
Aleksandr Xomyakov: Superligadan tushgan taklifdan so‘ng ortiqcha o‘ylanishga hojat yo‘q edi
Nihoyat, kutilayotgan o‘zgarish o‘z tasdig‘ini topdi. Ko‘pchilik o‘ylaganidek, Aleksandr Xomyakov «Andijon» jamoasining yangi bosh murabbiyiga aylandi. 5 mart kuni 50 yoshini qarshi olgan rossiyalik mutaxassis futbolchilik faoliyatida darvozabon sifatida gavdalangan. Qolaversa, u Rossiya, Ozarbayjon hamda Qozog‘iston klublarida faoliyat olib borgan. Aleksandr Andreevich O‘zbekistonda 2011 yildan beri ishlab kelmoqda. Dastlab ikki yil «Mash’al» klubining akademiyasida mehnat qilgan bo‘lsa, 2013 yildan boshlab asosiy jamoada ishga kirishgan. Salkam 10 yil davomida u «Mash’al» bilan hamnafas bo‘lib keldi. Ammo hech nima abadiy bo‘lmaganidek, bu murabbiyning ham Muborakdagi faoliyatiga shu paytga kelib nuqta qo‘yildi. Natijada endi Xomyakovning hayotida yangi sahifa ochildi. «Andijon» uning O‘zbekistondagi ikkinchi ish joyiga aylandi. Aytish mumkinki, Andijonda yangi murabbiyni ko‘p ishlar kutib turibdi. Chunki u birinchi navbatda jamoaning hozirgi holatini yaxshilashga kirishadi. «Mash’al»da to‘plagan tajribasini esa bu erda ishga soladi. Lekin shuni ham aytish kerakki, Muborakdagi 10 yillik faoliyati uchun Xomyakovga alohida minnatdorchilik bildirishgan holda uni munosib kuzatib qo‘yishgani ham e’tiborga molik. Kuni kecha «Andijon»ning yangi bosh murabbiyi bilan suhbatlashdik.
«Muxlislar ardog‘idagi jamoada ishlash ishtiyoqi ustun keldi»
- Aleksandr Andreevich, «Mash’al»da o‘tgan 10 yil faoliyatingizdan keyin nima sababdan klubni tark etishga qaror qildingiz? Bu nima bilan bog‘liq?
- Hayotda nimanidir o‘zgartirishning fursati kelib qolarkan. Qolaversa, bir joyda uzoq qolib ketish kishini o‘zgartirib yuboradi. Bunday paytda u o‘zini bamisoli qotib qolgandek his qiladi va nimanidir o‘zgatirmasa bo‘lmasligini tushuna boshlaydi. Shu holat ham menga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmadi. Boz ustiga Superligada ishlash haqidagi taklifni olganimdan so‘ng o‘ylanib o‘tirishim uchun hojat yo‘qligini sezdim. Andijon – futbol shahri sanaladi. O‘z navbatida mahalliy klubdan ishqibozlar ko‘p narsa kutishadi. Muxlislar ardog‘idagi jamoada faoliyat ko‘rsatish va Superligada ishlash ishtiyoqi ustun keldi. Shu holatlar ham yakuniy qarorimga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi.
- Ayting-chi, «Mash’al»dagi ish jarayoningizda nimalarga erishdingiz-u, nimalar o‘zingiz kutgan darajada chiqmadi?
- Albatta, har qanday murabbiy kabi men ham boshqaruvimdagi jamoa bilan qandaydir natijalarni qayd etishni istayman. Ammo o‘z ishimga baho berishim noto‘g‘ri bo‘lardi. Buni ishqibozlarga havola qilgan ma’qul, deb o‘ylayman. To‘g‘ri, ish jarayonida «Mash’al» bilan kattaroq natijaga erisha olmadim. Boshqa tomondan olib qaraganda, o‘tgan vaqt mobaynida jamoa shakllanib bordi. Bu esa meni xursand qiladigan jihatdir. Bundan tashqari, ish jarayonimiz chog‘ida bir qator futbolchilar avlodi shakllanib bordi. Ularning orasida elit divizionda to‘p surayotganlari va xorijda faoliyatini davom ettirayotganlar ham borligi murabbiy sifatida meni quvontirmasdan qolmaydi. «Mash’al» akademiyasidan chiqqan ko‘plab tarbiyalanuvchilar o‘zlarini ko‘rsatayotganlari albatta quvontiradi. Mana shunday tarbiyalanuvchilar ta’sirida klubning yangi darajaga ko‘tarila olishidan umid qilish mumkin.
