
Davron Hoshimov: Kanchelskisning uslublari eski
Yaqinda “Lokomotiv” klubiga o‘tgan himoyachi Davron Hoshimov Osiyo Kubogida O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibida munosib o‘yin ko‘rsatgan futbolchilardan biri bo‘ldi. O‘tgan yili “Navbahor”dagi o‘yinlari orqali katta o‘sishga erishgan himoyachi o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlay oldi. Hozirda “Lokomotiv” bilan Turkiya yig‘inida qatnashayotgan Hoshimov bilan suhbatda ko‘plab qiziqarli masalalar haqida gaplashdik.
“Paxtakor”da pul yo‘q paytda ham o‘ynadik, ammo...”
- Oxirgi paytlarda o‘yiningizda ancha o‘sish bo‘ldi. “Navbahor”da ishonchni oqlaganingizdan keyin sizni milliy terma jamoaga ham chaqirishdi. Endi bo‘lsa, yangi mavsumda faoliyatingizni “Lokomotiv” klubida davom ettiradigan bo‘ldingiz. Dastlab ushbu jamoaga ko‘chib o‘tishingiz jarayoni qanday amalga oshirilgani haqida gapirib bersangiz?
- “Navbahor” bilan o‘rtamizda tuzilgan shartnoma tugagani sababli terma jamoadagi o‘yinlarimizdan so‘ng “Lokomotiv” jamoasidan taklif tushdi. Menga klub rahbariyati aloqaga chiqishdi. Ularning Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etishini hisobga oldim, buning ustiga O‘zbekistonning uch karra chempioni hisoblanadi. Shunday omillar tufayli “Lokomotiv”ga o‘tdim. Bunday jamoada to‘p surish orqali o‘yinimda yanada o‘sish bo‘lishiga ishonaman. Qolaversa, Chempionlar ligasida yana o‘zimni ko‘rsatish uchun ham imkoniyat bo‘ladi. Men o‘zim uchun to‘g‘ri tanlovni amalga oshirdim.
- Katta futbolga “Paxtakor” orqali kirib keldingiz. U erda bir necha mavsum to‘p surdingiz. Ammo keyinchalik klubda sizga ishonch bilidirilmadi. Bu esa faoliyatingizda ijobiy turtki bergandek bo‘ldi va sizni yanada kuchli qildi. Negaki, “Navbahor”da o‘zimiz uchun yangi Davron Hoshimovni kashf qildik. Natijada milliy terma jamoa bilan Osiyo Kubogida qatnashdingiz. Demoqchimanki, “Paxtakor”dan ketgach, o‘zingizni kuchli ekaningizni ularga isbotlash ishtiyoqi kuchlilik qildimi?
- To‘g‘ri aytasiz, 2009 yili “Paxtakor”ning yoshlar jamoasiga qo‘shilganman. 2011 yildan boshlab asosiy tarkibda o‘ynashni boshlaganman. Natijada 2017 yilgacha “Paxtakor” klubida to‘p surdim. To‘g‘risi, bu jamoani yaxshi ko‘rardim. Bu erga yangi rahbarlar va murabbiylar kelishgach, negadir menga ishonch bildirishmadi. Shundan so‘ng terma jamoada o‘ynash uchun boshqa klubga ketishim kerak edi va o‘zimni bu narsaga tayyorladim. “Paxtakor” menga ishonmaganidan keyin u erda qolib nima qilaman? “Navbahor”ga o‘tganimdan so‘ng mas’uliyatni yanada chuqurroq his qilib, o‘zimni ko‘rsatishga harakat qildim. Xudoga shukrki, mana terma jamoaga ham chaqirishdi va endi “Lokomotiv” jamoasida to‘p suraman. Hamisha “Paxtakor” uchun o‘zimning kuchli tomonlarimni ko‘rsatishga harakat qilaveraman. Bundan keyin ham o‘z ustimda ishlashda davom etaman. Lekin bir narsa menga alam qiladi. Shuncha yil “Paxtakor” uchun o‘ynadik. Qiyin damlarni boshimizdan kechirdik, pul yo‘qligida ham jamoa manfaati uchun to‘p surdik va chempion bo‘lgan davrlarimiz ham bo‘ldi. Endi “Paxtakor”da moliyaviy tomondan imkoniyatlar yaxshilanib, biz ham maza qilib o‘ynaymiz degan paytimizda bizga ishonch bildirishmagani juda og‘ir botdi. Mening birinchi jamoam “Paxtakor”, ikkinchisi esa “Navbahor”. Tan olaman, Namangandagi faoliyatimni boshlaganimda qiyin bo‘ldi. Chunki hali “Paxtakor”dan boshqasida o‘ynamagandim. Keyinchalik “Navbahor”ga ko‘nikib ketdim. “Paxtakor”dagi xotiralarni tezroq unutib, yangi jamoamga moslashishga harakat qildim. Xudoga shukrki, “Navbahor”da o‘z kuchimni isbotlay oldim va Ektor Kuperning nazariga tushdim. Osiyo Kubogida ham ishonchni oqlashga harakat qildim. Hayotim kurashlardan iborat bo‘lmoqda. “Paxtakor”dan ketgach, boya aytganimdek, hammaga foyda keltira olishimni isbotlashga harakat qilib kelyapman. Mehnat qilishdan to‘xtamayapman. Bilaman, “Lokomotiv”da ham menga oson bo‘lmaydi. Chunki bu erda ham raqobat kuchli. Lekin hech qachon raqobatdan qo‘rqmayman. Bundan keyin ham o‘zimga ishonishda davom etaman.
