Aziz Turg‘unboev: Top-klublardan taklif bo‘lganida ham “Navbahor”ni tashlab ketgim kelmadi

  • 8 may, 2018, 20:59
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Namanganlik iqtidor egasi Aziz Turg‘unboev joriy mavsumni yuqori kayfiyatda o‘tkazayotganini ko‘pchilik ko‘rib turibdi. U qisqa muddat ichida “Navbahor” jamoasining etakchisiga va muxlislarning sevimli futbolchiga aylana oldi. Namanganliklarning o‘yini bevosita Turg‘unboevga bog‘liq desak adashmaymiz. Zero, Azizning o‘yini qovushsa “Navbahor” ham yaxshi o‘ynayapti. Agar futbolchining o‘yini ko‘ngildagidek chiqmasa, u holda bu jamoaning o‘yiniga ham ta’sir qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, Turg‘unboev ishqibozlarning og‘zidan tushmayapti. Qolaversa, u mart oyining ham eng yaxshi futbolchi sifatida e’tirof etilgani ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. Yaqinda uning o‘zi bilan suhbatda bo‘ldik.

Tecno

- Azizbek, ko‘pchilik sizni mavsum kashfiyoti sifatida e’tirof etmoqda. Masalan, o‘tgan safar mart oyining eng yaxshi futbolchisi bo‘ldingiz. Bunday maqtov va e’tibor ko‘payib ketgan paytda o‘zingizni “ushlab” turish qiyin bo‘lmayaptimi?

- Oy laureati bo‘lganimdan juda xursand bo‘ldim, chunki bu mening shaxsiy birinchi yutug‘im bo‘ldi. Men hech qachon osmonga “uchib” ketmayman. Meni eng yaxshisi deb topishlarini kutmagandim. Shu bois men uchun yoqimli syurpriz bo‘ldi. Bunday e’tibor va munosabat keyinchalik ham meni yanada yaxshiroq o‘ynab, chiroyli gollar urishimga undab turadi. Oy laureatlarini joriy etgani uchun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbarlariga minnatdorchilik bildiraman.

- Tan olish kerakki, sizdagi bunday o‘yin, abjirlik, iqtidor boshqalardan farq qilib turibdi. Ayting-chi, o‘z iqtidoringizni ko‘rsata olishingizda sizga asosiy ko‘makchi bo‘layotgan inson kim?

- Buning asosiy sababchisi Ilhom Mo‘minjonov. Bosh murabbiyimiz menga katta ishonch bildirib, har doim qo‘llab-quvvatlayapti. Buning ustiga muxlislar bizni yolg‘izlatib qo‘ymasdan, doim qo‘llab turishibdi. Meni qo‘shimcha kuchlantirayotgan xususiyatlar shular deb o‘ylayman. Ammo meni kashf qilishiga Mo‘minjonov sababchi.

- U holda ayting-chi, Ilhom Mo‘minjonov siz uchun qanday murabbiyga aylandi?

- U tufayli men katta futboldaman. Ilhom Ibragimovichni O‘zbekistondagi eng yaxshi murabbiylardan biri deb hisoblayman. Menga shunchalik yordam berib, futbolchi sifatida o‘sishimga yordam berayotgani uchun rahmat.

- Qiziq, Aziz Turg‘unboevning bolaligi qanday o‘tgan?

- Namangan shahridagi 15-sonli futbol litseyida o‘qiganman. Birinchi murabbiylarim – Ilhom Abduqodirov bilan Xurshid Yo‘ldoshev. Dastlab ularning qo‘li ostida tahsil olganman. Keyin olimpiya zaxiralari sport kollejiga imtihon topshirganman, ammo u erga kira olmagandim. Keyin oddiy kollejga kirganman, ammo sport kollejida shug‘ullanib yurardim. Oilaviy sharoitim og‘irligi tufayli futbol litseyida yotib yurardim. Buning uchun menga sharoit yaratib bergan Hasanboy Dadamirzaevga minnatdorchilik bildiraman. O‘sha futbol litseyini bitirib chiqib ketganimga qaramasdan, menga yotib turishim uchun sharoit yaratib bergandi. Shu bois Hasanboy akaga katta rahmat. Xudoga shukurki, o‘sha qilgan mehnatlarimning rohatini ko‘rishni boshlayapman.