- Bundan ikki yil oldin «Mash’al»ni elitadan quyi divizonga tushirib yuborishdi. Shu vaqt mobaynida jamoa yuqoriga ko‘tarilishga harakat qildi, lekin urinishlar zoe ketmoqda. Ayting-chi, mana shu holat ham klubdan ketishingizga ta’sir ko‘rsatdimi?
- Gapingizda jon bor, siz aytib o‘tgan jihatlar ham yakuniy qarorimga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi. Ikki yil davomida elit divizionga ko‘tarilish yo‘lidagi sa’yi-harakatlarimiz naf keltirmagani achinarli, albatta. Chunki har qanday murabbiy jiddiy vazifani bajarish istagida ishlaydi. Men ham bunday xohishdan mustasno emasman. Bu ham «Mash’al»dan ketishimga etarli darajada ta’sir ko‘rsatdi.
«Mash’al»ni tark etish og‘ir bo‘ldi»
- Rossiyalik bo‘lsangizda murabbiylik faoliyatingizni O‘zbekistonda boshladingiz va shu erda davom ettirib kelyapsiz. Aslida sizni bu erda ko‘proq nima ushlab turibdi? Qolaversa, sizda faoliyatingizni boshqa chempionatlarda, aytaylik, Rossiya yoki Qozog‘istonda sinab ko‘rish imkoniyati bo‘lganmi?
- Siz aytib o‘tgan alohida variantlar bo‘lmagan. Ammo shu erdagi, faoliyatim ham yomon chiqmayapti, nazarimda. Klub rahbariyati, jumladan sobiq rahbar Bahrom Bayjanovich Davlatov bilan munosabatimiz juda yaxshi edi. O‘zimga bildirilgan ishonch uchun ulardan har qancha minnatdor bo‘lsam arziydi. Murabbiylik borasidagi tajribam ortib borishiga «Mash’al»dagilarning qo‘shgan hissasi beqiyos, desam mubolag‘a qilmayman. Binobarin, Davlatovni murabbiylik yo‘lida faoliyatimga katta ta’sir o‘tkazgan inson deb hisoblayman. Uni o‘zim uchun futboldagi otam desam ham bo‘laveradi. Bu insonga sihat-salomatlik tilayman. Umri ziyoda bo‘lsin. «Mash’al»da o‘zimni har tomonlama qulay his qilganim bois boshqa variantlar haqida o‘ylashga ham hojat qolmagandi. Bir joyda ortiqcha bosimsiz ishlar ekansan, boshqa narsa haqida o‘ylamay qo‘yishing turgan gap. Biroq yuqorida aytib o‘tganimdek, o‘zimni boshqa klubda sinab ko‘rish istagi ham ustun kelganini aytmasam bo‘lmaydi. Klub prezidenti, bosh direktor va jamoa boshlig‘i Dilyaver Vaniev tomonidan bildirilgan ishonch tufayli «Mash’al»da shuncha vaqt ishladim. Ularning ko‘magini his qilgan holda ishlar ekanman, unchalik qiyinchilik yoki muammolarga duch kelmadim. Albatta, men ham barqarorlikni yoqtiraman. Lekin murabbiyning hayoti o‘zgarishlardan iborat. U ertaga o‘zini nima kutayotganini bilmaydi. O‘z navbatida men ham yaxshi natijalar qayd etgan holda mutasaddilar va jamoa muxlislarini quvontirishga harakat qildim. Endi faoliyatimni «Andijon»da davom ettiraman. Bu shaharda ishqibozlar futbolni juda sevishadi. Ularning o‘ta talabchanligi ham ko‘chib o‘tishimga ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaganini alohida e’tirof qilishim joiz.
