
Temurxo‘ja Abduholiqovning “Al Sayliya”dagi “sahifasi” yopildi, u yana "Lokomotiv"ga qaytishi mumkin
O‘zbekistonlik hujumchi Temurxo‘ja Abduholiqov ikkinchi mavsumdirki, Qatarning “Al Sayliya” jamoasi sharafini himoya qildi. O‘z navbatida O‘zbekiston milliy terma jamoasining ham a’zosi hisoblangan futbolchining Qatardagi faoliyati qanday kechgani ham o‘quvchilar uchun qiziq tuyulishi tabiiy edi. Yaqinda u erda ichki chempionat bahslari yakuniga etdi va unga ko‘ra “Al Sayliya” turnir jadvalida 8-o‘rinni band etdi. Hamyurtimiz esa 22 ta uchrashuvda 10 ta gol urdi. Abduholiqov dastlabki nihoyasiga etgan mavsum haqida gapirdi.
- Birinchi davradan ko‘nglim to‘lgandi, biroq ikinchi davrada kamchiliklarimiz ancha ko‘zga tashlanib qoldi. Ya’ni, ikki xil taassurot qoldirdi. Birinchi davrada 9 ta o‘yinda 7 ta gol urgandim. Ikkinchi davraga kelganda gollarim ham kamayib ketdi. Butun jamoamiz uchun qoniqarsiz kechdi. Umumiy olib qaraganda, “Al Sayliya” uchun mavsum ko‘ngildagidek o‘tmadi. Agar birinchi davradagi kabi muvaffaqiyatli o‘yinimizni davom ettirganimizda chempionatni yaxshi o‘tdi deb hisoblasak bo‘lardi.
U qadar muvaffaqiyatli kechmagan mavsumdan keyin futbolchimiz qanday yo‘l tutadi? U “Al Sayliya”da qolib faoliyatini davom ettiradimi yoki rejalari o‘zgarib boryaptimi? Mazkur masala yuzasidan o‘ziga murojaat qilganimizda aniq javobni aytdi.
- “Al Sayliya” klubidan ketishim aniq. O‘ylab qo‘ygan ayrim rejalarimiz bor. Ularning qay tariqa amalga oshishiga qarab, faoliyatimni biror-bir jamoada davom ettiraman. Shartnomam tez orada nihoyasiga etadi va men erkin agentga aylanaman. Hozir aytganimdek, shartnomam tugayapti. Qolaversa, faoliyatimda ham qandaydir o‘zgarishlar bo‘lishini xohlayapman. Hali bungacha mavsum men uchun og‘ir o‘tmagandi. Bunday vaziyatda esa nimanidir o‘zgartirish kerak bo‘ladi. Endi faoliyatimni qaerda davom ettirishimni o‘zim ham bilmayman. Hozircha menda tanlash imkoniyati bor, hammasini vaqt ko‘rsatadi. Balki Qatarda qolarman yoki boshqa mamlakatga ketarman. Yoki O‘zbekistonga ham qaytishim mumkin. Har doim nasib qilgani bo‘ladi deyishadi-ku.
Yodingizda bo‘lsa, Temurxo‘ja “Al Sayliya” klubiga “Lokomotiv”dan ko‘chib o‘tgandi. Uning yuqorida O‘zbekistonga ham qaytishi mumkinligiga sha’ma qilib o‘tganida darhol yana o‘sha “Loko”ko‘z oldimizga keldi. Vaziyatdan foydalanib undan shu masala haqida so‘raganimizda ham buni inkor qilmadi.
- Agar “Lokomotiv”ga qaytsam buning ajablanarli joyi yo‘q. Shu ish amalga oshsa, shunchaki o‘z uyimga qaytdim deb hisoblayman. Ha, oldimda “Lokomotiv” varianti ham yo‘q emas. Shuning uchun yana “Loko” a’zosiga aylansam, bu hech qanday syurpriz bo‘lmaydi, - dedi hujumchi.
Shu o‘rinda Temurxo‘jadan klubdan ketish haqidagi qarorini “Al Sayliya”dagilar qanday qabul qilishgani xususida to‘xtalib o‘tishini ham so‘radik.
