
Mundial sari. Tanishing - Ispaniya terma jamoasi
Sanoqli kunlardan so‘ng Rossiya yashil maydonlarida futbol bo‘yicha XXI jahon chempionati start oladi. Sayyoramizning eng yirik musobaqasi oldidan SPORTS.uz sayti mundialda ishtirok etuvchi terma jamoalar bilan tanishtirishni boshlaydi. Bu safar musobaqa favoritlaridan biri sifatida e’tirof etilayotgan Ispaniya terma jamoasi haqida fikr yuritamiz.
Tarixga nazar
Ispaniya – dunyoning eng kuchli jamoalari to‘p suradigan ligaga ega mamlakat. Muxlisu-mutaxassislar “qizil furiya” deb atashadi ushbu mamlakat terma jamoasini. Ispaniya futboliga esa rasman 1909 yilda asos solingan. Ispaniyalik futbolchilar 1920 yil o‘tkazilgan yozgi olimpiada o‘yinlarida ishtirok etishdi va kumush medallarni qo‘lga kiritishdi. Bu ular qatnashgan ilk rasmiy musobaqa sifatida tarixga kirdi.
Ispaniya terma jamoasi o‘zining ilk uchrashuvini 1920 yil 28 avgustda Daniyaga qarshi o‘tkazdi va 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Ilk rasmiy o‘yin esa 1921 yilga to‘g‘ri keladi. O‘shanda ispanlar belgiyalik futbolchilarga qarshi o‘ynashgan va 2:0 hisobida zafar quchishgan.
Jahon chempionatlaridagi ishtiroki
Ispaniya terma jamoasi garchi Urugvayda (1930) o‘tkazilgan ilk mundialda ishtirok etmagan bo‘lsada, oradan to‘rt yil o‘tib Italiya yashil maydonlari mezbonligida o‘tgan jahon chempionatida qatnashdi va chorak finalga qadar etib bora oldi. Shundan so‘ng ular 1938 yil Frantsiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida ham qatnashishmadi. Ikkinchi jahon urishidan so‘ng o‘tkazilgan (1950 yil) ilk mundialda ispaniyaliklar ishtirok etishdi. Bu safar Braziliya maydonlari ularga omad keltirdi va Ispaniya yarim finalga qadar etib bordi.
Biroq, “qizil furiya” keyingi 1954 (Shveytsariya) va 1958 (Shvetsiya) yillarda o‘tkazilgan jahon chempionatlari saralashidan o‘ta olmadi. 1962 yil Chili va 1966 yil Angliya mezbonligida o‘tgan mundialda Ispaniya terma jamoasi guruhda qolib ketdi. 1970 (Meksika) va 1974 (Germaniya) yilgi jahon chempionatlari saralashlari ham ispaniyaliklar uchun omadsiz kechdi.
Nihoyat Ispaniya terma jamoasi uchun ham yorug‘ kunlar keldi. Garchi 1978 yil Argentinada bo‘lib o‘tgan mundialda ular guruh bosqichida qolib ketishgan bo‘lsalardi, oradan 4 yil o‘tib o‘z yurtida o‘tkazilgan jahon chempionatida ikkinchi bosqichga qadar etib bora olishdi. Shundan so‘ng Ispaniya terma jamoasi hozirgacha barcha jahon chempionatlarida muntazam ishtirok etib kelmoqda.
Ispaniyaliklar o‘z uylarida o‘tkazilgan jahon chempionatidan so‘ng 1986 yil Meksikaga tashrif buyurishdi. O‘z guruhlarida Braziliyadan so‘ng ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan ispaniyaliklar nimchorak finalda Daniyani 5:1 hisobida taslim etishdi. Ammo, ularning bu shashdini chorak finalda belgiyalik futbolchilar sindirishdi. Shu tariqa Ispaniya uchun Meksikadagi mundial o‘z nihoyasiga etdi.
Oradan yana to‘rt yil o‘tdi va bu safar jahon chempionatiga Italiya mezbonlik qildi. Urugvay, Belgiya va Janubiy Koreya joy olgan guruhda ispaniyalik futbolchilar birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi va pley-off yo‘llanmasiga ega chiqishdi. Biroq, bu bosqichda ular kutilmaganda sobiq Yugoslaviya terma jamoasiga 2:1 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘yishdi va musobaqadagi ishtiroklarini to‘xtatishdi.