- Demak, gaplaringizdan shuni tushunib etish mumkinki, klubdan ketganingiz biroz bo‘lsa ham sizni xafa qiladi…
- Albatta, 10 yil – bu ancha salmoqli muddat. Klub men uchun xuddi ikkinchi uyimdek bo‘lib qolgandi. Albatta, umringning ancha qismi o‘tgan joyni tashlab ketish dilingni biroz og‘ritadi. Ammo murabbiy shakllanishni va yangi chorlovlarni qabul qilishni yoqtiradi. O‘z navbatida men ham buni his etgan holda faoliyatimdagi yangi chorlovni qabul qilishni ma’qul topdim. Biroq yana qaytaraman: «Mash’al»dagi ishlar murabbiy sifatida meni tobladi. Har bir uchrashuv og‘ir kecharkan, bu holat murabbiydagi chidamkorlikni oshirib borishga xizmat qiladi. Boshqa tomondan olib qaraganda, jamoa men uchun juda qadrdon bo‘lib qolgandi. Har qanday kishi oilasidek yaqin bo‘lgan kishilarni tashlab ketarkan, nimanidir yo‘qotganini his eta boshlaydi.
- O‘z vaqtida darvozabon bo‘lgansiz. Bu borada to‘plagan tajribangiz murabbiylik faoliyatingizda yordam beryaptimi?
- Ehtimol, biroz bo‘lsa ham yordam bergan bo‘lishi mumkin. Lekin darvozabon qaysidir ma’noda ikki ustun o‘rtasidagi asirdir. Shu bois maydondagi umumiy holatni tahlil qilishda imkoniyati biroz chegaralangan bo‘ladi. Boshqa tomondan olib qaraganda, u atrofida bo‘layotgan vaziyatni shundan kelib chiqqan holda kuzatishi mumkin. Darhaqiqat, bu roldagi tajribam murabbiylik faoliyatimga qandaydir ta’sir o‘tkazganiga ishonaman. Lekin savolingiz ancha murakkabligi bois dabdurustdan javob qaytarish ham qiyin. Umuman olganda, murabbiy maydon chetida turgan holda hammasini bemalol kuzatishi, tahlil qilishi mumkin. Darvozabonda esa bunday imkoniyat biroz cheklangan. Shundan kelib chiqqan holda xulosani o‘zingiz chiqaravering. Ammo o‘z vaqtida darvozabon bo‘lganim qaysidir tomondan bo‘lsa ham murabbiy rolidagi ishimga ta’sirini o‘tkazmasdan qolmagan. Qolaversa, o‘z vaqtida darvozabon bo‘lganlardan keyinchalik qanday saviyadagi murabbiylar etishib chiqqani borasida misollar keltirishim ancha qiyin. Buni tahlil qilish ham noto‘g‘ri bo‘lardi.
«Andijonda mendan nimalarni kutishayotganini
bilgan holda taklifni qabul qildim»
- «Andijon»ni qabul qilganingiz hammadan ko‘ra mahalliy ishqibozlarni xursand qilib yubordi. Ammo masalaning boshqa tomoni ham yo‘q emas. Ya’ni, sizdan darhol natijani talab qilishga tushadilar. Voqealarning shunday tus olishiga tayyormisiz?
- Buni juda teran tushunib turibman. Negaki, qaerga kelayotganimni va o‘zimni nimalar kutayotganini sezgan holda bu taklifni qabul qildim. Agar o‘zimni ushbu chorlovga tayyor emasman, deb hisoblagan taqdirimda «Mash’al»da qolgan bo‘lardim. Nafaqat mendan, balki har qanday murabbiydan birinchi navbatda natija talab qilishadi. Murabbiy bunday tashqi bosimdan aslo qochib qutula olmaydi. Shu bois har bir murabbiy iloji boricha kutilgan natijani keltirish payida ter to‘kadi. Buni avvalo rahbariyat va ishqibozlar qo‘yishi murabbiyni aslo bo‘shashishga imkon bermaydi. Shunday ekan, klub ustozi o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishga majbur. Shu yo‘lda murabbiy birinchi navbatda muxlislarni ranjitib qo‘ymaslik uchun maksimum kuch bilan ish olib boradi. Shuningdek, u bir paytning o‘zida jamoa rahbariyatining xafsalasini pir qilmaslikka intiladi. Biz murabbiylar esa har doim bunga tayyor turmog‘imiz darkor.
- Aytishlaricha, OKMK, «Buxoro» va «Surxon» klublari ham xizmatingizga qiziqish bildirgan ekan. Shu gaplar rostmi?
