Endi ko‘tarma pullariga chek qo‘yiladi, bunga futbolchilar rozimi?
Futbolimizdagi o‘zgarish va islohotlar davom etayotganidan xabaringiz bor. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi yurtimizda futbolni yangi bosqichga olib chiqish uchun barcha zarur choralarni qo‘llab chiqmoqda. Yaqinda tarqatilgan xabarga ko‘ra, endi kelasi mavsumdan boshlab O‘zbekiston chempionatida to‘p surayotgan futbolchilarga ko‘tarma pullari berilmasligi ma’lum qilindi. O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov ushbu tashkilotda ish boshlaganidan keyin dastlabki paytlardanoq aynan o‘yinchilarning biror-bir klubga ko‘chib o‘tayotganida oladigan katta miqdorlardagi ko‘tarma pullariga chek qo‘yish niyati borligi haqida bir necha bor ta’kidlagandi. Nihoyat, 2019 yildan boshlab endi bizda ham oylik va mukofot pulidan tashqari beriladigan mablag‘lar yo‘q qilinadi.
Xo‘sh, bu qanday samara va foyda beradi? Aslida boshqa chempionatlarda biror-bir futbolchiga hali hech qanday karomat ko‘rsatmay turib katta miqdordagi pullar berilmaydi. Ammo bu holat bizda yillar davomida ana’naga aylanib ketgan. Shu bois undan voz kechish va bu holatga ko‘nikish albatta yurtimizdagi o‘yinchilar uchun oson kechmaydi. O‘FA bu qarorni bir zumda qabul qilgani yo‘q, uning barcha tomonlarini o‘ylagan, tahlil qilgan va albatta futbolimiz manfaati ustivor vazifaga aylangani uchun ham yakunda shu qarorga kelindi. Qolaversa, PFLga futbolchilarning klublar ustidan yozgan arizalari ham ko‘payib ketdi. Barchasidagi shikoyat deyarli bir xil: ya’ni, klub futbolchilarga va’da qilingan pullarni kerak bo‘lsa yillar davomida to‘lamay kelgan. Bunda albatta o‘sha ko‘tarma pullari ham nazarda tutilgan. Natijada bir qancha jamoalar o‘sha o‘yinchilar uchun katta-katta miqdordagi pullarni to‘lashga majbur bo‘lishmoqda. Aniqrog‘i, PFL ularni shunga majbur qilmoqda. Tan olaylik, oxirgi yillarda futbolimiz tizimida tartib ham yo‘qolib ketgandi. Klub va o‘yinchi o‘rtasidagi kelishmovchiliklar esa odat tusiga kirib qolgandi. Bir-birini aldash, ishonchni suiste’mol qilish kabi holatlar oddiy tusga kirib qolgani ham haqiqat edi.
Biz futbolchilar bilan ko‘p gaplashamiz, ularni odatda oylik maosh yoki mukofot pulidan ko‘ra, beriladigan ko‘tarma pullari qiziqtiradi. Chunki birdaniga sumkangizda katta miqdordagi pullar paydo bo‘lib qolsa bu kimga yoqmaydi? Futbolchilar aynan shu narsaga rosa o‘rganib qolishgandi. Hattoki, har yili, kerak bo‘lsa yarim yilda jamoa almashtiradigan o‘yinchilarni ko‘ramiz. Ularning bundan maqsadi faqat bitta: qaerga borsa ham oldindan olinadigan ko‘tarma puli qiziqtiradi. Uning kelishuvi esa turlicha bo‘ladi.
O‘ziga to‘q, baquvvat klublar birdaniga va’da qilingan pullarni berishi mumkin, yana ayrim jamoalar esa o‘sha kelishilgan pullarni ma’lum qismga bo‘lib to‘lash shartini o‘rtaga qo‘yishadi. Ana shunday paytda va’da qilingan kundan o‘tib ketsa, futbolchi yana kayfiyatsiz holatga tushib, hayoli faqat ko‘tarma pulida qoladi. Bunday vaziyatda klub rahbarlari bilan gaplashsak, ular futbolchi o‘z o‘yinini ko‘rsatmayapti, natija bo‘lmayapti, nega endi ko‘tarma pulini berishimiz kerak, avval o‘zini ko‘rsatsin deya aybni ularga ag‘darishadi. Bir tomondan qaraganda, rahbarlar ham avval natijani talab qiladi va keyin pulni beraman deydi. Ko‘ryapsizmi, bu vaziyatda har ikki tomon bo‘yicha ham e’tirozlar, muammolar va tushunmovchiliklar bo‘lishi tabiiy. Oxirgi paytlarda o‘sha beriladigan pulning miqdori oshib borayotgani qaysidir ma’noda futbolchilarni taltaytirib ham yuborayotgandi. Bunga esa birinchi navbatda o‘sha jamoalarning o‘zlari sababchi. Ular o‘z saflariga kerakli o‘yinchini qo‘shib olish uchun boshqa klubdan ko‘ra ko‘proq taklif qilishyapti.
O‘z navbatida futbolchi ham kim ko‘p bersa, o‘sha tomonga og‘ib ketyapti. Xullas, bunday jarayon ko‘plab boshog‘riq holatlarni keltirib chiqarayotgandi. Endi esa 2019 yildan boshlab hammasi o‘zgaradi. Albatta, ko‘tarma pullarining bekor qilinishini futbolchilar oilasi mamnuniyat bilan qarshi olishgani yo‘q. Lekin bu vaziyatning ijobiy echimi bo‘lishiga umid qilayotganlar ham bor. Biz bir nechta o‘yinchilar ushbu masala xususida gaplashdik, ularning ayrimlarining fikrlarini e’tiboringizga havola qilamiz.
