Aleksandr Geynrix bilan to‘p surgan taekvondochimiz

CHERY AUTO

Jasur Boyqo‘ziev o‘zbek taekvondo WTF olamida o‘ziga xos tarix yaratgan sportchilardan sanaladi. Faoliyati davomida ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kirita olgan. Hozirda, kadetlar terma jamoasida yordamchi murabbiy sifatida faoliyat yuritmoqda. Qolaversa, xali sportchilik faoliyatini ham yakunlash niyatida emas. 

Tecno

Biz ushbu sportchimiz bilan biroz suxbat qurdik. Quyida, uni e’tiboringizga xavola etamiz...

Sports.uz ma’lumotnomasi

Jasur Boyqo‘ziev 1986 yil 4 sentyabrda Toshkent viloyati Angren shahrida tavallud topgan. Taekvondo WTF bo‘yicha 10 karra O‘zbekiston chempioni, Osiyo chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi, Jahon chempionati sovrindori, Gran Pri turnirlari g‘olibi va sovrindori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi.

photo_2019-07-19_18-10-49

 - Jasur murabbiylikka jiddiy kirishganingizga qaraganda, sportchilik faoliyatingizni rasman yakunlaganga o‘xshaysiz?

- Bilasizmi, umuman olganda xali sportchilik faoliyatimni to‘liq tugatganim yo‘q. Shunchaki, ayrim sabablarga ko‘ra musobaqalarda ishtirok eta olmayapman. Lekin yana dayanga chiqib, yurtimiz sha’nini munosib himoya qilish istagidaman.

- Sportchilik hamda murabbiylik faoliyatini bir vaqtda olib borish qiyinchilik tug‘dirmaydimi?

- Balki o‘ziga xos noqulaylik tug‘dirishi mumkindir. Lekin barchasini uddalasa bo‘ladi.

photo_2019-08-12_14-53-29

- Aytingchi, murabbiylik ma’suliyati qanday ekan?

- Sportchilik faoliyatimda murabbiylarga qanchalik qiyinligini bilmas edim. Buni endi xis qilmoqdaman.  Sababi, sportchi faqat o‘zi uchun harakat qiladi. Murabbiy esa hamma shogirdlari uchun jon kuydiradi.

- Kuni kecha poytaxtimizda kadetlar o‘rtasida jahon chempionati yakunlandi. Umuman shogirdlaringiz natijasidan qoniqish xosil qildingizmi?

- Albatta, ko‘nglimiz to‘ldi. Chunki, xali O‘zbekiston Taekvondo WTF tarixida kadetlar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lmagan edi. Bu natijani ham qo‘lga kirita oldik. Bu biz uchun muvaffaqiyatlarning boshlanishi deb bilaman. Nasib qilsa, yanada yaxshi natijalarni ko‘rsatib, bizga ishonch bildirganlarni ishonchini oqlashga harakat qilamiz.

photo_2019-08-08_22-55-40

-  Adashmasam, bu  O‘zbekiston WTF Asotsiatsiyasi tashkil qilgan eng yuqori saviyadagi turnir bo‘ldi?

- Shubxasiz, bunday tadbir xali bo‘lmagan edi deb bemalol ayta olaman. Tashkilotchilik juda yuqori bo‘ldi. Bunga tashrif buyurgan mexmonlarning fikrlaridan ham bilsa bo‘lardi. Asotsiatsiya raxbariyati barcha qulayliklarni yaratib berdi. Bir so‘z bilan aytganda yurtimizga tashrif buyurgan barcha delegatsiya a’zolarida mazkur jahon chempionati katta taassurot qoldirdi desam yanglishmagan bo‘laman. Qolaversa, Butunjahon Taekvondo WTF tarixida eng katta “Fleshmob” o‘tkazildi. Bu esa yurtimizda ushbu sport turini yanada rivojlanishiga, yoshlarning qiziqishiga sabab bo‘ladi deb o‘ylayman.

- Yangi raxbariyat o‘z oldiga qanday yuksak maqsadlar qo‘ygan?