- Endi bu haqida gapirishdan ma’ni yo‘q, deb hisoblayman. Chunki «Andijon»ning taklifini qabul qildim. Murabbiy atrofida esa har doim turli gap-so‘zlar va mish-mishlarning yurishi oddiy hol. Binobarin, yuqorida sanab o‘tgan klublar tomonidan xizmatimga qiziqish bo‘lgani haqidagi gaplar ham shular jumlasidan. Keling, yaxshisi bu savolni izohsiz qoldiray.
- Aleksandr Andreevich, «Andijon» klubida endi ish boshlayapsiz. Ammo jamoaning bungacha o‘tkazgan o‘yinlari va natijalarini kuzatgan bo‘lsangiz kerak. Sizningcha, «Andijon»ning Superligadagi ishlari ko‘ngildagidek kechmayotganiga nima sabab bo‘lyapti?
- O‘zingiz aytib o‘tganingizdek, jamoaga kelib, ish boshlaganimga hali ko‘p bo‘lmadi. Hammasi bilan endi tanishyapman. Shu sabab ushbu savolingizga qanday javob qaytarishni bilmayman. Buning uchun menga vaqt kerak bo‘ladi. Men faqat musobaqa jadvalidan kelib chiqqan holda «Andijon»ning bugungi holati u qadar qoniqarli emasligini aytishim mumkin xolos. Klubga uyushqoqlik, birin-ketin qozonilgan g‘alabalar etishmayapti, nazarimda. Agar sanab o‘tgan shu jihatlar amalga oshar ekan, «Andijon»ning ahvoli keskin darajada yaxshi tomonga o‘zgarishi aniq. Agar klub birin-ketin ikki yoki uchta o‘yinni ko‘ngildagidek o‘tkazib, g‘alaba ta’mini his eta olar ekan, ishlar yurishib ketishidan bemalol umid qilsa bo‘ladi. Shuning uchun avvalo o‘zimni, so‘ngra shogirdlarimni bunga ishontira olmog‘im darkor. Agar hamjihatlikda ishlasak, g‘alabalar albatta keladi. Asosiysi, jamoa o‘yinchilarining yuzida Superligada muvaffaqiyatli to‘p surish uchun bo‘lgan ishonchni ko‘ryapman.
«Qandaydir o‘zgarishlarni amalga oshirmoqchi emasman»
- Vodiy derbisidagi «Navbahor» - «Andijon» uchrashuvini tomosha qildingizmi?
- Ha, o‘sha o‘yinni ko‘rdim.
- Uchrashuv haqidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlasha olasizmi?
- Siz buni hozir zarur deb hisoblayapsizmi? Agar bu intervyu emas, balki shaxsiy muloqot bo‘lganida nimalarni o‘ylaganim haqida gapirib bergan bo‘lardim. Qolaversa, o‘sha bellashuv men jamoaga kelmasimdan oldin o‘tkazildi. Shunday ekan, bu borada fikr bildirishim sal g‘alatiroq bo‘lardi.
- Shartnomani qachon imzolaysiz?
- Andijonga 4 iyunda keldim. Hammasini tez orada rasmiylashtirishimizga ishonchim komil. Shartnomaga imzo chekan zahotim futbolchilar bilan astoydil eng shimarib ishga kirishamiz. Jamoa qisqa muddatli tanaffusga chiqib ketdi. Boya aytganimdek, shartnomaga imzo chekan zahotim «Andijon»dagi murabbiylik faoliyatimni boshlashga kirishaman.
- Murabbiylar shtabingiz yangi bo‘ladimi yoki…
- Shtabimda qandaydir yangi o‘zgarishlarni amalga oshirmoqchi emasman. Uzoq vaqt murabbiylar shtabida bir jamoa bilan ishladik. Afsuski, endilikda massajchidan tortib maslahatchiga qadar ularning ko‘pchiligi boshqa klublarda ishlayapti. Shu bois «Andijon»da vaziyatdan kelib chiqqan holda shtabimni tuzmoqchiman. Albatta, buni vaqt ko‘rsatadi. Hozirda o‘zimning alohida murabbiylar shtabim deyarli yo‘q hisobi. Lekin bu vaqtinchalik hol.
Fikrlar