Berdiev hamkasblarini «qutqaruvchi» rolidami?

  • 25 aprel, 2019, 19:06
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

«Andijon» bosh murabbiyi Eldor Sakaev uchun murabbiylik taqdiri qil ustida qolgandi. Ammo «Nasaf»ga qarshi uchrashuvda uning jamoasi ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi va natijada Eldor Usmonovich «Andijon»dagi lavozimini saqlab qoldi. Shuningdek, «Qo‘qon-1912» ustozi No‘’mon Hasanov ham 5-turdan keyin biroz engil tin olgan bo‘lsa ajab emas. Chunki uning jamoasi Navoiyda «Qizilqum»ga qarshi kechgan bahsda o‘ta qimmatli bo‘lgan uch ochkoni qo‘lga kiritishgani ham Hasanovni balki iste’fodan qutqarib qolgan bo‘lsa ajab emas. Lekin bugungi maqola «Nasaf» va uning bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev haqida bo‘ladi. Chunki buning o‘ziga yarasha sabablari bor.

Tecno

Oxirgi yillarda «Nasaf»ning muammolar girdobiga tushib qolgani endilikda hech kimga sir bo‘lmay qoldi. Sovrinli o‘rinlar uchun kurashib kelgan «ajdarlar»ning «olovi» bugungi kunga kelib kuchsizlanib qolgani ham rost. Ro‘ziqul Berdiev «Nasaf»da kuchli tarkibga ega bo‘lganini yaxshi eslaymiz. Ammo vaqti kelib, uning jamoasi zararsizlantirildi. Yodingizda bo‘lsa, «Paxtakor» oxirgi yillarda asosan «Nasaf»ning etakchilarini qo‘lga kiritib keldi. Natijada «Nasaf»da etakchi futbolchilardan hech kim qolmadi. O‘z vaqtida OFK Kubogini qo‘lga kiritgan jamoa bugungi kunga kelib o‘zining akademiyasidan etishib chiqayotgan futbolchilar hisobiga chempionatda qatnashishga majbur bo‘lishmoqda. Bilasiz, har qanday murabbiy o‘z jamoasida mahoratli ijrochilarga ega bo‘lishni istaydi. Ayniqsa, qisqa vaqt ichida natija talab qilinayotgan bugungi kunda murabbiylar uchun yuqori saviyali o‘yinchilar suv va havodek zarur bo‘lib qolgan. Lekin Berdievda bunday imkoniyat ham yo‘q. Agarda uning o‘rnida boshqa murabbiy bo‘lganida akademiya tarbiyalanuvchilari bilan chempionatda ishtirok etishdan bosh tortgan bo‘lardi. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, bunday tarkib bilan «Nasaf»ni boshqarishdan qo‘rqishardi. Lekin aslida murabbiyning ham asl bilim va malakasi mana shunday pallalarda bilinadi. Buning ustiga «Nasaf»dagi mavjud muammolardan foydalangan holda boshqa klublar Ro‘ziqul Berdievga og‘iz solishdi va u bilan kelishuvga erishishga ham harakat qilishdi. Ayniqsa, qishda uning «Nasaf»dan ketishi mumkinligi borasida ham gap-so‘zlar chiqqandi. Lekin o‘zi shundoq ham tarkibida asosan yoshlar qolgan jamoani murabbiy tashlab ketishni istamadi. Agarda u boshqa klubdan tushgan taklifni qabul qilib ketganida birov hech nima deya olmasdi ham. Chunki bu uning huquqi va ketishga ham haqqi bor edi. Qolaversa, moliyaviy tomondan o‘zi uchun ham ma’qul variantlar bisyor edi. Lekin Ro‘ziqul Sa’dullaevich birinchi o‘ringa o‘zining emas, balki jamoasining manfaatini ustun qo‘ydi. U endi o‘sib kelayotgan akademiya tarbiyalanuvchilarini qanday sharoitda bo‘lmasin, ularga futbolning sir-asrorlarini o‘rgatib, katta futbolga qadam qo‘yishlarida ham o‘zi bosh-qosh bo‘lishni istadi. Qolaversa, Berdiev va «Nasaf»ning tanlagan yo‘li bor. Klub akademiyasi esa ana shu tanlangan yo‘lning bir qismi. Ayni paytda esa akademiya nihollari asta-sekin tomir otishni boshladi. Berdiev esa hammasini ko‘ra bilib turib, ularni tashlab ketishga ko‘zi qiymadi. Lekin shu bilan birga u o‘zi uchun og‘ir yo‘lni ham tanlaganini aytib o‘tish joiz. Uning tarkibida endi Dragan Cheran, Sherzod A’zamov, Bahrom Abdurahimov, Odil Hamrobekov, Eldor Suyunov, Farruh Sayfiev yoki Igor Golban kabi etakchilar yo‘q. Endi u Umid Ergashev, Akmal Mozgovoy, Dilshod Saitov, Islom Rashidxonov, G‘olib G‘aybullaev yana boshqa ko‘plab yangi qaldirg‘ochlar bilan mavsumga kirishdi. Endi ushbu yoshlar muntazam ravishda o‘yin amaliyotiga ega bo‘lib borishmoqda. O‘zbekiston olimpiya terma jamoasida ham «Nasaf» tarbiyalanuvchilari ko‘pchilikni tashkil etadi. Odatda Ro‘ziqul Berdiev yoshlarni kashf etishni qoyillatadigan murabbiylar sirasiga kiradi. Shuning uchun uning boshichiligida shu kungacha ko‘plab iqtidorli futbolchilar etishib chiqishdi va ularning aksariyati turli yoshdagi terma jamoalarimizda ham to‘p surishyapti. Muhimi, «Nasaf»ning ertasi bor va bu klub Berdiev boshchiligida o‘zbek futboli uchun foyda keltirishdan davom etmoqda. Lekin buning uchun ayrim muammolarga ham ko‘z yumishga to‘g‘ri kelmoqda.