- Bu borada uzoq gapirish mumkin. Albatta yuksak marralarni zabt etishni maqsad qilishgan. Raxbarimiz, Sherzod Rixsiboevich Toshmatovni boks federatsiyasidagi faoliyati orqali barcha yaxshi taniydi. U erda erishgan muvaffaqiyatlaridan ham barcha xabardor. O‘z ishining ustasi. Shunday ekan, Taekvondo WTFda ham yuqori cho‘qqilarni zabt eta olishimizga ishonamiz.

photo_2019-08-13_22-25-17

 - O‘zbek taekvondo tarixida 87 kg vazn toifasida har doim kuchli sportchilar bo‘lgan. Jumladan, Akmal Ergashev, Siz, Dmitriy Shokin hozirda ushbu vaznda iqtidorli sportchilardan kimni alohida aytib o‘tgan bo‘lardingiz?

- Shohrux Rajabov ajoyib imkoniyatga ega.

-  Osiyo chempionati, Osiyo o‘yinlarida g‘olib, bo‘lgansiz. Jahon chempionati shoxsupasining yuqori pog‘onasini zabt etishga nima xalaqit bergan?

- Shunchaki omad etishmagan deb ayta olaman. O‘sha jahon chempionatida azaliy raqibim Radik Isaevga 5:4 hisobida imkoniyatni boy bergandim. Biroz jang nazoratini yo‘qotganim pand bergandi.

photo_2019-08-13_22-32-26

- Ozarbayjonlik Radik Isaev faoliyatingiz mobaynida eng noqulay raqib bo‘lgan edimi?

- Qaysidir ma’noda juda noqulaylik tug‘dirgan. O‘z o‘rnida men ham uning uchun  shunday sanalar edim. Chunki, Radik bilan umumiy xisob 2-2 ko‘rinish olgan. Balkim yana ro‘baro‘ kelib qolsak umumiy hisobni o‘zim tomonga og‘diraman. Noqulaylik jihati uning bo‘yi ancha baland edi. Adashmasam, ikki metrdan oshardi. Meniki esa, 184 sm. ????????????

- Olimpiadaga bora olmaganligingiz siz uchun eng katta armon bo‘lsa kerak?

- To‘g‘ri, har bir sportchining oliy maqsadi Olimpiada hisoblanadi. Menga esa, bu to‘rt yillikning eng muxim musobaqasida ishtirok etish nasib qilmagan. Lekin Olimpiadadan tashqari barcha musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘lganman. Bu esa faxrlanishga arzigulik natija deb o‘ylayman. 2015 yil jahon reytingida birinchi o‘rinda bo‘lganimning o‘zi, Olimpiadada ishtirok etish bilan barobar deb hisobayman. ????????????

photo_2019-08-13_22-32-42

- Keling biroz yoshlikka qaytamiz. Bolalikda futbol bilan shug‘ullanganingiz haqida intervyularingizda aytib o‘tgan edingiz. Nima uchun, davom ettirmagansiz?

- Futbolni juda ham yaxshi ko‘raman. Faqat bu sport turi jamoaviy bo‘lganligi bois, yakkakurash turini tanlashga to‘g‘ri kelgan. Sababi, jamoaviy sport turi biroz qiyin sanaladi. Siz kuchli bo‘la turib, jamoadoshlaringizni saviyasi biroz pastroq bo‘lsa, jamoangiz kuchlilar qatoridan o‘rin ololmaydi. Men esa doim kuchlilar qatorida bo‘lishni xoxlaganman.

- Mavzuni davom ettirgan xolda, shuni aytish mumkinki, siz Angren shahrida tavallud topgansiz. U erda o‘zbek futbolida o‘ziga xos iz qoldirgan Aleksandr Geynrix, Ilyas Zeytullaev kabi futbolchilar tarbiya topgan. Ular bilan shaxsan tanishmisiz?

- Albatta, ular haqida ko‘p eshitganman. O‘z o‘rnida muxlislik qilganmiz. Geynrix bilan bir-ikki marta futbol o‘ynaganimizni aytmasam, shaxsan tanish emasman.

photo_2019-08-03_15-27-49

- - Umuman olganda boshqa sport turlaridagi qaysi yulduzlarimiz bilan yaqin, do‘stona munosabatga egasiz?

