
Superliga 13-tur. Liga komissari bildirgisidan ko‘chirma
Xabaringiz bor, 19-23-iyun kunlari Superligada 13-tur uchrashuvlari o‘tkazildi.
"Neftchi" 1:0 "Buxoro"
"Buxoro" bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoev qizil kartochka olganidan so‘ng uchrashuv komissari mehmon jamoaga matbuot anjumanida qaydnomada ko‘rsatilgan murabbiy qatnashishi kerakligini ma’lum qilgan. Biroq, o‘yindan keyingi matbuot anjumanida "Buxoro" nomidan qaydnomada bo‘lmagan murabbiy – Mixail Eramchuk ishtirok etgan.
Bundan tashqari, Mixail Eramchuk matbuot anjumani davomida hakamning faoliyatiga qator e’tirozlar bildirgan. Biroq, "Buxoro" jamoasi uchrashuvdan so‘ng hakamning faoliyati bo‘yicha hech qanday rasmiy e’tiroz kiritmagan va bu orqali "Superliga va Proliga reglamenti"ning 23.11 bandini buzgan.
"Buxoro" klubining ishi Tartib-intizom qo‘mitasiga oshirildi.
"Dinamo" 0:3 "Bunyodkor"
"Dinamo" klubi uchrashuv komissarining bir necha bor ogohlantirishiga qaramay VAR mashinasi turgan joy, futbolchi va uchrashuv rasmiylari kirib-chiquvchi hududlarda xavfsizlikni ta’minlay olmagan, bu orqali "Superliga va Proliga reglamenti"ning 15.5 va 15.9 bandlari buzilgan.
"Dinamo" klubining ishi Tartib-intizom qo‘mitasiga oshirildi.
"Navbahor" 3:0 OKMK
"Navbahor" jamoasi uchrashuvda faoliyat olib borayotgan fotosuratchi va to‘p olib kelib beruvchi bolalarni etarlicha o‘rindiq bilan ta’minlay olmagan.
Shuningdek, uchrashuvni yakunlovchi hushtak chalinganidan so‘ng maydonga tegishli ruxsatnomasi yo‘q shaxslar tushib kelgan. Bu shaxslar jamoalarning kiyinish xonasi yonigacha etib borib, tegishli xodimlarining talablariga bo‘ysunmay, ularga qarshilik ko‘rsatgan.
Stadiondagi to‘p olib beruvchi bolalar tomonidan o‘yin davomida mehmon jamoaga to‘p uzatmaslik va uni yashirib qo‘yish holatlari kuzatilgan. "Navbahor" klubi ma’murlariga bu bo‘yicha ogohlantirish berilganidan so‘ng ham holat davom etgan.
Yuqoridagi holatlar oqibatida "Superliga va Proliga reglamenti"ning 15.5, 15.9, 15.11 va 15.14 bandlari buzilgan.
Bundan tashqari, "Navbahor" futbolchilari ogohlantirishlarga qaramay, mikst-zona orqali harakatlanmasdan, stadionni boshqa yo‘l bilan tark etgan. Bu orqali "Superliga va Proliga reglamenti"ning 18.7 bandiga amal qilinmagan.
"Navbahor" klubining ishi Tartib-intizom qo‘mitasiga oshirildi.
Fikrlar