“Osiyo Kubogida o‘z kuchimni isbotlashga harakat qildim”
- Shuningdek, “Lokomotiv”ga o‘tishingizdan oldin sizni “Surxon”ga ham ko‘chib o‘tishingiz haqida gap-so‘zlar chiqqandi. Bu xabarlar qanchalik haqiqatga mos edi?
- To‘g‘ri, “Navbahor”ning sobiq bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonov bilan yaxshi aloqada edik. Shu bois Ilhom aka tomonidan menga taklif bo‘ldi. U bilan bir yil davomida ishladik. Meni “Paxtakor”dan “Navbahor”ga olib o‘tdi, imkoniyat berdi. O‘sha murabbiy orqali ham terma jamoaga qaytdim. O‘z ustimda ishlashda Ilhom Mo‘minjonov katta yordam berdi. “Navbahor”ga o‘tayotganimda seni terma jamoaga qaytaramiz degandi. “Surxon”ga bosh murabbiy bo‘lganidan keyin esa menga yana taklif bilan chiqdi. U bilan gaplashgach, yo‘q demadim, faqat taklifingizni o‘rganib chiqaman deb aytgandim. Keyinchalik menga “Lokomotiv”dan jiddiy taklif bo‘lganidan so‘ng Mo‘minjonovga vaziyatni to‘g‘ri tushuntirdim va aka-ukachiligimiz yo‘qolmasin deya yaxshi ma’noda xayrlashdim.
- Osiyo Kubogidagi terma jamoamizning ishtiroki haqida nimalarni ayta olasiz?
- Osiyo Kubogida terma jamoamizda ancha o‘zgarish bo‘ldi. Ektor Kuper o‘yinimizga yangiliklarni olib kirdi. Himoyachi sifatida shuni aytishim mumkinki, biz himoyachilar bilan to‘g‘ri ishladi. Bizga o‘z ishimizni qanday bajarishimiz kerakligini atroflicha o‘rgatdi. Har birimizga nima qilishimiz kerakligini uqtira oldi. Futbolni qo‘rqmasdan o‘ynashimizni o‘rgatdi. Masalan, ba’zida biror-bir futbolchi xato qilib qo‘ysa, keyin yana o‘sha xatoni takrorlab qo‘ymay deb qo‘rqib o‘ynaydi. Shuning uchun Kuper biz futbolchilarda o‘sha qo‘rquvni yo‘qota oldi. Shuningdek, ko‘proq pas berib o‘ynashni o‘rgatdi. Qolaversa, vatan tuyg‘usi hamma narsadan ustun ekanligini ham miyamizga singdirdi. Bizga kuchli “nastroy” berdi. Avstraliya bilan o‘yinda esa bizga faqat omad etishmadi. Agar penaltilar seriyasidan o‘tganimizda oxirigacha borishimizga ishonardik.
- Penaltilar seriyasida omadsizlikka yuz tutganimizdan keyin jamoadagi vaziyat qanday edi?
- Hech kim hech nima demadi. Albatta, bu alamli mag‘lubiyat bo‘ldi. 120 daqiqada davomida bor kuchimizni berdik. Penaltlar seriyasida yutqazganimiz baribir alamli. Balki endi penaltilar tepish borasida ham ko‘proq ishlashimiz kerakdir.
- Osiyo Kubogining yakuniy ro‘yxatidan joy olishingizga ishonchingiz kattamidi?
- Avstraliyadagi yig‘inda tashkil etilgan o‘rtoqlik uchrashuvida qizil kartochka olgandim. Rosti, shundan so‘ng meni Osiyo Kubogiga olib ketarmikin-yo‘qmi, degan havotir bor edi. Ammo yakuniy ro‘yxatga kirganimni bilgach, Osiyo Kubogida menga bildirilgan ishonchni isbotlash uchun harakat qildim.
