
Andijonlik yoshlar Germaniya va Ispaniyada malaka oshiradilar
Andijondagi futbol akademiyasi oxirgi paytlarda ko‘pchilikning e’tiborida bo‘lib turibdi. Ayniqsa, bu yil ilk bor akademiya qoshida «Andijon-2» jamoasi tashkil qilinib, pro-liga «V» guruhida ishtirok etayotgani ijobiy holatlardan biridir. Qolaversa, akademiya tarbiyalanuvchilari xalqaro turnirlarda ham g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelmoqda. Yoshlar bilan ishlashda tajriba to‘plab, muxlislarning e’tiboriga tushib kelayotgan Shoxruh Ishanovning akademiyada yoshlarni tarbiyalashda qo‘shayotgan hissasi juda katta.
- Pro-ligada «Andijon-2» jamoasini tashkil etishimizning asosiy maqsadi avvalo Superligadagi «Andijon» jamoasiga munosib yoshlarni etishtirib berishdan iborat. Qolaversa, bolalar va o‘smirlar hududiy akademiyalari o‘rtasida ushbu jamoaning tashkil etilgani ham juda yaxshi bo‘ldi. Endi akademiyamizda tahsil olayotgan 160 nafarga yaqin bolada ham «Andijon-2»da to‘p surib o‘zimizni ko‘rsatish imkoniyati bor degan maqsad ham paydo bo‘ldi. Bu akademiyamizning 10-sinfida o‘qiyotgan bolalardan iborat bo‘lgan jamoadir. Faqat bir-ikkita 11 sinf o‘quvchilari qo‘shilishgan xolos. Yoshlarimiz esa bu orqali katta futbolga birinchi qadamlarini tashlashdi. Qolaversa, viloyat hokimi jamoamizga homiylarni ham biriktirib bergan. «Shiringaz» korxonasi rahbari Rahimov Zafarxo‘ja Akramxo‘jaevich akademiyamizning nafaqat ushbu jamoasiga, balki qolgan yoshdagi jamoalarga ham katta e’tibor qaratyapti. Qolaversa, akademiyamiz rahbari Nasibullo Madrahimov bilan viloyat futbol assotsiatsiyasining vitse-prezidenti Bekzod Karimov Zafarxo‘ja Rahimov bilan hamkorlikda ish olib borayotgani ham biz uchun samarali bo‘lyapti. Biz dastlabki ikki yilda yoshlarimiz uchun pro-ligada amaliyotni oshirishni maqsad qilganmiz. Shundan keyin pro-liganing «A» guruhiga chiqishni rejalashtiganmiz. Uzog‘i bilan 3-4 yil ichida ushbu futbolchilarimizni Superligada ko‘rishni ham umid qilib turibmiz, - deydi Ishanov.
Shoxruh Ishanov murabbiy sifatida tajribasini yanada oshirish yo‘llarini ham izlab topishga uringan holda doim o‘rganishdan zerikmaydi.
- Pro-ligada ishlayotgan murabbiylar baribir katta futbolni ko‘rgan mutaxassislar hisoblanishadi, - deya mavzuni davom ettirdi, murabbiy. - Biz esa bolalar futbolidan chiqqanmiz. Ammo biz suyunadigan va yordam berayotgan mutaxassislar futbolimizda katta tajribaga ega bo‘lishgan. Biz ular bilan doim maslahatlashamiz. O‘sishni istagan murabbiy izlanadi. Men murabbiylikni tanlaganimdan beri izlanib kelaman. Vadim Shodimatov, Usmon Toshev, Islom Ahmedov, Rauf Inileev kabi ustoz murabbiylardan ko‘p narsalarni o‘rganaman. Qolaversa, yaqinda olamdan o‘tgan Yazgeldi Qutdanov ham biz uchun chinakam ustoz murabbiy edi. Hech qachon ulardan biror nimani so‘rashdan uyalmayman. Hattoki, kechasi bo‘lsa ham ularga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zimni qiziqtirgan murabbiylik masalalari bo‘yicha fikrlarini o‘rganaman. Agar uyatsangiz, hijolat bo‘lib yuraversangiz bu sizning zararingizga ishlashi mumkin. Ko‘pchilik internet orqali Gvardiola, Mourino, Sarri kabi taniqli mutaxassislarning ish uslublarini o‘rganish va ularga o‘xshashni istashadi. Ammo ular kabi bo‘lish uchun o‘sha murabbiy bilan bizning miyamiz to‘g‘ri kelmaydi. Chunki miyasida o‘ylaganini faqat o‘zi biladi. Bir-ikkita mashg‘ulotini ko‘rib esa xulosa chiqarib bo‘lmaydi. Baribir har bir mutaxassisning siri bo‘ladi. O‘tgan yili Moskvaga borib, «Spartak», TsSKA, «Ximki», «Krasnodar» klublarining akademiyalariga bordim. Ularning ishlash tajribalarini, mashg‘ulotlarini ko‘rdim. 2005 yilda tug‘ilgan futbolchilarning murabbiylari bilan muloqot qildim. Bizni xursand qilgani shuki, ularda o‘zbek futbolining yoshlari haqidagi taassurotlari katta.
