
Dunyoni lol qoldirayotgan Xitoy jamoalari haqida nimalarni bilasiz?
Bugungi kunda deyarli har kuni qaysidir mashhur futbolchiga Xitoydan qiziqish bo‘layotgani haqida o‘qimoqdamiz, ko‘rmoqdamiz yoki eshitmoqdamiz. Xo‘sh, Xitoy chempionatidagi jamoalar va ulardagi “yulduzlar” bilan tanishib qo‘ysak, zarar qilmasa kerak.
Avval Xitoy Superligasidagi jamoalar va ularning nomlanishlarini ikki xil variantda taqdim etamiz.
1. GUANGZHOU EVERGRANDE TAOBAO (Guanchjou Evergrand)
2. JIANGSU SUNING (Tszyansu Suning)
3. SHANGHAI SIPG (Shanxay SIPG)
4. SHANGHAI GREENLAND SHENHUA (Shanxay Shenxua)
5. BEIJING GUOAN (Beyjin Guoan)
6. GUANGZHOU R&F (Guanchjou Fuli)
7. HEBEI CHINA FORTUNE (Xeybey Chayna)
8. CHONGQING LIFAN (Chonjing Lifan)
9. YANBIAN FUNDE (Yanban)
10. TIANJIN TEDA (Chuntsin Teda)
11. LIAONING FC (Lyaonin)
12. CHANGCHUN YATAI (Chanchun Yatay)
13. HENAN JIANYE (Xenan)
14. SHANDONG LUNENG TAISHAN (Shandung Luneng)
15. TIANJIN QUANJIAN (Tyanchzin)
16. GUIZHOU HENGFENG ZHICHENG (Guychjou Chjichen)
Ushbu jamoalar haqida to‘liqroq ma’lumot olish uchun Germaniyaning mashhur “transfermarkt” saytiga murojaat etdik. Zero, mazkur portal orqali biz Xitoy jamoalari va ularning tarkiblari narxini bilib olishimiz mumkin. Quyida ana shu portal ma’lumotlariga asosan o‘ziga xos reyting tuzib chiqdik.
Mazkur sayt ma’lumotlariga ko‘ra, Superliganing eng arzon jamoasi “Xenan” klubi ekan. Ushbu jamoa tarkibida bizga tanish bo‘lgan birorta futbolchini uchratmadik. Laqabi “qizil iblislar” bo‘lgan jamoaning narxi 4.2 mln evroga teng ekan.
Undan keyingi pog‘onada esa “Yanban” klubi bormoqda. O‘tgan mavsum chempionatni 9-o‘rinda yakunlagan jamoa tarkibi 4.45 mln evroga baholangan.
“Lyaonin” jamoasi tarkibi 6.7 mln evro turar ekan. Laqabi “shimoli-sharq yo‘lbarslari” bo‘lgan jamoa tarkibida to‘p suruvchi legionerlar asosan afrikalik ekanini kuzatish mumkin. Aytgancha “Forbes” nashri 2014 yil “Lyaonin”ni 67 mln AQSh dollariga baholagan.
“Chanchun Yatay” jamoasi haqida esa yurtdoshlarimiz yaxshi ma’lumotga ega. Anzur Ismoilov to‘p tepadigan mazkur jamoada bir paytlar yana bir hamyurtimiz Vladimir Shishelov ham o‘ynagan. Bugungi kunda yatayliklar tarkibida Ismoilovdan tashqari xorvatiyalik legionerlar ham faoliyat yuritsada, jamoa tarkibi 7.15 mln ervoga baholangan, xolos.
“Guychjou Chjichen” klubi endi Superligaga chiqqan bo‘lsada, ushbu jamoa tarkibi 7.33 mln evro turar ekan.
“Chonjing Lifan” esa 10 mln evrodan ortiqqa, aniqrog‘i 10.38 mln evroga baxolangan, biroq o‘tgan mavsumni 8-o‘rinda yakunlagan jamoa tarkibida ham yulduzlar yo‘q.
“Chuntsin Teda”ning tarkibidagi futbolchilar jami 12.45 mln evro turadi. Laqabi “Chuntsin yo‘lbarslari” bo‘lgan jamoada o‘z vaqtida Zayniddin Tojiev to‘p surganini eslatib o‘tish joiz.
“Guanchjou Fuli” – 15.15 mln evro.
“Beyjin Guoan” – 20.08 mln evro. Narhi 20 mln evrodan ortiq bo‘lgan ilk jamoa bu Igor Sergeevning sobiq jamoasidir. Terma jamoamizning birinchi raqamli hujumchisi bilan o‘tgan mavsum Burak Yylmaz, Renato Augusto singari mashxur futbolchilar to‘p surishgan edi. Bundan tashqari Egor Krimetsni ham unutmaslik kerak.
“Xeybey Chayna” – 25.15 mln evro. Xitoyning eng yosh jamoalaridan sanaluvchi “samba qirollari” (jamoa laqabi, muallif) tarkibida bir qator mashhur nomlarni uchratish mumkin: Stefan Mbia, Jervino, Lavessi, Gael Kakuta va h.k. Bundan tashqari “Manchester Siti”ning sobiq bosh murabbiyi – Manuel Pellegrini ham ayni vaqtda “Xeybey”ni boshqarmoqda.
“Tyanchzin” – 27.63 mln evro. Aksel Vitsel “Yuventus”ni tashlab, aynan Fabio Kannavaro boshqaruvidagi jamoani tanladi. Tashkil topganiga endigina 11 yil to‘lgan jamoada “Shaxtyor”ning sobiq futbolchisi – Jadson ham to‘p tepadi.
“Shandung Luneng” – 31.88 mln evro. Yodingizda bo‘lsa, bundan bir muddat ilgari Odil Ahmedovni ushbu jamoa bilan “bog‘lashgan” edilar. Shu bois o‘zbekistonlik charm to‘p ixlosmandlari bu klubda Gratsiano Pelle, Jusiley hamda Papis Sisse to‘p surishi haqida bilib olgan edilar.
“Shanxay Shenxua” – 38.98 mln evro. Karlos Tevesni jahondagi eng ko‘p maosh oluvchi futbolchiga aylantirgan mazkur klubda Freddi Guarin ham o‘ynab keladi. Bundan tashqari o‘z vaqtida Dide Drogba hamda Nikolya Anelka singari mashhur futbolchilar ham “Shanxay Shenxua”da o‘ynab ketishgan.
“Tszyansu Suning” – 45.7 mln evro. O‘tgan mavsum mamlakat vitse-chempioni bo‘lgan jamoaning 20% aksiyasiga “Alibaba” egalik qiladi. Shuningdek, bu jamoada braziliyalik trio: Jo-Aleks Teysheyra-Ramires to‘p surib kelishmoqda.
“Guanchjou Evergrand” – 48.08 mln evro. “Alibaba” kompaniyasining ulushi bo‘lgan yana bir jamoa. Luis Felipe Skolari boshliq “Evergrand” Xitoy, qolaversa, Osiyo futbolida o‘z o‘rniga ega klub sanaladi. Bugunda “Bunyodkor”ning sobiq murabbiyi qo‘l ostida Paulino hamda Jekson Martines kabi mashhurlar shug‘ullanib kelishmoqda.
“Shanxay SIPG” – 78.78 mln evro. Xitoyning eng qimmatbaho tarkibi aynan Odil Axmedovning yangi jamoasidadir. Andre Villash-Boash boshqaruvidagi “SIPG”da Odildan tashqari Xalk va Oskar singari yulduzlar ham faoliyat yuritishmoqda.
Shahzod Xolboev tayyorladi
Fikrlar