Lekin «Nasaf»ning faqatgina yoshlar bilan biror-bir natijaga erishishi o‘ta murakkab masala. Buni Berdievning o‘zi ham yaxshi tushunib turibdi. Bu yilgi mavsumning boshlanishi ham qarshiliklar uchun naqadar qiyin kechgani ko‘rsatib turibdi. Buni 5-turdan keyingi natijalar ham ko‘rsatib turibdi. Ayniqsa, oxirgi uchta turda «Nasaf» jamoasi mag‘lubiyatga uchrab kelmoqda. Ammo bu Berdiev shogirdlarining iqtidoriga soya sola olmaydi. Shunchaki, qarshiliklar ustozi «jabrdiyda» rolida bo‘lib qolmoqda. Boisi ayrim uchrashuvlarda hamkasblari uchun ham «qutqaruvchi» vazifasini bajarmoqda. Masalan, 4-turda «Navbahor» Qarshida yagona gol evaziga uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Agarda «Nasaf» o‘sha o‘yinda yutganida namanganliklar ustozi Andrey Kanchelskisning iste’foga chiqishi kutilayotgandi. Shuningdek, 5-turda ham «Nasaf» va Berdiev yana «qutqaruvchi» vazifasida bo‘lishdi desak mubolag‘a qilmaymiz. «Andijon» bosh murabbiyi Eldor Sakaev uchun mazkur o‘yin hal qiluvchi ahamiyat kasb etgandi Natijada o‘sha kuni andijonliklar «Nasaf» ustidan g‘alabaga erishishdi va Sakaev o‘z joyida qoldi. Bu safar ham Ro‘ziqul Berdiev o‘zi istamagan bo‘lsa-da, yana o‘sha «qutqaruvchi» rolini bajarib, hamkasbini ist’efodan saqlab qoldi. Lekin «Nasaf» 5-turdan keyin musobaqa jadvalida oxirgi o‘ringa tushib qolganini ham unutmaslik kerak. Ketma-ket uchta mag‘lubiyatdan so‘ng Berdiev jamoasining g‘alaba qozonish fursati ham etdi. Navbatdagi turdagi bahs esa yanada qizg‘in tus olishi shubhasiz. Boisi, 6-turda «Nasaf» o‘z uyida OKMKni qabul qiladi. Ayni paytda esa OKMK bilan «Nasaf»ning holati bir xil. Ikkalasi ham bittadan g‘alaba va durang qayd etib, uch bor mag‘lubiyatga uchrashgan. Demak, OKMK ustozi Mirjalol Qosimovning ham klubdagi hozirgi olib borayotgan ishlari ko‘ngildagidek emas. Lekin Ro‘ziqul Berdiev har doim ham hamkasblari uchun «qutqaruvchi» rolida bo‘lavermasa kerak. Chunki uning endi o‘zini ham o‘ylaydigan payti keldi. Berdievni ham, Qosimovni ham faqat g‘alaba qoniqtiradi. Albatta, tarkib jihatidan OKMKda nomdorroq o‘yinchilar ko‘p. Ammo negadir Mirjalol Qosimov tuzgan jamoa hozircha muxlislar kutgan o‘yinni ko‘rsata olmayapti. «Nasaf»ning o‘yini esa bevosita Berdievning tuzib chiqqan sxemasi asosida tashkil etilishi shubhasiz. Agarda yosh «nasaf»chilar «Paxtakor»ga qarshi ko‘rsatgan o‘yinini namoyish eta olishsa, u holda o‘yinini topishga qiynalayotgan OKMKga havas qilib bo‘lmaydi. Demak, bu o‘yin katta ehtimol bilan Berdiev va Qosimov o‘rtasidagi murabbiylar jangiga ham aylanadi. Chunki boya aytganimizdek, ikkalasi ham bir xil vaziyatga tushib qolishgan. Ikkala murabbiy ham ketma-ket to‘rtinchi mag‘lubiyatga rozi bo‘lmasliklari aniq.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Akbar Juraev
26/04/2019 00:24
Nasaf yutadi