
Bir nokautchi o‘ch olish uchun Bahodir Jalolovni “poylab” yuribdi!
Shu oyning oxirida Yaponiya poytaxti Tokio shahrida navbatdagi yozgi Olimpiya o‘yinlari start oladi. Olimpiada dasturidan o‘rin olgan sport turlari orasida boks musobaqalari ko‘pchilik muxlisu mutaxassislarning e’tiborida turibdi.
2016 yili Rio Olimpiadasidagi olamshumul muvaffaqiyatdan keyin o‘zbek bokschilariga Tokioda alohida e’tibor qaratiladi. O‘zbekistonlik sport ishqibozlarining ham charm qo‘lqop ustalaridan umidi katta.
Yakkakurash turlari, xususan boksda ham eng keskin va murosasiz bellashuvlar o‘ta og‘ir vazn toifasida kuzatiladi. Baquvvat va gigant yigitlar to‘qnashuvi muxlislarga alohida zavq bag‘ishlaydi. Shu ma’noda, amaldagi jahon va qit’a chempioni Bahodir Jalolov Olimpiya o‘yinlarida ham omma diqqat markazida bo‘ladi.
Keyingi paytda mag‘lubiyatsiz odimlayotgan hamyurtimizni to‘xtatishni va revansh olishni maqsad qilgan raqiblar ham yo‘q emas...
Ukraina superog‘ir vazn toifasida doimo kuchli bokschilarga ega bo‘lgan. Avlodlar almashinuvidan so‘ng hozir havaskorlar boksida bu mamlakat sharafini odessalik Tsotne Rogava himoya qilib kelmoqda.
Kuni kecha bu bokschiga Tokio Olimpiadasi yo‘llanmasi berildi.
Aslida Rogava Frantsiyada tashkil etilgan Olimpiya saralash turnirida ozarbayjonlik Muhammad Abdullaevga yutqazib, litsenziyani qo‘ldan chiqargan edi. Keyingi saralash turnirlari koronavirus pandemiyasi tufayli tashkil etilmagani bois, ayrim bokschilar yo‘llanmani reyting jadvalidagi o‘rniga qarab qo‘lga kiritdi.
Xususan, Tsotne Rogava ham o‘z vazn toifasida hali olimpiya litsenziyasini qo‘lga kiritmagan evropalik charm qo‘lqop ustalari orasida etakchi o‘rinda qayd etilgani bois unga ham Tokioda qatnashish huquqi berildi.
E’tiborga molik jihati shundaki, Tsotne Rogavaning asosiy maqsadi huddi Bahodir Jalolov singari Olimpiya o‘yinlari chempioni bo‘lish. Qolaversa, ukrainalik nokautchi anchadan beri hamyurtimizdan revansh olish maqsadida yuribdi.
O‘tgan yili Tsotne mashhur bokschi Aleksandr Usikni Derek Chisoraga qarshi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rishida yordamlashgan va sparringlarda qatnashgan edi. Rogava engilmas hamyurti bilan shug‘ullanish unga Bahodir Jalolovdan o‘ch olishida muhim ahamiyat kasb etishini yashirgani yo‘q.
- Aleksandr Usikning jang uslubi ko‘p zarba berishga asoslangan va sparringlarda qo‘limni baland tutib turishimga va katta bosimga chidashimga to‘g‘ri keldi. Bu holat o‘ziga yarasha jismoniy tayyorgarlikni ham talab etadi. Aleksandrning oyoq harakatlari chaqqon va bu jihat uni boshqa og‘ir vaznli bokschilardan farqlab turadi. Bundan tashqari, Usik amaldagi jahon chempioni Bahodir Jalolov singari chapaqay. Men o‘zbek bokschisiga 2019 yilgi jahon chempionatida yutqazib qo‘yganman. Shuning uchun ham Usik bilan mashg‘ulot o‘tkazish men uchun katta ahamiyatga ega. Tez va ko‘p harakat qiladigan chapaqay bokschiga qarshi ringga chiqish mening mashg‘ulotlarimda muhim hisoblanadi. Chunki bu mashg‘ulotlar menga O‘zbekiston vakili bilan bo‘lajak jangimizda qo‘l kelishi kerak. Navbatdagi jangda natija boshqacha bo‘ladi, - dedi Tsotne Rogava.
Bahodir Jalolov va Tsotne Rogava 2019 yili Rossiyaning Ekaterinburg shahrida o‘tgan jahon chempionatida o‘zaro to‘qnash kelgan va unda hamyurtimiz ochkolar hisobida zafar quchgan edi. Bundan tashqari, har ikki nokautchi joriy yilning fevral oyida Bolgariyada tashkil etilgan nufuzli xalqaro turnirda to‘qnash kelib, Bahodir Tsotneni ketma-ket ikki marta enggan yagona bokschiga aylangan edi.
Eslatib o‘tamiz, Bahodir Jalolov havaskor boksda jami 83 ta g‘alabaga erishgan va 11 marta raqibga imkoniyatni bor bergan. Professionallar o‘rtasida sakkizta jangning barchasini muddatidan oldin o‘z foydasiga hal qilgan.
Tsotne Rogava esa havaskorlar o‘rtasida 21 ta g‘alaba va to‘rtta mag‘lubiyat qayd etgan. Yaqinda professional ringga qadam qo‘ygan ukrainalik bokschi dastlabki jangida xorvatiyalik tajribali bokschi Peter Mrvaljni (9-15, 5 KO) birinchi raundda nokautga uchratdi.
Ayni paytda har ikki sportchi Tokio Olimpiadasiga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda. Demak, Bahodir Jalolovni kunchiqar yurt ringlarida qizg‘in bellashuvlar kutib turibdi.
Fikrlar