- Shuningdek, bu borada dadangizning ham o‘rni katta bo‘lsa kerak-a?

- Ha, to‘g‘ri. Aslida meni birinchi bor futbolga olib kelgan inson dadam – Murodjon Haydarov bo‘ladi. Menga qo‘lidan kelgan barcha sharoitlarni yaratib bergandi. Buning uchun dadamga ming rahmat.

- Ayni paytda sizni O‘zbekiston olimpiya terma jamoasiga ham chaqirishyapti. Bu siz uchun oldinga tashlangan qadam ekanligi shubhasiz. Lekin olimpiyachilarimizning Osiyo chempioniga aylanganida o‘sha tarkibda bo‘lishni istaganingiz tabiiy...

- Ha, albatta. Men ham terma jamoamiz safida bo‘lishni orzu qilgandim. Ammo yigitlardan bir yoshga kattaligim tufayli musobaqaga bora olmagandim. Endi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida uch nafar yoshi katta futbolchilarni jalb qilish imkoniyati bor. Shuning uchun Ravshan Haydarov meni yig‘inlarga chaqiryapti. Bunday imkoniyatdan foydalanib qolishim kerak. Shu bois murabbiyning ishonchini oqlab, O‘zbekistonni yana bir bor Osiyo chempioni qilishga harakat qilamiz.

- O‘zbekiston bo‘ylab hammaning e’tiborida Aziz Turg‘unboev nomi tanilib boryapti. Ayting-chi, katta muvaffaqiyatlar sari intilayotgan futbolchining orzusi nima?

- Asosiy orzuim O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida jahon chempionatida ishtirok etib, mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishdir. Hozirgi paytda o‘zimga berilayotgan ishonch va qo‘llab-quvvatlash meni yanada kuchli qilyapti. Bu harakat orqali keyinchalik futboldagi yo‘limni ham belgilab olayotganimdan xursand bo‘lyapman.

- O‘tgan yilgi mavsum tugaganidan keyin sizga “Nasaf”dan jiddiy qiziqish bo‘lgandi. Ammo Ilhom Mo‘minjonov sizni “Navbahor”da olib qolgandi. Aslida voqealar rivoji qanday bo‘lgandi?

- To‘g‘ri, menga top-klublardan qiziqish bo‘lgandi. To‘g‘risi, “Navbahor”ni tashlab ketgim kelmadi. Men katta futbolga shu erda qadam bosdim va ushbu klub orqali faoliyatimda poydevor qo‘ydim. Klubni yuqori o‘rinlarga olib chiqqanimizdan keyin ketaman.

- U holda ayting-chi, bu yilgi mavsumda jamoangizning qanday muvaffaqiyatlarga erishishga ko‘zingiz etadi?

- Bu yilgi chempionatda jamoamizni kuchli uchtalikdan joy olishini ta’minlab, Osiyo Chempionlar ligasiga olib chiqmoqchimiz. Mana shundan keyin faoliyatimni boshqa klubda davom ettirmoqchiman.

- “Navbahor”dan shuningdek, Akmal Turg‘unboev ham ro‘yxatda o‘tkazilgan. U sizning ukangizmi?

- Yo‘q, menga hech qanday aloqasi yo‘q, shunchaki familiyadoshmiz. Oilada uchta farzandmiz. Men eng kenjasiman. Akam zavodda ishlaydi. Shuningdek, opam ham bor, u o‘qituvchi.

Shuhratbek JO‘RAEV.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!