Oldin o‘zining futbol maktabida tarbiyalangan bola keyinchalik boshqa joydagi bilim dargohlariga ketib qolish holatlari ko‘p kuzatilardi. Ammo endi bunday vaziyatlarga barham berildi.
- Oldingi tarbiyalanuvchilarimiz 9-sinfni o‘qib, keyingi intilishlari Toshkentga bo‘lib qolgandi. Endi esa vaziyat o‘zgardi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov shunday tizim yaratdiki, 14 ta hududiy akademiyalar o‘z tarbiyalanuvchilari bilan shartnoma imzoladi. Natijada bola hech qaerga ketmaydi va u akademiyaning o‘z tasarrufida qoladi. Bu erdan ketmoqchi bo‘lgan bola esa faqatgina Toshkentdagi Respublika markaziy akademiyaga ketadi.
Bu yildan boshlab hududiy futbol akademiyalari ishtirokida Respublika chempionati ham yo‘lga qo‘yildi. Bu esa o‘sib kelayotgan yoshlar uchun juda yaxshi amaliyot vazifasini bajarishi shubhasiz.
- Hududiy akademiyalar o‘rtasida tashkil etilgan uy va safar tizimidagi musobaqani biz 6-7 yildan beri orzu qilib kelayotgandik. Ilgari bunday turnirlar bitta hududga qamrab olinardi. O‘tgan yili akademiyalar o‘rtasidagi musobaqada biz 2005 yilda tug‘ilgan futbolchilar o‘rtasida chempion bo‘ldik. Hozirgi paytda ham U-14 jamoamiz hududiy akademiyalar musobaqasida birinchi o‘rinda bormoqda. Biz bolalarga hech qachon natijani ustun qo‘ymaymiz. Ammo ularning o‘zlarida natija ko‘rsatish ishtiyoqi kuchayib boryapti. Chunki mashg‘ulotlardan va o‘rtoqlik uchrashuvlaridan kelib chiqqan holda o‘yinchilarimizda biror nimaga erishish uchun shijoatlari kuchayib boryapti. Biz esa ularga faqat to‘g‘ri ko‘rsatma va yo‘nalishlarni beramiz. G‘alaba esa o‘zidan-o‘zi kelib chiqaveradi. Agar maydonda shogirdlaringiz xato qilsa, bu avvalo murabbiyning xatosi bo‘ladi. Har holda men shunday tushunaman. Demak, murabbiy shogirdlaridan mashg‘ulotda o‘sha narsani etarlicha talab qilmagan. Har bir bolaning noto‘g‘ri to‘p uzatishi, noto‘g‘ri fikrlashi, bu murabbiyning kamchiligi hisoblanadi, - deya munosabat bildirdi, - Ishanov.
E’tiborlisi, Ishanov boshchiligidagi tarbiyalanuvchilar turli mamlakatlardagi xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelmoqdalar. Endi esa futbol akademiyasining xorij safarlari uchun geografiyasi kengaymoqda.
- Qozog‘istonning Olma-Ota shahridagi xalqaro musobaqada birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib kelganimizdan so‘ng Nasibillo Madrahimov, Bekzod Karimov va «Shiringaz» rahbari Zafarxo‘ja Rahimovning tashabbuslari bilan yaqin orada bizni o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazishimiz uchun Germaniyaga jo‘natishmoqda. Xudo xohlasa, 12 kunlik yig‘in uchun bolalarimizni olib boramiz. Bundan tashqari, Umid Ahmadjonov akademiyamizga qilgan tashrifi chog‘ida chempionlarimizni tabriklab, sovg‘alarini topshirdi va iyun oyida Ispaniya bo‘ladigan xalqaro musobaqaga bizni yozdirib qo‘ydi. Oldindan bizni qaynoq xorij safarlari kutib turibdi. Baribir yoshlarga xalqaro tajriba ham kerak, - dedi murabbiy.
Shuningdek, futbol akademiyasida tarbiya topib, bugungi kunda katta futbolga kirib kelgan iste’dod egalari haqida ham to‘xtaldi.
- Biz akademiyadagi barcha murabbiylar bilan birgalikda hamjihat bo‘lib ishlaymiz. Shu bois etishib chiqayotgan har bir bola barchamizniki. «Andijon» jamoasida Xushnud Avilov, Doniyor Abdumannopov, Usmonali Ismonaliev, Farhod Sohibjonov, «Metallurg»da Odil Abdumajidov va yana aytadigan bo‘lsak, bunday iqtidorlarimiz ko‘p. Agar ularni men tarbiyalaganman desam noto‘g‘ri bo‘ladi. Chunki ularga boshqa murabbiylar ham saboq berishgan. Shu bois bunday yutuqlar hammamizniki.
Fikrlar