MMA olami markaziy osiyolik chempionlarni kutib ol yoxud Dana Uaytga savollar bisyor...

  • 13 fevral, 11:47
  • 0
  • MMA

Hozirgi kunga kelib, professional sport olamida MMAning obro‘si kundan-kunga oshib bormoqda. Ayniqsa, promoushenlarning sayi-harakatlari tufayli, butun dunyoda ushbu sport turining ixlosmandlari ko‘paygandan ko‘paymoqda desak, yanglishmagan bo‘lamiz.

To‘g‘ri, havaskor yo‘nalishi bu borada maqtana olmasligi mumkin. Biroq, professional MMA deyarli boksni ham ortda qoldira oldi. Ha, Markaziy Osiyoda ham MMAning o‘z tarixi bor. Mazkur hududda bu sport turiga bo‘lgan qiziqish, intilish kuchli. Turli xil promoushenlar muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Jumladan, Octagon (Qozog‘iston), ATF Championship (O‘zbekiston), MPL (O‘zbekiston), Naiza (Qozog‘iston), WEF (Qirg‘iziston), Alash Pride (Qozog‘iston) shular jumlasidandir.

Qozog‘iston, Qirg‘iziston mamlakatlarida nisbatan ertaroq MMA bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilgan bo‘lsa, O‘zbekistonda 2016 yildan boshlab, ushbu yo‘nalishda rasman assotsiatsiya tashkil qilingan va turnirlar tashkil qilina boshlandi. Biroq, O‘zbekistonda MMAning tarixi 2000 yillarga borib taqaladi. To‘g‘rirog‘i, ushbu yillarda o‘zbekistonlik Sunnat Ilyasov ilk bor O‘zbekiston nomidan janglar o‘tkazishni boshlagan. Shuningdek, Shavkat O‘roqov, Ayubxon Kamolov, Gulbahor Amantaevalar o‘zbek MMAsining bayroqdorlari hisoblanadi.  Sunnat Ilyasov hamda Gulbahor Amantaeva pankration bo‘yicha jahon chempionligini ham qo‘lga kiritishgandi. Xullas, o‘zbekistonda MMAga bo‘lgan qiziqish aynan 2000 yillarda boshlangan.

Bratya

Tojikistonda ham ushbu sport turi nisbatan yangiroq. Biroq, hozirgi kunga kelib, havaskor yo‘nalishda jahonning eng kuchli mamlakatlar safidan o‘rin olgan. Qolaversa, professional jangchilari ham asta-sekin jahonning nufuzli promoushenlari bilan shartnoma imzolamoqda. O‘zbekiston hamda Qozog‘istonda ham havaskor yo‘nalishga jiddiy e’tibor berilmoqda va shuning uchun ham jahon hamda qit’a chempionatlarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishni boshlashdi. Bunga yaqqol misol tariqasida  IMMAF doirasida 2024 yilgi navbatdagi jahon chempionati aynan O‘zbekistonda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tishini ham aytib o‘tishimiz mumkin.

Nisbatan Turkmanistonda bu sport haqida ko‘p ma’lumotga ega emasmiz. Ammo, turkmanistonlik Davletjon Yaxshimurodov Bellator jangchisi ekanligi ham ushbu yurtda bu sport turiga befarq emasligiga misol bo‘la oladi.

Davletjon
Afg‘onistonda ham yakkakurash turlari yaxshi rivojlanganligini aytib o‘tishimiz mumkin. Hozirda ko‘plab afg‘on sportchilari xorijda istiqomat qiladi. Jumladan, UFC jangchilari Farid hamda Javid Basharat, Nasrat Xaqparastlar aynan afg‘on millatiga mansub ekanligini aytib o‘tishimiz joiz. Bunday misollarni ko‘plab keltirishimiz mumkin. To‘g‘ri, ularning aksariyati boshqa yurtda tavallud topgan, biroq afg‘on millatiga mansub ekanligini o‘zi bu yurtda aralash jang san’atlariga qiziqishni oshirishiga xizmat qiladi, deb ayta olamiz. Ehtimol, yaqin yillarda bu yurtdan yanada ko‘plab chempionlar chiqar...