1994 yil AQSh sayyoramizning eng yirik turnirini o‘zida qabul qildi. Musobaqaning “C” guruhida Ispaniya, Germaniya, Boliviya hamda Janubiy Koreya terma jamoalari joy oldi. Ilk turda Janubiy Koreya terma jamoasi Ispaniyaga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi – 2:2. “Qizil furiya” guruhning ikkinchi bahsini Germaniyaga qarshi o‘tkazdi va yana durang qayd etdi – 1:1. Ular so‘nggi turdagina Boliviya ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozonishdi. Shu tariqa guruhda 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan ispaniyaliklar nimchorak finalda Shveytsariyaga to‘qnash kelishdi. Ushbu o‘yinda 3:0 hisobida ishonchli g‘alabaga erishgan Ispaniyaga chorak finalda Italiya qarshiligiga duch keldi va yakunda 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib, musobaqani tark etdi.
1998 yil Frantsiyada bo‘lib o‘tgan mundialda Ispaniya “D” guruhida Nigeriya, paragvay hamda Bolgariya terma jamoalariga qarshi bahs olib bordi. Nisbatan kuchsiz deya e’tirof e’tilgan ushbu guruhda kutilmaganda ispanlar qolib ketishdi. Ular dastlab Nigeriyaga (1:2) imkoniyatni boy berib qo‘yishdi, ikkinchi turda esa Paragvay bilan hisob ochilmadi – 0:0. Ular ushbu o‘yinlardagi bor alamlarini Bolgariya terma jamoasidan olishdi. Ispaniya – Bolgariya 6:1.
2002 yilgi jahon chempionatiga 2ta Osiyo mamlakati mezbonlik qildi. Ispaniya Janubiy Koreya va Yaponiya yashil maydonlarida o‘tkazilgan musobaqada “B” guruhida Janubiy Afrika, Paragvay hamda Sloveniya terma jamoalariga qarshi kurash olib bordi. Anchayin nomdor futbolchilar bilan tashrif buyurgan “qizil furiya” guruhda barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratdi va 100% natija bilan pley-offga yo‘l oldi. Biroq, keyingi bosqichlarda ispaniyaliklarga oson bo‘lmadi. Ular nimchorak finalda Irlandiyani penaltilar hisobiga ko‘ra mag‘lub etishdi. Chorak finalda esa maydon egalari hisoblangan Janubiya Koreya terma jamoasiga qarshi o‘ynashga to‘g‘ri keldi. Bu o‘yinda ham g‘olib futbol lotoreyasida aniqlandi. Omad har doim ham kelavermaydi deganlaridek, bu safar omad ispanlardan yuz o‘girdi va ular musobaqani shu bosqichda to‘xtatishdi.
Oradan to‘rt yil o‘tgach Ispaniya yana katta umidlar bilan Germaniya tomon yo‘l oldi. Ular Tunis, Saudiya Arabistoni hamda Ukraina terma jamoalari bilan musobaqaning “H” guruhidan joy olishdi. Bu safar ham barcha raqiblarini tor-mor keltirgan ispanlar 9 ochko bilan nimchorak finalga yo‘l olishdi. Dastlab Ukraina 4:0 hisobida taslim etildi. Keyinroq Tunis (3:1) va Saudiya Arabistoni (1:0) ham mag‘lubiyatga uchratildi. Biroq, shu bosqichning o‘zida ular bo‘lajak finalchi – Frantsiya terma jamoasiga 3:1 hisobida yutqazib qo‘yishdi.
Nihoyat “qizil furiya” Janubiy Afrikada o‘tkazilgan mundialda o‘z tarixiga zarhal bitiklar bitdi. Dastlab guruh bosqichida ularga Chili, Shveytsariya va Gonduras terma jamoalari raqiblik qilishdi. Qizig‘i, bo‘lajak chempionlar ilk turda Shveytsariyaga 1:0 hisobida yutqazib qo‘yishdi. Ammo guruhning qolgan Gonduras (2:0) va Chiliga (1:2) qarshi o‘yinlarida g‘alaba qozonishib, pley-offga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi. Bu bosqichda ularga yon qo‘shni Portugaliya raqiblik qildi. O‘yinning 63-daqiqasida David Vilya tomonidan kiritilgan yagona gol ispanlarni chorak finalga olib chiqdi. Chorak finalda ham huddi shu hisobda Paragvay taslim etilgach, Ispaniya terma jamoasi yarim finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Bu bosqichda “qizil furiya” “nemis mashinasi”ga to‘qnash keldi. Shiddatli kechgan o‘yin taqdirini yana o‘sha bitta gol hal qildi. Ispanlarni finalga olib chiqqan “oltin gol”ga Karles Puyol mualliflik qildi. 11 iyul 2010 yil. Ushbu sana Ispaniya futboli tarixida yangi sahifa ochdi. Shu kuni finalda Gollandiya terma jamoasiga qarshi o‘ynagan ispanlar 116-daqiqada Inesta tomonidan kiritilgan “olmos gol” evaziga o‘z tarixlarida birinchi marta jahon chempioni degan nomga sazovor bo‘lishdi.
