
Afrikaning eng qimmat futbolchisini bilasizmi?
Zamonaviy futbol aylanayotgan pullarning hajmi bo‘yicha dunyoning oldi bizneslari bilan raqobatlasha oladigan holga keldi. Futbolchilarning maoshi ham, narxlari ham kun sayin ortib boryapti. Biz ham bugun afrikalik eng qimmatbaho o‘yinchilar ro‘yxatini keltirishga qaror qildik.
10. Kuchlik o‘nlikni Uilfred Ndidi ochib beradi. "Lester" sharafini himoya qilayotgan nigeriyalik yarim himoyachi Transfermarkt portali tomonidan 32 mln evroga baholanmoqda. U APLga Belgiyaning "Genk" klubidan ko‘chib o‘tgan edi. 24 yoshda.
9. Marokashlik Nayif Agerd ham ayni paytda 32 mln turadi. 27 yoshli futbolchi "Vest Xem" sharafini himoya qilyapti.
8. Ro‘yxatda Niderlandiya chempionatidan faqatgina Ibrohim Sangare bor. PSVning 25 yoshli yarim himoyachisi 35 mln evroga baholanyapti.
7. Chiroyli raqam Tomas Parteyga nasib qildi. "Arsenal"ning ganalik yulduzi 38 mln evroga baholanmoqda. U 29 yoshda.
6. Bir necha kun avval "Napoli" bilan Italiya chempionligiga erishgan Zambo-Angissa esa 40 mln evro "tosh bosyapti". U jamoaning top-10'dagi yagona vakili emas.
5. "Milan" bilan EChL yarim finaliga chiqqan Ismael Bennaserning transfer qiymati ham 40 mln.ga teng. U endi 25 yoshga to‘lganini hisobga olsak, bu summa yana ko‘tarilishi mumkin.
4. Sizga "Livurpul"dagi o‘yinlari bilan tanilgan, bugun "Bavariya" sharafini himoya qilayotgan Sadio Mane esa 45 mln evro turadi. 31 yoshli vinger 3 yil oldin 150 mln evroga baholanar edi.
3. Kuchli uchlikni "Pari Sen-Jermen"da to‘p tepayotgan Ashraf Hakimi ochib berdi. Marokashlik himoyachi 70 mln.ga baholanyapti.
2. Rimdan Mersisaydga ko‘chib, APLda ko‘p narsani o‘zgartirib yuborgan Muhammad Saloh ham 70 mln. U o‘z vaqtida 150 mln evroga baholanar edi.
1. Nihoyat, eng qimmat afrikalik futbolchi esa A Seriyadagi gollari bilan "Napoli"ga uzoq kutilgan chempionlikni keltirgan Viktor Osimxen hisoblanadi. Uning ayni paytdagi transfer bahosi 100 mln evroga teng. Nigeriyalik hujumchi endigina 24 yoshda.
Fikrlar