Javlon Guseynov (AGMK, himoyachisi):
“Ko‘tarma pullarining yo‘q bo‘lishiga qarshi emasman, ammo...”
- O‘zi futbolchilar uchun juda ko‘p yangiliklarga qo‘l urilyapti. Hammasi yaxshilikka deyishadi, ammo tez sur’atlarda xuddi global tarzdagi o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Ko‘tarma pullarini yo‘q qilish masalasiga kelsak, balki bu bir tomondan to‘g‘ridir. Butun jahon futbolida ushbu holat qo‘llanib kelinmoqda. Nima uchun? Chunki boshqa joylarda futbolchilar uchun oylik maosh yuqori bo‘lgani sababli ham ko‘tarma pullari joriy etilmagan. Lekin bizda hali ko‘tarma pullarini yo‘q qilish uchun oylik maoshlarimiz katta emas-ku. Agarda bizda ham oylik maoshlarimiz miqdori yuqori bo‘lsa, ana shunda ko‘tarma pullarini yo‘q qilsak arziydi. Mabodo, futbolchilarning oylik maoshlari o‘zgarmasdan turib o‘sha beriladigan ko‘tarma pullarini yo‘q qilib qo‘yishsa, unda biz uchun juda qiyin. O‘yinchilar uchun oylikdan-oylikka yashash ancha murakkab. Chunki bizda ham oila, bola-chaqa bor. Umuman olganda, men ko‘tarma pulini yo‘q bo‘lishiga qarshiman deb ayta olmayman, boya aytganimdek, buni qo‘llash bir tomondan to‘g‘ri. Lekin shunga yarasha olayotgan ish haqlarimizning miqdorini oshirib, o‘rtada mutanosiblikni topishsa yaxshi bo‘lardi.
- Chempionatimiz hali tugagani yo‘q, ammo ayrim jamoalarning puli qolmagan. Bu haqida eshitib turibmiz. O‘sha yilning boshida belgilab berilgan yillik smetasini ishlatib bo‘lishgan. Bu esa albatta futbolimiz uchun muammoli vaziyatlardan biri. Albatta, har bir klubning rahbari qanday ishlayotganini faqat o‘zi biladi, biz boshqalarning ishiga aralashmaymiz. Shunchaki, mavjud vaziyatda har ikkila tomon uchun maqbul yo‘lni topishsa barchamiz uchun yaxshi bo‘lardi. Yana qaytaraman: oylik maoshlarni ko‘tarib, keyin ko‘tarma pullarini yo‘q qilishsa, yaxshi bo‘lardi.
Ilhom Yunusov (“Dinamo” yarim himoyachisi):
“Rozimiz, faqat oylik maoshimiz kamida 10 million so‘mdan kam bo‘lmasligi kerak”
- Agarda oylik maoshlarimizni yanada ko‘tarib qo‘yishsa, ko‘tarma pullarini yo‘q bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaymiz. Futbol – bu bizning asosiy tirikchiligimiz bo‘lib qolgan. Biz faqat futbol orqali pul topamiz, menimcha, buni futbolimiz rahbariyati bilishadi. Aslida o‘sha “podyomniy”ni yo‘q qilishsa bu juda yaxshi. Ana shunda klub rahbarlarining ham futbolchiga katta-katta miqdordagi pullarni topib berish bo‘yicha boshini qotirmaydi. Futbolchi bilan shartnoma tuzilayotganda aniq bir summa evaziga oylik maoshi keltirib o‘tilsa va shunga asosan pullari vaqtida berilib tursa, o‘sha o‘yinchi xotirjam ravishda o‘z ishi va e’tiborini faqat jamoasiga qaratib, boshqa narsalarga chalg‘imaydi. Lekin oyligimiz kam bo‘lsa, unda biz qanday yashaymiz? Oilamizni ham boqishimiz kerak-ku. Xullas, bu masala bo‘yicha uning barcha tomonlarini o‘ylab chiqish darkor.
- Biz futbolchilar uchun ham haqqoniylik muhim. Ya’ni, ko‘tarma pullari borasida futbolchilar ko‘p aldanishadi. Bundan buyog‘iga o‘yinchilarga to‘lanadigan ish haqini ham qat’iy rejim ostiga olib, vaqtida to‘lash borasida nazorat qilinsa bu ancha yaxshi bo‘lardi. O‘sha ko‘tarma pulini oylik maoshga qo‘shib berish ham mumkin-ku. Ana shunda o‘rtacha miqdorda oladigan bo‘lsak, oylik maosh 10 million so‘mdan kam bo‘lmasligi kerak. Biz kecha-yu, kunduz oilamizdan tashqarida bo‘lamiz. Mabodo, jarohat olsangiz, hech kimga kerak bo‘lmay qolasiz. Kimlardir o‘sha oyligini kutib yashaydi. Shu bois ham bundan buyon oylik maoshlarimizni ko‘tarib qo‘yishsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Agarda mana shu sistema bo‘yicha ish olib borilsa, bu futbolimizning ko‘tarilishi uchun yordam beradi. Biroq oylik maoshlarimiz 3-5 million atrofida qolaversa, u holda ko‘tarma puli o‘z kuchida qolgani yaxshiroq. Bu borada har bir futbolchining o‘z fikri bor. Masalan, menga oylik maoshimni yaxshi qilib berishsa, menga ko‘tarma puli ham, mukofot puli ham kerak emas.
Shuhratbek Jo‘raev tayyorladi.

Fikrlar