Biroq, oradan to‘rt yil o‘tib Braziliya maydonlarida bo‘lib o‘tgan mundial Ispaniya terma jamoasi uchun sharmandali kechdi. Aniqrog‘i ular musobaqaning guruh bosqichida ketma-ket mag‘lubiyatga uchrab, o‘z yurishlarini to‘xtatishdi. Dastlab Gollandiya bundan to‘rt yil oldingi alamini ortig‘i bilan chiqarib oldi - 1:5. Ushbu mag‘lubiyatdan o‘ziga kelib ulgurmagan ispanlarni bu safar Chili er tishlatdi – 2:0. Guruhning so‘nggi bahsida Ispaniya muxlislari uchun dalda vazifasini bajardi va amalda hech narsani o‘zgartirmaydigan o‘yinda Avstraliyani 3:0 hisobida engdi.
Qit’a birinchiligidagi natijalari
Ispaniya terma jamoasi qit’a chempionatlarida nisbatan yaxshiroq ishtirok etadi. Ular ushbu musobaqada 1960 yildan (Frantsiya) buyon qatnashishni boshlashgan. Ispaniya terma jamoasi 1964 yil o‘z maydonida o‘tkazilgan qit’a birinchiligida shoxsupaning eng yuqori qismidan joy olishga muvaffaq bo‘ldi va tarixda ilk marta ushbu sovringa ega chiqdi.
Shundan so‘ng ketma-ket 3 marta saralash bosqichida qolib ketdi. 1980 yilgi musobaqada esa ular guruh bosqichidan nariga o‘ta olishmadi. Ammo, oradan to‘rt yil o‘tib, aniqrog‘i 1984 yil Frantsiyada bo‘lib o‘tgan Evropa chempionatida finalga qadar etib bora oldi. Shundan keyin 1988 yil yana guruh bosqichi, 1992 yil yana saralashda qolib ketdi. 1996 va 2000 yilgi qit’a chempionatida ularning yurishi chorak finallardayoq to‘xtadi. 2004 yil esa yana guruhda qolib ketdi.
Biroq, keyingi ikkita Evropa chempionatida Ispaniya terma jamoasi butun qit’aga futbolni qanday o‘ynash kerakligini ko‘rsatib qo‘ydi. Dastlab 2008 yil Avstriya va Shveytsariya mezbonligida o‘tgan musobaqada zafar quchgan ispanlar 2012 yil Polsha va Ukrainada o‘tkazilgan musobaqada ham bosh sovrinni o‘zlari bilan birga olib ketishdi. Ammo, ketma-ket chempionlikdan so‘ng ular 2016 yil Frantsiyada bo‘lib o‘tgan musobaqada chorak finalda to‘xtashdi.
Ispaniya terma jamoasi haqida qiziqarli faktlar
Ilk uchrashuvi: 1920 yil 28 avgust, Ispaniya – Daniya 1:0.
Eng yirik g‘alabasi: 1933 yil 21 may, Ispaniya – Bolgariya 13:0.
Eng yirik mag‘lubiyati: 1928 yil 4 iyun, Italiya – Ispaniya 7:1.
Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Iker Kasilyas (167).
Eng yaxshi to‘purar: David Vilya (59).
Ispaniya terma jamoa bosh murabbiyi Xulen Lopetegi JCh-2018 uchun terma jamoaning yakuniy tarkibini yaqin kunlarda e’lon qilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Ispaniya mundialning “B” guruhida Eron, Portugaliya va Marokash terma jamoalariga qarshi kurash olib boradi.
Baxtiyor TOShTEMIROV tayyorladi.
Fikrlar