"Bizda hammasi o‘xshashiga aminman, bir klubdan ikkinchisiga chopib o‘tishni yoqtiradigan futbolchilar toifasidan emasman" - Lobanov

  • 23 iyun, 2023, 10:56
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Bekobodning “Metallurg” klubi uchun yakuniga etayotgan birinchi davrani zo‘r o‘tyapti, deya olishga asoslarimiz etarli emas. Boisi, klub 11 ta o‘yinda 8 ochko bilan turnir jadvalining 11-pog‘onasida boryapti.

Klubda tajribali o‘yinchilar ham bor. Ulardan biri darvozabon Aleksandr Lobanov bo‘lib, bir necha mavsumdan beri “Metallurg” sharafini himoya qilib kelyapti. Quyida uning Sports.uz saytiga bergan intervyusini o‘qishingiz mumkin.

- Birinchi davra tugashiga ikkita tur qoldi. “Metallurg”ning ortda qolgan o‘yinlari bo‘yicha nimalarni ayta olasiz?

- Ha, natijalarimiz qoniqarli darajada emas. Buni tan olish kerak. Holbuki, joriy chempionatga yomon tayyorgarlik ko‘rmagandik. Yaxshi yig‘inlar o‘tkazdik. Bizda g‘alabali o‘yinlar ham bo‘ldi. Masalan, OKMKga qarshi bellashuvni eslash mumkin. Nazarimda, bizga o‘z kuchimizga bo‘lgan ishonch etishmayapti. Aytishim kerakki, oxirgi o‘yinlarni ham chakki o‘tkazmadik. Ochkolarni qo‘lga kiritishga yaqin edik. Lekin shunday bo‘lyaptiki, gohida darvozamiz tomon penalti belgilanyapti yoki bo‘lmasa nimadir o‘xshamayapti. Shuning evaziga bo‘lsa kerak, ayni paytda natijalarimiz qoniqarli darajada emas. Ha, oldinda yana ikkita tur bor. Ushbu uchrashuvlarni yaxshi o‘tkazib olsak, xavfli hududdan o‘zimizni ancha himoyalagan bo‘lardik.

- Agar natijalar ko‘nglimizdagidek chiqadigan bo‘lsa, biz nafaqat xavfli hududdan uzoqlashishimiz mumkin, balki musobaqa jadvalining o‘rta pog‘onalaridan biriga ko‘tarilib olish imkoniga ega bo‘lamiz. Buning uchun avvalo o‘z o‘yinimizni his qilishimiz darkor.

- Menimcha, hammasi hozir yomon kechmayapti. Masalan, oxirgi o‘yinlarimizni oladigan bo‘lsak, “Bunyodkor” bilan durang o‘ynadik. “Neftchi”ni esa Kubok bahsida mag‘lub eta oldik. Shunday ishonchli o‘yinlar davom etadigan bo‘lsa, bizda hammasi o‘xshashiga aminman. Kubok doirasidagi oxirgi g‘alabamiz bizga suv va havodek zarur edi. Shuning hisobiga kuchimizga bo‘lgan ishonchni his eta boshladik.

Lobanov

- “Metallurg”ni ispaniyalik mutaxassis Luisma Ernandes boshqarayotgandi, so‘ng o‘rniga chernogoriyalik Vesko Steshevich taklif qilindi. Bu murabbiy ish boshlagach, qandaydir o‘zgarish sezdingizmi? Ko‘proq nimaga e’tibor beryapti?

- Har bir murabbiyning o‘ziga yarasha falsafasi bo‘ladi. Ularni birgina umumiy jihat bog‘lab turgan bo‘lsa kerak. Bu ham bo‘lsa, futbolchilarning o‘yinlarga bo‘lgan jismoniy tayyorgarligi. Aynan jismoniy tayyorgarlik evaziga biz futbolchilar uchrashuvlarga 100 foiz tayyor tura olamiz. Ba’zida shunday bo‘ladiki, o‘yindagi qo‘shimcha daqiqalar hisobga 100-daqiqadan ham ko‘proq maydonda qolishimizga to‘g‘ri keladi. Jismoniy tayyorgarlik va ruhiy barqarorlik futbolchilar uchun o‘ta muhim. Shuning hisobiga o‘yinchilar uchrashuv davomida o‘zlarini bardam his qilishlari va maydonning o‘zlariga tegishli qismiga raqiblarni osonlik bilan kirishlariga yo‘l qo‘ymasliklari mumkin bo‘ladi. Menimcha, Evropadan kelgan murabbiylar asosiy jihatni jismoniy tayyorgarlik va muvozanatga qaratishadi. O‘z navbatida biz murabbiyning bunday ko‘rsatmalariga amal qilishga harakat qilmoqdamiz.

- Siz uchun O‘zbekistondagi birinchi raqamli darvozabon kim va nima uchun?

