Rasman! O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib MMA bo‘yicha Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi!

Barchaga yaxshi ma’lum, ayni paytda dunyoda jangovar yakkakurash sport turlari orasida MMA (aralash jang san’ati) shiddat bilan rivojlanib, aksariyat sport ishqibozlari diqqat e’tiboriga tushmoqda. Bugungi kunga kelib Xalqaro aralash jang san’atlari federatsiyasi (IMMAF) xavaskor MMA dunyosining boshqaruv tashkiloti bo‘lib, unga dunyoning 123 ta davlati a’zo hisoblanadi.

MMA O‘zbekistonda ham juda tez ommalashib, yoshlarimizning sevimli sport turlaridan biriga aylanib ulgurdi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayniqsa, 2019 yilda tashkil etilgan O‘zbekiston aralash jang san’atlari assoatsiatsiyasi (UMMA) ushbu sport turining yurtimizdagi rivojiga ulkan hissa qo‘shib kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida tashkilot O‘zbekiston hududida MMA sport turi bo‘yicha ko‘plab mahalliy va xalqaro musobaqalarni tashkil etdi. Bir qator iqtidorli yoshlar etishib chiqdi va hozirgi kunda dunyo arenalarida nufuzli musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilib kelmoqda.

O‘zbekiston aralash jang san’atlari assoatsiatsiyasi va Xalqaro aralash jang san’atlari federatsiyasi bilan yaqindan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ushbu hamkorlik natijasida joriy yil O‘zbekistonda ilk bor aralash jang san’atlarining havaskorlar o‘rtasidagi Jahon chempionati bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda.

Ta’kidlash kerakki, IMMAF va UFC o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan, IMMAF xavaskorlar o‘rtasidagi musobaqalarda yaxshi natijalar qayd etgan sportchilar UFC bilan professional shartnoma tuzish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ushbu nufuzli musobaqa oldidan Xalqaro aralash jang san’atlari (IMMAF) federatsiyasi prezidenti Kerrit Braun shuningdek Bosh ijrochi direktori Densin Uayt hamda tashkilotning Osiyo qit’asi direktori Vissam Abi Nader janoblari yurtimizga tashrif buyurdi. Tashrif davomida xalqaro tashkilot raxbariyati yurtimizdagi zamonaviy sport obektlari, infrotuzilmalar bilan yaqindan tanishdi va rejalashtirilayotgan Jahon chempionatining tashkiliy masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri bilan ham uchrashdi.

Bugun poytaxtimizdagi "Hilton" mehmonxonasida Xalqaro aralash jang san’atlari (IMMAF) federatsiyasi prezidenti Kerrit Braun, tashkilotning Bosh ijrochi direktori Densin Uayt hamda tashkilotning Osiyo qit’asi direktori Vissam Abi Nader janoblari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri o‘rinbosari Shaxrillo Mahmudov hamda O‘zbekiston aralash jang san’atlari assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov ham ishtirok etdi.

Anjumanda joriy yil oktyabr oyida O‘zbekistonda ilk bor aralash jang san’atlarining havaskorlar o‘rtasidagi Jahon chempionati bo‘lib o‘tishi rasman e’lon qilindi. Ta’kidlash kerakki, bunday yuqori saviyadagi turnir Markaziy Osiyo davlatlari orasida ilk bor o‘tkazilmoqda va O‘zbekiston bu borada birinchi bo‘ladigan bo‘ldi.

Matbuot anjumani davomida xalqaro tashkilot rahbarlari OAV xodimlari hamda sportchilar tomonidan berilgan savollarga batafsil javob qaytarishdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!