Rekordni yangilagan Shomurodov qaysi terma jamoalarga nechta gol urgan?

2026 yilgi jahon chempionatining saralash turniri doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchinchi uchrashuvini safarda Gonkong terma jamoasiga qarshi o‘tkazdi.

Hamyurtlarimiz dastlabki ikki bahsdan birinchisida safarda Turkmanistonni 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, keyingisida Eron terma jamoasi vakillari bilan Toshkentda 2:2 hisobida durang o‘ynagan edi.

Srechko Katanets shogirdlari Gonkongdagi bellashuvda ham hujumkor o‘yin ko‘rsatishga harakat qildi. Biroq mezbonlar katta kuch bilan himoyalangani bois, raqib darvozasiga yo‘l topish qiyin bo‘ldi. Qolaversa, hakam Eldor Shomurodovning  to‘rtinchi daqiqada urgan golini inobatga olmadi. Bu vaziyatda to‘p hujumchining elkasiga tekkan edi. Hakam Eldorni qo‘l bilan o‘ynadi, deb hisoblamadi.

Ikkinchi bo‘limning to‘rtinchi daqiqasida Eldor baribir o‘z nomiga gol yozdirib qo‘ydi. Bu gol Eldor Shomurodovning terma jamoamiz tarixidagi eng ko‘p gol urgan futbolchi sifatidagi rekordini yangiladi. Endi Shomurodov hisobida 69 ta o‘yinda kiritilgan 39 ta gol bor.

2015 yildan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasi sharafini himoya qilib kelayotgan 28 yoshli hujumchi gollarini qaysi mamlakatlar terma jamoalariga urgani ko‘pchilik futbol ishqibozlarini qiziqtirsa kerak.

Sports.uz portali Shomurodov yo‘llagan to‘plarni o‘z darvozasidan olib chiqqan terma jamoalar haqida ma’lumot beradi.

Eldor terma jamoamiz safidagi ilk golini uchinchi o‘yinida – Osiyo chempionatining saralash turnirida Bahrayn darvozasiga kiritgan.

2016 yil davomida forvardimiz o‘z hisobiga uchta gol yozdirib qo‘ydi. Uning aniq zarbalari Livan, Kanada, Iroq  darvozalaridan joy oldi.

2017 yilning boshida o‘rtoqlik uchrashuvida Gruziya darvozasiga bir juft to‘p kiritgan hujumchimizda qariyb ikki yillik quruq seriya kuzatildi.

Eldor noxush seriyaga 2019 yilning yanvarida barham berdi. Osiyo chempionati uchrashuvlarida O‘mon va Yaponiyaga bittadan, Turkmanistonga ikkita gol urdi. Mana shu yilning o‘zida Xitoy, Yaman, Saudiya Arabistoniga bittadan, Suriya, Singapur, Falastinga ikkitadan to‘p kiritildi.

Shomurodov 2020 yili Italiya chempionatiga ko‘chib o‘tganidan keyin, milliy terma jamoamizdagi statistikasi ham ijobiy tomonga o‘zgargani kuzatildi.

Mohir hujumchimiz Evropadagi kuchli beshlik chempionatidan kelib, Eron darvozasini ishg‘ol qildi. Keyingi yili Singapur va Shvetsiya bilan bo‘lgan o‘yinlarda bir martadan darvozasiga yo‘l topdi.

2022 yilgi bellashuvlarda “italiyalik legionerimiz” Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Kosta-Rikaga bittadan,  Janubiy Sudanga ikkita, Uganda va Maldiv orollari terma jamoalariga uchtadan to‘p kiritib, sermahsulligi oshib borayotganini ko‘rsatdi.

Shomurodov 2023 yilni ham yuqori saviyada o‘tkazdi. Uning Boliviya va Tojikistonga urgan gollari futbolchilarimizning g‘alabasini ta’minladi. Shuningdek, Eldor Turkmanistonga qarshi ikkita uchrashuvda jami uchta to‘p kiritdi.

Umuman olganda, Turkmaniston Shomurodovning “sevimli” jamoasiga aylanib qolgan. Hamyurtimiz turkmanlarga qarshi uch marta maydonga tushib, beshta gol va ikkita assist qayd etdi.

Aslida 28 yoshli forvard statistikasini Qatarda o‘tkazilgan Osiyo kubogida yaxshilab olishi mumkin edi. Biroq Shomurodov og‘ir jarohat tufayli qit’a chempionatini o‘tkazib yubordi.

Shomurodovning 2024 yildagi terma jamoa safidagi ilk o‘yini omadli chiqdi. Eldor termaga qaytganini gol bilan nishonladi. Qolaversa, Gonkong  Eldor Shomurodov darvozasini zabt etgan 25-terma jamoa bo‘ldi.

Gonkong va O‘zbekiston uchrashuvida Rustam Ashurmatov ham xalqaro miqyosidagi ilk golini urib, bellashuvning 2:0 ko‘rinishidagi yakuniy hisobini ta’minladi. 

Ochkolari sonini ettitaga etkazib olgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi endi 26 mart kuni jahon chempionati saralash bosqichining to‘rtinchi turida Gonkongni Toshkentda qabul qiladi.

Fayzullaev muxlislariga xushxabar

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Ilhomjon Feyz
23/03/2024 07:23
1871 та дарвозага тепилган зарбадан 39 гол бўса керак. Неча дақиқа ўйнагани, неча матта туалетга кирганиниям ёзинглар.
&
Абдурахмон лидер
21/03/2024 21:24
Нега Рахмоналиевни расми қўйилган? Муаллифни қариндошими диман.