
Amerika qit’asining eng yirik turniri start olmoqda. Musobaqa tarixiga nazar
2019 yilning 14 iyunidan 7 iyuliga qadar Braziliyada navbatdagi Amerika kubogi bo‘lib o‘tadi.
2017 yilning aprel oyida musobaqaga o‘zgartirish kiritib, faqatgina KONKAKAFdan emas, balki boshqa qit’alardan ham termalar taklif etib, ishtirokchilar sonini 16 tagacha ko‘paytirish muhokama qilingandi. Ammo 2018 yilning may oyida musobaqa avvalgidek, ya’ni 12 ta terma jamoa bilan o‘tqazilishi e’lon qilindi hamda Yaponiya va Qatar termalari ishtirok etishi tasdiqlandi. Qizig‘i, 2019 yilgi Osiyo Kubogi finalida aynan mana shu ikki terma jamoa uchrashgandi. KONKAKAF vakili Meksika Amerika kubogidagi 1993 yildan 2016 yilgacha ketma-ket ishtirokidan so‘ng bu safar turnirda qatnashmaydi. 12 mamlakat termasi uchta guruhga bo‘lingan holda bahslashadi:
"A" guruhi "B" guruhi "C" guruhi
Braziliya Argentina Chili
Boliviya Kolumbiya Urugvay
Venesuela Paragvay Ekvador
Peru Yaponiya Qatar
Braziliya oxirgi marotaba ushbu musobaqaga 1989 yili mezbonlik qilgan edi. Bu safar musobaqani mamlakatning 5 ta shahri qabul qiladi. Mezbonlik qiladigan o‘yingohlarga to‘xtalib o‘tsak. Rio-de-Janeyro shahrida joylashgan "Marakana" stadioni o‘z bag‘riga 78838 muhlisni sig‘dira oladi. San-Paulu shahrida "Morumbi" (77011) va "Arena Korintians" (47605) turnirni qabul qiladi. Belu-Orizonti shahrida joylashgan "Mineyran" stadioniga 58170 muxlis sig‘adi. Portu-Alegri shahridagi "Arena Gremio"ning sig‘imi 55662. Salvador shahrida 2013 yili qayta qurilgan "Fonte-Nova" 51900 muxlisga mo‘ljallangan. Ma’lumot uchun, 1916 yildan 1975 yilgacha Amerika chempionati, 1975 yildan boshlab Amerika kubogi deb yuritiladigan turnirning amaldagi chempioni Chili termasidir. Amerika kubogida KONMEBOLga a’zo 10 ta mamlakat ishtirok etadi: Argentina, Boliviya, Braziliya, Kolumbiya, Venesuela, Paragvay, Peru, Urugvay, Chili, Ekvador. 1993 yildan buyon musobaqaga boshqa qit’adan ikki jamoa taklif etiladi. Odatda KONKAKAF vakillari qatnashib kelishardi. Ilk turnirda Urugvay terma jamoasi chempionlikni tantana qilgan. 1975 yilda Amerika kubogi nomiga o‘zgartirilgandan so‘ng, birinchi bo‘lib Peru mamlakati chempionlikni qo‘lga kiritgan. O‘tqazilgan turnirlarda birinchilikni eng ko‘p Urugvay termasi 15 marotaba qo‘lga kiritgan. Argentina (14 marta) ham bu borada maqtana oladi. Braziliya termasi 8 karra chempion. Chili, Peru, Paragvay termalari 2 marttadan musobaqa g‘olibligiga erishishgan, Kolumbiya 2001 yili va Boliviya 1963 yili qit’a chempioni bo‘lgan. Tarixga nazar solsak, musobaqada boshqa qit’alardan jami 18 ta mamlakat qatnashgan: Gaiti, Gonduras, Panama, Yaponiya mamlakatlari 1, Yamayka 2, AQSh 4, Kosta-Rika 5 va Meksika 10. 2019 yilda bo‘lib o‘tadigan turnirda Yaponiya ikkinchi bor, Osiyo kubogining amaldagi sohibi va kelgusi jahon chempionati mezboni Qatar termasi ushbu turnirda ilk marta qatnashadi. 1949 yili musobaqani o‘zida qabul qilgan va chempionlikka erishgan Braziliya termasi hujumchisi De Roza Pinto 9 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan. 1957 yili Peruda o‘tkazilgan turnirda esa urugvaylik hujumchi Xaver Ambroys va argentinalik Umberto Maskio 9 tadan gol urishgan. Bu ko‘rsatgichlar, bitta turnirda rekord hisoblanadi. Braziliyalik Zizino va argentinalik Norberto Mendes Amerika kubogi tarixida jami 17 tadan gol urishgan. 2016 yilgi Amerika kubogida Argentina termasini penaltilar seriyasida mag‘lub etishga muvaffaq bo‘lgan Chili ketma-ket ikkinchi bor chempionlikni himoya qilgan. Shu haftada boshlanajak turnir g‘olibi 2021 yili bo‘lib o‘tadigan Konfederatsiyalar kubogida ishtirok etadi.
Fikrlar