Javid

Xullas, Markaziy Osiyoda MMAning kelajagi porloq deb ayta olamiz. Keling Markaziy Osiyolik MMA jangchilarining jahonning eng nufuzli promousheni UFCdagi faoliyatiga to‘xtalib o‘tsak, Demak, qirg‘izistonlik Valentina Shevchenko ayollar o‘rtasida super engil vazn (56,7 kg) toifasi sobiq chempioni hamda eng yorqin jangchisi, uning singlisi Antonina Shevchenko ham har holda jiddiy atlet sanaladi. Qolaversa, qirg‘izistonlik yarim o‘rta vazn (77,1 kg) toifasida Miqtibek Oralbay ajoyib debyut qilib, Urosh Medichni mag‘lub etdi. Albatta, Oralbay  ushbu vazndagi TOPlarga ham boshog‘riq bo‘ladi.

Kirgiziya

Tojikistondan esa so‘ngi yillarda jahonning nufuzli promoushenida faoliyat olib borayotganlar ko‘payib bormoqda. Jumladan, engil vazn(70,3 kg) toifasida “Tojikistonlik Habib” deya e’tirof etiluvchi Nurullo Aliev UFCdagi yurishini omadli boshladi va unda ham imkoniyat yuqori. Yaqin kelajakda chempionlikka da’vogarlar qatorida e’tirof etilsa, ajab emas. Shuningdek, bu mamlakatdan Loyiq Radjabov, Muin G‘ofurov, Muhammad Naimovlar ham UFCjangchilari sanaladi.

Tadjikistan11

Qozog‘istonda esa eng yorqin jangchi bu- Shavkat Rahmonov! Shavkat nafaqat Qozog‘istonda balki butun jahonda ham juda taniqli sportchi hisoblanadi. UFCni muntazam kuzatib boradiganlar bu jangchi haqida etarlicha ma’lumotga egalar. Shubhasiz, yarim o‘rta vazn (77,1 kg) toifasida chempionlikka da’vogar!  Shuningdek, Azat Maksum, Asu Alimbaev, Sergey Morozov, Mariya Agapova va debyut jangida Umar Nurmagomedov bilan jang qiluvchi Bekzat Almaxanlarni aytib o‘tishimiz mumkin. Ular ham o‘z divizionlarida etakchilar uchun muammoga aylanadi.

kazaxistan

O‘zbekistonda esa Nursulton Ro‘ziboev UFCdagi eng yorqin debyutlardan birining muallifi bo‘ldi. U Bruno Ferreyrani qay tarzda nokautga uchratganidan muxlislarni xabari bo‘lsa kerak. Shuningdek, Mahmud Muradov ham bu promoushenda 4 ta g‘alabani qo‘lga kiritib ulgurdi. Bogdan Guskov esa, Volkan Ozdemirdan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng, Zak Paugani nokautga uchratgan holda g‘alabali yurishini boshlab oldi. To‘g‘risi, Nursulton Ro‘ziboev va Mahmud Muradov o‘rta vazn (83,9 kg) toifasida kuchlilar sarasiga kirishga va chempionlikka da’vogar maqomiga erishishga qodir...Bunga umid qilamiz. Saidyoqub Qahramonov o‘ta engil vazn (61.2 kg)da UFCda ketma-ket 2 g‘alabaga erishdi. Ya’ni, Trevin Jons hamda Ronni Lourensni muddatidan avval mag‘lub etdi va Said Nurmagomedov bilan jangda total ustunlik qilayotgan bir pallada, kichik xato tufayli bo‘g‘ish usuliga tshib mag‘lub bo‘ldi. Biroq ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng UFC Qahramonov bilan xayrlashdi. Ochig‘i, tushunarsiz qaror! Bu borada Dana Uaytga savollar bisyor... Vaholanki, Qahramonov ushbu divizionda yangilik yaratishga qodir jangchi edi.

uzbBu shunchaki Markaziy Osiyolik UFC jangchilari edi xolos. Bu hududdan Bellator, ONE Championship, PFL, ACA, LFA , RIZIN, promoushenlarda ham jang qiladigan ko‘plab sportchilar bor. Bu haqida ham keyinroq ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashamiz.

Bu maqolani o‘qib, mohiyat nimada ekanligini yaxshi anglamagan bo‘lsangiz. Shu ikki og‘iz so‘z bilan aniqroq ifoda etaman. MMA olami markaziy osiyolik bo‘lajak chempionlarni kutib ol!

Ahmadbek Eshmatov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!