning imkoniyatlarini yuqori baholagan bo‘lardim. U har tomonlama raqibidan ustun va katta ehtimol bilan Alvares g‘alaba qozonsa kerak.

Iqboljon Xoldorov: To‘g‘risi, Xayme Mungia borasida u qadar ko‘p ma’lumotga ega emasman. Janglarini kuzatmaganman. Shuning uchun aniq bir fikr bildira olmayman. Biroq, “Kanelo”da ulkan tajriba bor va u qo‘l kelishi mumkin. Ammo, bu boks va unda har qanday holat yuzaga kelishi mumkin.


 
Lazizbek Mullajonov: Saul Alvares bu jangda yaqqol favorit deb o‘ylayman. Xayme Mungia ham yaxshi darajadagi bokschi sanaladi. Ammo, baribir meksikalik bokschi undan ustunroq. Jang to‘liq davom etadi, deb o‘ylamayman. Saul Alvares nokaut bilan g‘alaba qozonadi.

Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jaev: Xayme Mungia ham zo‘r bokschi. Lekin raqibiga nisbatan anchagina tajribasiz, hali yoshroq. Saul Alvares esa jahonning eng kuchli professional bokschilaridan biri va unda ulkan tajriba bor. Shuning uchun bu jangda Alvaresning imkoniyatini yuqori baholagan bo‘lardim.

A’loxon Abdullaev: Professional boksda bir zarba jang taqdirini hal qilib qo‘yishi mumkin. Xayme Mungia ham yaxshi bokschi. Ammo, Alvaresni mag‘lub etishga qodir deb o‘ylamayman. Katta ehtimol bilan Saul Alvares g‘alaba qozonsa kerak.



Adhamjon Muhiddinov: O‘ylaymanki, boks ishqibozlari uchun juda qiziq jang. Bu bahs borasida barchaning o‘ziga yarasha fikri bor.Shu qatori mening ham shahsiy qarashlarim mavjud va bu jangda ikkalasida ham imkoniyatlar bo‘ladi shuningdek,har ikkisining o‘ziga yarasha kuchi va printsiplari bor. Boksda birgina zarba jang taqdirini o‘zgartirib yuborishi mumkin. Biroq, nisbatan Saul Alvaresda imkoniyat yuqoriroq deb o‘ylayman.




 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!