Baxtiyor Ashurmatov: "Otabek G‘ulomxo‘jaevga ko‘proq ishonch bildirilganida...
Superliganing 7-turi doirasida Andijonda bo‘lib o‘tgan “Andijon” hamda “Qo‘qon-1912” jamoalari o‘rtasidagi “Vodiy derbisi”da mehmonlar 1:2 hisobida muhim g‘alabani qo‘lga kiritishdi.
Bellashuvdan keyin qo‘qonliklar ustozi Baxtiyor Ashurmatov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
O‘yin haqida
- Qo‘qondan kelgan muxlislarimiz va bizni qo‘llab turgan rahbariyatga minnatdorlik bildiraman. Futbolda shundayki, ikki-uchta mag‘lubiyatdan keyin tanqidlar ko‘payadi. Murabbiyning kursisi qimirlab qoladi. Shu sababli, bugun mag‘lubiyatga haqqimiz yo‘q edi. Futbolchilar o‘yin mas’uliyatini to‘liq his qilishdi. Faqat g‘alaba uchun chiqqanimiz uchun ikkita hujumchi bilan o‘ynadik va bu o‘zini oqladi. Lekin 0:2 dan keyin o‘yin uslubimiz o‘zini unchalik oqlamadi, deb o‘ylayman. Darvozamizga yaqin himoyalana boshladik va bundan “Andijon” foydalandi. Agar ular penaltidan gol urganida durang bo‘lishi ham mumkin edi. Himoyani yanada mustahkamlash uchun beshta o‘yinchi bilan o‘ynay boshlagandik. “Andijon” bugun yutqazganiga qaramay, munosib o‘yin ko‘rsatdi. Penaltidan kiritilmagan gol – bu futbolda uchraydigan vaziyat. Mezbonlar safida yaxshi o‘yinchilar ko‘p. Doniyor Abdumannopov yaxshi saviyada o‘ynadi. Shuningdek, Martin Boake ham yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Oxirgi paytlarda u tanqidlarga uchragandi. Umuman aytganda, maydonda munosib o‘yin bo‘ldi. Uchrashuv davomida yuqori muhitni yaratishgani andijonlik muxlislarga ham rahmat aytaman.
Bekmurodov bilan Azimov to‘g‘risida
- E’tibor bergan bo‘lsangiz, bugun jamoamiz tarkibida andijonlik futbolchilar – Farhod Bekmurodov bilan Sardor Azimov yaxshi o‘yin namoyish qildi. Oldin “Andijon”da o‘ynagani sababli bunday paytda ular sobiq klubiga qarshi ikki karra kuch bilan to‘p suradi. Bu o‘yinchilarni asosiy tarkibda maydonga tushirishda ikkilanganim yo‘q. Ulardan yaxshi o‘yin kutgandim va buni oqlashdi. Bekmurodov boshqa o‘yinlarga nisbatan bugun yaxshiroq o‘ynadi.
“Andijon” hamda G‘ulomxo‘jaev xususida
- Afsuski, murabbiyning taqdiri shunaqa, ikki-uchta uchrashuvda yutqazsa, ishdan bo‘shatish haqida o‘ylab qolishadi. Otabek G‘ulomxo‘jaev o‘tgan yili “Andijon”ni qiyin vaziyatda Superligada olib qolgandi. Unga ko‘proq ishonch bildirilganida bu vaziyatdan chiqib ketishi mumkin edi. Mavsum boshidan “Andijon”ning o‘yinlarini kuzatyapman. Kombinatsion o‘yin namoyish qilishga harakat qilishyapti. Futbolchilarimizga “Andijon”ning yarim himoyasi kuchli ekanligini aytgandim. Chunki Doniyor Abdumannopov, Jasur Jaloliddinov, Muhammad Isaev, Kamron Saidazimov, Doniyor Ismoilov kabi yigitlar juda tezkor. Ulardan birinchi bo‘limda ko‘proq tajovuzkor o‘yin kutgandim. Lekin bizning jamoa birinchi bo‘limda yaxshiroq o‘ynadi. Ikkinchi taymda “Andijon” kuchliroq o‘ynadi, ayniqsa, oxirgi 20 daqiqada.
O‘zbekiston Kubogini tark etishi
- O‘zbekiston Kubogiga kelsak, biz murakkab guruhga tushib qolgandik. Tarkibda rotatsiya qilib, o‘yin amaliyotiga kam ega bo‘layotganlarga imkoniyat bergandik. Biz murabbiylar shtabi yo‘l qo‘yilgan xatolarni ko‘rib chiqdik. Murabbiylar, jurnalistlar yoki muxlislarga hozirgi kundagi yutuqlar kerak. Tarkibdagi rotatsiyalar o‘zini oqlamadi. Birinchi o‘yindagi mag‘lubiyat qimmatga tushdi.
Muzaffar Abdullaevning jarohati
- Afsuski, Muzaffar Abdullaev jarohat oldi. Uning sog‘ligidan xabar olish uchun shifokorlarimiz kasalxonaga ketishdi. Xudodan tezroq sog‘ayishini va jarohati jiddiy bo‘lmasligini so‘rab qolamiz. Tez orada uning sog‘ligi haqida xabar beramiz. Muzaffar Abdullaev o‘yin qahramoni bo‘ldi. U sog‘ligini tavakkal qilib, jamoamizni muqarrar goldan saqlab qoldi.



Fikrlar