- “Al Sayliya” klubi mening ketayotganimni “normal” qabul qildi. Bu – futbol! Axir dunyoda klublar ham, o‘yinchilar ham ko‘p. Men o‘z klubidan birinchi marta ketayotgani futbolchi emasman. Oddiy qilib aytganda, jamoamdagilar bilan do‘stona ravishda xayrlashdik.
Qatarda ayniqsa, legionerlarga yaxshi pul to‘lashadi. Abduholiqov ikki yilga yaqin vaqt davomida u erdagi faoliyatini qanday o‘tkazdi? Mazkur mamlakatni tark etayotgan futbolchi sifatida u erdan nimalarni o‘rgangani to‘g‘risida fikr bildirdi.
- Rostini aytsam, Qatarga kelib o‘ynashimning birinchi sababi bu – moliyaviy jihat ham bilan bog‘liq, buning sir saqlaydigan joyi yo‘q. Ikkinchidan legioner sifatida qaerda o‘ynashingizdan qat’iy nazar sizdan maksimal natijalarni kutishadi. Shuning uchun klubning omadsizligi ham legionerlar bilan bog‘lanadi. Boshqa davlatda, o‘zgacha mentalitet bo‘ladi, ammo legionerning zimmasidagi mas’uliyati katta bo‘ladi va javobgarligi ham shunga yarasha kechadi. Lekin xorijda o‘ynasangiz baribir anchagina tajriba to‘planadi. Musofir bo‘lmaguncha musulmon bo‘lmaysan deyishadi-ku. Men ham Qatarda o‘ynab nimalarnidir o‘rgandim. Ammo hozircha buning foydali tomonlari menga ko‘rinmayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin kelajakda buning asqotishiga ishonaman. Bilasizmi, u erda eng katta kuch legionerlarning zimmasida bo‘ladi. Yana bir gap: Qatar chempionatida har bir o‘yin legionerlar uchun xuddi finaldek o‘tadi. Qatardagi har bir klubda xorijlik futbolchilar bor. Shu jihat meni o‘ziga tortgandi. Bittasini alohida ajratib ko‘rsatishim qiyin. O‘tgan yili va ayniqsa, ushbu mavsumning birinchi davrasida yoqimli o‘yinlarimiz ko‘p bo‘ldi. Shunga mos ravishda qoniqarsiz o‘yinlarimiz ham bo‘ldi. Bu esa asosan ikkinchi davrada yuz berdi. Shu bois birortasini ajratib ko‘rsata olmayman.
Shuningdek, o‘zaro muloqot jarayonida O‘zbekiston chempionatidagi o‘zgarishlar haqida hap gap bordi. Temurxo‘ja esa bu borada o‘z fikrini shunday izohladi:
- O‘zbekiston chempionatidagi o‘yinlarni jonli kuzatmayotgan bo‘lsam-da, qayd etilayotgan natijalarni va boshqa xabarlarni o‘qib turibman. To‘g‘risi, o‘yinlarni jonli ravishda ko‘rishga imkoniyat yo‘q. Lekin O‘zbekiston chempionatida ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotgani ko‘zga tashlanyapti. Agar shu o‘sishda davom etsa, o‘zbek futboli ancha rivojlangan bo‘lardi.
Darvoqe, kasbimiz taqozosi tufayli Temurxo‘jadan Qatardagi matbuot va uning ta’sir kuchi haqida ham so‘radik. Masalan, bu borada gap ketganda Eron yoki Yaponiyada matbuotning kuchi sezilarli ravishda bilinadi. Shu bois Qatarda bu hol qanday ekani to‘g‘risida ham bilishga qizikdik.
- Qatarda matbuotning ta’sir doirasi u qadar kuchli emas. Lekin yaratilgan nafaqat klublarga, balki jurnalistlar uchun ham yaratilgan sharoitlar yuqori darajada. To‘g‘ri, qaysidir ma’noda Qatarda jurnalistlarning ta’sir doirasi bor-u, ammo Eron yoki Yaponiyachalik emas. - Qatarda matbuotning ta’sir doirasi u qadar kuchli emas. Lekin yaratilgan nafaqat klublarga, balki jurnalistlar uchun ham yaratilgan sharoitlar yuqori darajada. To‘g‘ri, qaysidir ma’noda Qatarda jurnalistlarning ta’sir doirasi bor-u, ammo Eron yoki Yaponiyachalik emas.
Shuhratbek JO‘RAEV tayyorladi.
Fikrlar