- Odatda, bokschilarimiz bilan ko‘p gaplashib turaman. Isroil Madrimov, Bektemir Meliqo‘ziev, Xurshid Tojiboevlarni aytib o‘tishim mumkin. Umuman olganda boshqa bokschilarmiz bilan ham iliq munosabatdaman. 

- Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, sizdan avval 87 kg vaznda Akmal Ergashev yurtimiz sha’nini hmoya qilardi. U bilan dayanda duch kelganmisiz?

-   Duch kelganmiz. Ya’ni qaysi ma’noda sparring janglarida ishtirok etganmiz. Lekin rasmiy musobaqalarda to‘qnash kelmaganmiz.

- Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionati finalida eronlik Yusuf Karami bilan duch kelgansiz. U Butunjahon taekvondo olamida o‘z o‘rniga ega edi. Lekin uni osonlik bilan taslim qildiz. Bunga qanday  erisha olgansiz?

- Bu jang bir umr yodimdan chiqmasa kerak. Ta’kidlab o‘tganiz kabi,  Yusuf Karami jahon taekvondo olamida o‘ziga xos sportchi hisoblanardi. U odatda nokautchi bo‘lgan. Janglarining aksariyatida nokaut bilan g‘alaba qozonar edi. To‘g‘risi, o‘sha jangda men ham shunday xolatga tushib qolishdan qo‘rqqanman. Lekin baxsni to‘liq nazorat qilganman va uni osonlikcha mag‘lub etgandim. Qolaversa, muxlislar daldasi ham muxim rol o‘ynagan.

photo_2019-08-13_22-32-46

- Yurtimizda jangovar filmlar sur’atga olish urfga aylanib bormoqda. Bu borada ba’zi sportchilarimizning ham ishtirokini kuzatishimiz mumkin. Taklif bo‘lsa, qanday yo‘l tutardingiz?

- Taklif bo‘lsa, o‘ylab ko‘rishim mumkin!  ????????

- Odatda, MMA yo‘nalishida taekvondo  ustalarini kam uchratamiz. Aslida, bunday janglarda taekvondochilar muvaffaqiyat qozonishga qodirmi?

- Albatta, chunki taekvondochilarning oyoq zarbalari juda kuchli hisoblanadi. Agar birinchi bo‘lib, shunday zarbasini o‘tkaza olsa, muvaffaqiyatlarga bemalol erisha oladilar.

photo_2019-08-13_22-30-47

- Umuman olganda taekvondo olamida kimga xavas qilardingiz?

- Bilasizmi, faoliyatim davomida ko‘plab Olimpiya o‘yinlari g‘olibi va sovrindorlari bilan uchrashib, ularni mag‘lubiyatga uchratishga ham muvaffaq bo‘lganman. Lekin taekvondo olamida eng yuqori natijalarni qayd etgan AQShlik Stiven Lopesga qoyil qolardim.

- Yana Toshkentda bo‘lib o‘tgan, Osiyo chempionatiga qaytsak, o‘sha terma jamoa tarkibida Siz, Shokin, aka-uka Rafalovichlar va Umida Abdullaeva ham bor edi. Negadir oxirgi vaqtda Umida kamnamo bo‘lib qoldi. Balki bundan sizning ya’ni o‘sha vaqtdagi terma jamoa sardorining xabari bordir?

- Umida Abdullaeva sportchilik faoliyatini yakunlaganiga bir yildan oshdi. Sababi borasida esa biror ma’lumotga ega emasman.

photo_2019-08-06_22-30-40

- Hozirda, qaysi nufuzli musobaqada sportchi sifatida ishtirok etishn ko‘zlab turibsiz?

- 2020 yilgi Osiyo chempionatida ishtirok etish istagim bor.

- Faoliyatingizni shunday yuqori notada yaunlagan yaxshi emasmi?

- To‘g‘rikuya, lekin professional bo‘lganingizdan keyin sportni tark etish juda ham qiyin bo‘lar ekan.

-  Umuman olganda mazmunli suxbatingiz uchun raxmat. O‘z o‘rnida murabbiy va sportchi sifatida barcha rejalaringiz amalga oshishini tilab qolamiz!

- Raxmat.

Ahmadbek EShMATOV suxbatlashdi.

photo_2019-08-13_22-32-49

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!