Beshta zaxira. Kerakmi yoki absurd?
Bugungi maqolada futboldagi yangi kiritilgan qoidaning salbiy va ijobiy taraflarini ko‘rib chiqamiz. Aslida, bunday qarorlar doim qaynoq baxslarga sabab bo‘lgan. Demak, bugungi maqolamizning asosiy mavzusi FIFA kiritayotgan 5ta almashtirishga ruxsat berish. (Bilasiz, tashkilot bu yil o‘yinlarni beshta zaxira imkoniyati bilan amalga oshirishga ruxsat berdi).
Beshta almashtirishning ijobiy taraflar
1. Jarohatlanish holatlarini kamaytiradi. Futbolchilar juda ko‘p harakat qilishadi, to‘p uchun juda xavfli baxslarga kirishadi. Jarohatlanish ehtimoli tana jismonan toliqqanida oshadi. Top ligalarda harakatlanadigan jamoalarda bunday jarohatlanish holatlari yuqori. Sababi ularning kalendari uchrashuvlarlar bilan to‘la. FIFAning yangi qoidasi aynan mana shunday holatlarni kamaytirishga xizmat qilishi mumkin. 2020 yilda bunday qoidaning kiritilayotgani ayni muddao. Hozirda futbolchilar jismoniy harakatsiz va uchrashuvlarsiz qolgan. Bu esa jismoniy holatning yomonlashuvi va jarohatlanish ehtimolini oshirib yuborishi mumkin.
2. Intensivlikni oshiradi. Tanqidchilar bu o‘zgarish futbolda to‘xtalishlarni ko‘paytirishi haqida gapirishmoqda. Ammo bu qoida bilan yana bir qoida kiritildi. Endilikda futbolchi o‘ziga yaqin joydan futbol maydoni tashqarisiga chiqib ketadi. Avvalgidek vaqt cho‘za olmaydi. Demak bunga futbol tayyor. 80-daqiqalarga borib futbolchilar toliqqani sezamiz va o‘yin sur’ati sezilarli tushadi. Ko‘p futbolchilar o‘yinni yakunlab qo‘yish uchun maydonda shunchaki majburlikdan piyoda yurishadi. Endilikda 5 ta futbolchini «yangilash» imkoniyati bizga to‘liq o‘yinni tezkor holatda ko‘rish imkoniyatini berishi mumkin.
3. Murabbiyning imkoniyatlari oshadi. Bu qoidaning amalga kiritilishidan ko‘pchilik murabbiylar hursand bo‘lishdi. Qoida kiritilishidan ancha avval Gvardiola “Nega to‘rt, besh yoki oltita o‘zgarish qilmasligimiz kerak? Shunday imkoniyat bo‘lganda, ko‘p futbolchilarga imkon berish yoki turlicha taktik o‘zgarishlarni sinab ko‘rsa bo‘lardi,” - deb aytib o‘tgan edi. Xosepning bu fikrini Klopp ham qo‘llab-quvvatlagan edi. Mourino ba’zi mag‘lubiyatlariga sababchi, deb aynan zaxira imkoniyati kamligini aytib o‘tgan.
Bunday qoidaning kiritilishi kichik jamoalarga ham top jamoalar uchun antiqa «sovg‘a»lar tayyorlash imkonini beradi. Ba’zida zaxiradan tushgan futbolchi ko‘p narsani o‘zgartirib yuborishini ko‘p bora guvohi bo‘lganmiz.
4. Futbolchilar tajriba oshiradi. «Zayavka»da 30 kishining ism-sharifi bo‘ladi. O‘yinda esa ko‘pi bilan 14 kishi qatnashishi mumkin. Mantiq qani? Keling, mana shu erda murabbiyning emas, futbolchining taqdiri haqida gaplashsak. Murabbiy natijaga javob berib, o‘zi ishongan 14 kishini o‘yin boshidan ko‘zlab qo‘yadi. Qolgan ismlari yozilgan futbolchilar esa muxlislar qatori o‘yinni tomosha qilishadi. FIFA qarori esa maydonga tushmayotgan futbolchilarning o‘z ustida ishlab, maydonga tusha olish imkonini oshiradi. To‘g‘ri, ba’zi murabbiylar 11 kishiga ruxsat berilgan taqdirda ham o‘zining sevimli futbolchilarini tushirishda davom etishi mumkin. Ammo jarohatlar, turli futboldagi vaziyatlar sabab yosh, zaxirada ko‘p qolayotgan futbolchilar uchun baribir avvalgidan ko‘proq imkoniyat paydo bo‘ladi.