“Kanchelskisning uslublari eski”
- Ektor Kuper asosiy tarkibni tanlashda biroz qiynaldi shekilli. Boshida siz zaxira o‘yinchisi edingiz, keyin esa Akmal Shorahmedovning o‘rniga zaxiradan maydonga tushgach, ishonchli o‘yiningiz tufayli uning joyini olib qo‘ydingiz va asosiy tarkib a’zosiga aylandingiz. O‘zingiz uchun yarimta imkoniyatdan maksimal darajada foydalana oldingiz...
- Osiyo Kubogiga ketishdan oldin “Navbahor” bilan tuzgan shartnomam tugagandi. Natijada deyarli jamoasiz qolgandim. Shu bois Osiyo Kubogida bor kuchimni berib o‘ynashim kerak edi va shunga yarasha biror-bir klubdan taklif bo‘lishini istadim. Bunday musobaqalarda himoyachilar zaxiradan maydonga kamdan-kam tushishadi. O‘zingiz aytganingizdek, menga beriladigan yarimta imkoniyatdan maksimal foydalanish uchun hamma imkoniyatni ishga soldim. Har bir uchrashuvga kuchli tayyorgarlik ko‘rardim. Afsuski, “Navbahor” men bilan ishlashdan bosh tortdi, shunga qaramay, o‘zim ishlashda davom etdim.
- Demak, siz bilan hamkorlik qilishni “Navbahor”ning o‘zi xohlamadi, shundaymi?
- Ha, shunday. Mening o‘rnimga serbiyalik Lukich degan o‘yinchini olib kelishdi. Keyin esa mening hujjatlarimni berib yuborishdi. To‘g‘risi, jamoaga borimni berib, shuncha mehnat qilgan bo‘lsam ham ularning bu ishi menga og‘ir botdi. Afsuski, “Navbahor”da menga shunday munosabatda bo‘lishdi.
- “Navbahor” rahbariyati bilan mazkur masala yuzasidan gaplashmadingizmi?
- Yo‘q, bog‘lanmadim. Nima qilaman, ahir hammasi tushunarli-ku. Ularga qo‘ng‘iroq qilsam javob berishmadi. Ayniqsa, Osiyo Kubogiga ketishdan avval “Navbahor”dagilar bilan bog‘lanishga harakat qildim, ammo hech kim gaplashishni istamadi. Osiyo Kubogiga jamoasiz bordim. Qolaversa, o‘shanda oldimda hech qanday variantim ham yo‘q edi. Bu esa futbolchi uchun yoqimsiz holat.
- Balki “Navbahor”ga sizni Ilhom Mo‘minjonov taklif qilgani va uning o‘zi ketgani uchun klubdagilar siz bilan hamkorlik qilishni xohlashmagandir, nima deb o‘ylaysiz?
- Bilmadim, endi bu yog‘i menga qorong‘u.
- “Navbahor”da Mo‘minjonovning o‘rnini Andrey Kanchelskis egalladi, jamoa esa 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Rossiyalik murabbiyga qanday ta’rif berasiz?
- 3-o‘rin Ilhom Mo‘minjonovniki deb o‘ylayman. Mavsumni kuchli uchlikda tugatishimiz aniq bo‘lib qolgandi. Faqat uch ochkoni qo‘lga kiritsak bo‘ldi edi. Kanchelskis bilan Mo‘minjonov o‘rtasidagi farq haqida nima deyishim mumkin? Ilhom aka o‘zimizning mahalliy murabbiy, Kanchelskis esa rossiyalik. Mo‘minjonovni yosh, izlanuvchan murabbiy deb hisoblayman. Rossiyalik murabbiyning mashg‘ulotlarida ishlab, eski uslublar qo‘llanilayotganini his qildik. Ilhom Mo‘minjonov boshchiligida esa har kuni yangidan-yangi taktik uslublar ustida ishlardik. Shu fursatdan foydalanib namanganlik muxlislarga aytadigan gapim bor: men ularni hurmat qilaman, har doim meni qo‘llab-quvvatlab turishdi. Osiyo Kubogi musobaqasi davomida ham ruhlantiruvchi so‘zlarni yozib, olg‘a undashdi. Namanganlik ishqibozlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Terma jamoaga qaytishimda ularning ham katta hissalari bor. “Navbahor”da o‘ynab g‘olib bo‘lish qanchalik qiyinligini his qildim. “Paxtakor”da o‘ynagan kezlarimda u erda asosan kuchli futbolchilar yig‘ilishgandi. Shu bois 70-80 foiz kuch bilan o‘ynab g‘alaba qozonaverardik. “Navbahor”da esa bitta gol urganimizdan so‘ng uning qanchalik qadrli ekanligini va g‘alabaning mohiyati naqadar kattaligini his qildik. Futbolning haqiqiy muhitini Namanganda sezdim. Muxlislar esa bizni fantastik darajada qo‘llab-quvvatlashdi.