5ta almashtirish qoidasining salbiy taraflari
1. Futbolning o‘ziga xosligi yo‘qoladi. Tarixga nazar solsak, futbol zaxira imkoniyatisiz bo‘lgan. O‘yinda dastlabki 11 kishi orasida bo‘lmagan futbolchi avtomatik ravishda tomoshabinga aylangan. Ammo keyinchalik jarohatlar sabab u yoki bu jamoa kamchilik bo‘lib qolishgan. Futboldagi zaxira imkoniyati bo‘lmagani sabab, atayin futbolchilarga jarohat etkazish holati ko‘paygan. Aynan mana shu sabablar o‘yinchi almashtirish qoidasining kiritilishiga sabab bo‘lgan. Ammo shu paytgacha amalda bo‘lgan 3ta imkoniyat 99,8 % vaziyatlarda o‘zini oqlayotgan edi. 5ta imkoniyatning berilishi o‘yinning so‘nggi daqiqalarini «o‘ldirishi» mumkin. Deylik, 1-0 hisobida oldinda borayotgan jamoa imkoniyatdan foydalanib, butunlay himoyaga yotib olib, raqibning hujumlarini besamar ketkazishi, o‘yinning jozibasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ba’zida jamoalar 70-80 daqiqa davomida raqibni toliqtirib, so‘nggi 10-15 daqiqada o‘z maqsadlariga erishadi. Yangi qoida esa bunday imkoniyatdan mosuvo qilishi mumkin.
2. O‘yinlar o‘rtoqlik o‘yinlarga o‘xshab qoladi. Ko‘p davlatlarning quyi ligalarida futbolchilarni almashtirish imkoniyati avvaldan 3 tadan ko‘p edi. Xo‘sh bu shiddatni oshiradimi? Menimcha yo‘q. Ba’zida o‘rtoqlik o‘yinlarining ham kishiga yoqmasligining sababi zaxira imkoniyatining ko‘pligi emasmi? Endi maza qilib tomosha qilishni boshlaganingizda qaysidir jamoada yangi futbolchi paydo bo‘ladi. Har bir futbolchining jamoa o‘yini va o‘yin muhitiga moslashib ketgunicha 5-6 daqiqa vaqt sarflanadi. Yangi futbolchi xato qiladi, to‘pga moslasholmaydi va jamoasining zanjirli o‘yiniga putur etkazib qo‘yadi. Tasavvur qiling, shunday shiddat endi 10 marta takrorlanishi mumkin. Shiddatli o‘yinlar o‘rtoqlik maqomidagi uchrashuvlarga, mashg‘ulot baxslariga aylanib qolgandek taassurot uyg‘onib qolmasmikan?!
3. Ko‘nikish qiyin kechadi. Albatta yangi qoida futbolchi va murabbiylarga osonlik olib kelishi tayin. Ammo muxlislarga bu holatga ko‘nikish ancha paytgacha qiyin kechadi. Bir vaqtlar Van Basten ofsayd qoidasini bekor qilishni taklif qilgandi. Bir nechta tajribadan keyin bu taklif o‘zini oqlamadi va qoida bekor qilinmadi. 5ta zaxira imkoniyati Ispaniyada sinab ko‘riladi. Lekin shu sinovning o‘zi ham futbol muxlisiga noqulaylik tug‘diradi. Tasavvur qiling, siz jamoangizning o‘yinini birinchi bo‘limda tomosha qildingiz. Ikkinchi bo‘limda murabbiy birdaniga 5ta futbolchini almashtirdi. Endi siz butunlay boshqa jamoani, butunlay boshqa o‘yin taktikasi bilan ko‘rasiz. Huddi ikkinchi, boshqa uchrashuvga tushib qolgandek his qilib qolmaysizmi? Bu qoida muxlislarda norozilik uyg‘otishi mumkin.
4. Top jamoalar ko‘proq g‘alaba qozonadi. Aynan mana shu jihat eng yuqori salbiy taraf, deyishimiz mumkin. Deylik, «Chelsi» va «Sautgempton» jamoalari o‘ynamoqda. «Chelsi» o‘z futbolchilarini asrash uchun o‘yinga ikkinchi tarkibni tushirdi va gol o‘tkazib yubordi. Bunday vaziyatda London klubi 5ta asosiy futbolchisini maydonga tushirib, osonlikcha g‘alabani o‘ziniki qila oladi. Uchta zaxirada esa asosiy jamoaning asosini tashlash imkoni kamroq bo‘ladi. Shunday ekan, top jamoalar ko‘proq g‘alaba qozona boshlaydi, kichik jamolardan aqlbovar, kutilmas natijalarni kutmay qo‘yamiz. O‘yinlarga qiziqish kamayadi. Top jamoalar katta farq bilan oldinga o‘tib ketishi mumkin.
5. Qo‘polliklar ko‘payadi. Ogohlantirilgan futbolchi ehtiyotkorlik bilan harakatlanishini ko‘p ko‘rganmiz. Ko‘pchilik futbolchilar murabbiy ko‘rsatmasi bilan taktik follar ishlatadi. Murabbiy esa u ogohlantirish olgach, maydondan chetlatishmasliklari uchun uni zaxiraga olib qo‘yadi. Zaxira imkoniyati 3ta bo‘lganda bunday, «qora» topshiriqni bir futbolchiga aytishi mumkin. Zaxiralar sonining oshishi bunday «missiya» uchun 2-3 futbolchi «yollanishi» mumkinligini bildiradi. Natijada, futbolchilar qo‘pol harakatlarini ko‘paytirishi mumkin.
Xo‘sh, siz nima deb o‘ylaysiz? Siz yangi qoidani oqlaysizmi yoki avvalgi 3ta zaxira imkoniyati ma’qulroq edimi?

Fikrlar