“Kuper qizil kartochkadan extiyot bo‘lishimni rosa uqtirdi”
- Endilikda “Lokomotiv” bosh murabbiyi Andrey Fyodorov qo‘li ostida shug‘ullanyapsiz. Yangi jamoaga moslashish qanday kechmoqda?
- “Lokomotiv”ga qo‘shilganimga hali ko‘p vaqt bo‘lmadi. Ammo moslashish jarayoni yaxshi ketmoqda. Andrey Fyodorovning o‘zi sobiq himoyachi bo‘lgani uchun mashg‘ulotlardan keyin alohida himoyachilar bilan ishlamoqda.
- Ektor Kuper bilan ishlashda siz uchun qanday yangilik yuz berdi?
- Uni taktik jihatdan kuchli deb hisoblayman.
- Osiyo Kubogida kutilmaganda Qatar chempionlikni qo‘lga kiritdi. Bunga fikringiz qanday?
- Qatarni chempion bo‘lishini hech kim o‘ylamagandi. Ko‘rganingizdek, ular jamoaviy o‘yin ko‘rsatishdi. Shuningdek, omad ham kulib boqdi. Yaponiya yoki Eron chempion bo‘ladi deb o‘ylagandim. Qatarga esa shunchaki qoyil qolishimiz kerak.
- Osiyo Kubogi shuningdek, futbolchilar uchun katta reklama vazifasini ham bajaradi. Siz ham xorijdan taklif bo‘lishini kutdingizmi?
- To‘g‘ri, har bir o‘yinchi o‘zini ko‘rsatgisi va xorijdan takliflar tushishini xohlaydi. Lekin menga xorij klublaridan taklif bo‘lgani yo‘q. Endi “Lokomotiv”da o‘zimni ko‘rsatishga harakat qilaman.
- O‘yin paytida haqiqiy jangchi futbolchiga aylanasiz. Kurashlardan o‘zingizni olib qochmaysiz. Natijada ko‘pchilik sizda qizil kartochkaga bo‘lgan moyillikni yuqori deb baholashadi. Lekin hayotda ancha og‘ir-bosiqsiz.
- Maydonga tushganda hamma narsani unutib kuchli shijoat bilan o‘ynayman. Hech qachon sariq yoki qizil kartochka olaman deb maydonga tushmayman. Faqat xissiyotlarga berilib ketaman xolos. Terma jamoada ham o‘yinga chiqishdan oldin menga Ektor Kuper va uning yordamchilari qizil kartochkadan extiyot bo‘lgin deb rosa tayinlashdi. Avstraliya bilan uchrashuvda sariq kartochka olganimdan so‘ng 5-6 daqiqa davomida xayolimda bu sariq qizil kartochkaga aylanib ketmasmikin degan xavotir o‘rnashib qoldi. Keyinchalik o‘zimni qo‘lga oldim.
- “Lokomotiv” bilan “Paxtakor” jamoalari o‘zaro futbolchi almashtirayotgandek tuyulmoqda. Chunki biri “Loko”ga o‘tsa, yana biri “Paxtakor”ga o‘tyapti. Ayting-chi, hozirgi jarayonda “Lokomotiv”dagi futbolchilarning biri-biriga bo‘lgan e’tibori va muhit qanday?
- “Lokomotiv”ga qo‘shilib shuni bildimki, bu erda muhit zo‘r ekan, kelishim bilanoq meni iliq qarshi olishdi. Ijtimoiy tarmoqda jamoa a’zolarining o‘zlari tomonidan ochilgan telegramdagi kanalida alohida guruhi bor ekan, meni ham darhol ushbu guruhga qo‘shib qo‘yishdi. Jamoada hamjihatlik bor. To‘g‘ri aytyapsiz, rostdan “Paxtakor”dan “Lokomotiv”ga, “Lokomotiv”dan esa “Paxtakor”ga o‘tishyapti. Bu transferlar qanday samara keltirishini chempionat o‘yinlari ko‘rsatadi.
- Futboldagi eng yaqin do‘stingiz kim?
- Sherzod Karimovni futbolda va hayotda ham do‘stim, ham akamdek ko‘raman. Uni qattiq hurmat qilaman. Doim Sherzod Karimov bilan gaplashib, maslahatlashib yuraman.”Lokomotiv”da esa Jamshid Iskanderov bilan birgaman.
Fikrlar