- Bizda milliy terma jamoa darvozasini qo‘riqlay oladigan posbonlar etarli darajada, deb hisoblayman. Lekin ularning orasida eng kuchli palonchi posbon deb ayta olmayman. Chunki terma jamoaga chaqiruv oladigan hamkasblarimning hammalari shunga munosiblar. Yosh va tajriba borasidagi xususiyatlar hech qanday ahamiyat kasb etmaydi. Bizda darvozabonlar pozitsiyasi juda kuchli. Shuning evaziga milliy terma jamoada darvozani qo‘riqlash uchun raqobat o‘ta yuqori darajada. Agar har bir pozitsiya uchun raqobat mana shunday yuqori bo‘lsa, o‘z-o‘zidan futbolchilar o‘z ustilarida yana ishlashga va o‘sishga harakat qilishlari tayin. Men faqat darvozabonlargina emas, balki boshqa chiziqlarda o‘ynaydigan futbolchilar o‘rtasida ham raqobat o‘ta kuchli bo‘lishi tarafdoriman. Agar raqobat yuqori darajada bo‘lsa, bu birinchi navbatda milliy terma jamoaning qayd etadigan natijalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi.

lobanov4

- Bir necha yildan beri “Metallurg”da to‘p surib kelyapsiz. Nima deb o‘ylaysiz, faoliyatingizni Bekobodda yakunlaysizmi?

- Hozir mening rejalarimda futbolni tark etish istagi umuman yo‘q. Men faqat o‘ynashni va maydonga qayta-qayta tushishni xohlayapman xolos. Ha, Bekobodning “Metallurg” klubida 5 yildan beri o‘ynab kelmoqdaman. Bu erdagi shart-sharoitlar noliydigan darajada emas. Futbolchilar uchun juda yaxshi sharoitlar muhayyo qilingan. Klubda nimanidir yutishni istayman. Qandaydir muvaffaqiyatga u yoki bu klubda erishishning farqi yo‘q, nazarimda. Istardimki, jamoa Kubok yoki boshqa musobaqada g‘olib chiqsin. Men bir klubdan ikkinchisiga chopib o‘tishni yoqtiradigan futbolchilar toifasidan emasman. Bundaylarni yoqtirmayman desam ham bo‘ladi. Asosiy istagim qaysi klub sharafini himoya qilish bo‘lmasin, u bilan nimanidir yutishni istayman xolos. O‘z navbatida rahbariyat va homiylar ham bu jamoa o‘sishini hamda muvaffaqiyat qozonishini ko‘rishni istash maqsadida qo‘llaridan kelgan hamma ishni amalga oshirishmoqda.

- Vaziyatga real qaraydigan bo‘lsak, “Metallurg”ning bu yilgi imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

- Albatta, hozirda natijalarimiz unchalik o‘xshamayapti. Ammo ishonamanki, bir kun kelib “Metallurg” albatta muxlislarini qandaydir e’tiborli yutuq bilan quvontira oladi. Suhbatimiz avvalida aytganimdek, bu mavsumda o‘zimiz istamagan holda juda ko‘plab qimmatli ochkolarni boy beryapmiz. Agar uchrashuvlarda yaxshiroq to‘p surganimizdami, hozir kamida musobaqa jadvalining o‘rta pog‘onalarida mustahkam joy egallab turgan bo‘lardik. Hozirgi asosiy intilishimiz ham turnir jadvalining o‘rta pog‘onalaridan biriga borishdir. Ha, gohida o‘zimiz kutmagan natijalar ham qayd etilib turibdi. Masalan, “Andijon”ga qarshi bahsdagi o‘ta muvaffaqiyatsiz natijani esga olish mumkin. Albatta, bu futbol. Futbolda esa har doim ham kutilgan natijalarga erishib bo‘lmaydi. Mag‘lubiyatlarga uchrashdan esa hech kim kafolatlanmagan. Nima bo‘lgan taqdirda ham biz yaxshiroq natijalar qayd etishga intilyapmiz. Asosiysi, bizda istak va xohish bor.

lobanov6

- Sizningcha, bu yil qaysi klub chempion bo‘ladi?

- Ha, tan olishim kerak, oxirgi mavsumlarda chempionlik uchun kurash bizda juda yuqori darajada kechmoqda. Masalan, o‘tgan mavsumni oladigan bo‘lsak, oxirgi turga qadar mamlakat chempioni degan nomga kim munosib ekanligini bilib bo‘lmadi. O‘z o‘rnida 2- va 3-o‘rin egalarini aniqlash ham oxirgi turlarga qolib ketdi. Bu esa milliy birinchilikdagi intrigani faqat kuchaytirmoqda xolos. Joriy mavsumda ham mana shunday holat takrorlanishiga ishonaman. Istardimki, yuqori o‘rinlar uchun kurashadigan jamoalar soni bundan ham ortishda davom etsin. “Paxtakor”, “Navbahor”, “Nasaf” va OKMK klublari hamma vaqt top darajada bo‘lishga intilishmoqda. Bu yaqqol sezilib turibdi. Hoxlardimki, chempionatimizdagi har bir ishtirokchining potentsiali yuqori bo‘lib, sovrinli o‘rinlar uchun kurashda davom etaversin. O‘z o‘rnida chempionatdagi intriga muxlislarga yoqmasdan qolmaydi. Chempionlik uchun 4-5 emas, balki 6-7 ta klubning birdaniga kurash olib borishi evaziga milliy chempionatga bo‘lgan e’tibor va qiziqish faqat ortadi xolos. Bundan futbol yutadi. Eng asosiysi, mana shunday tomoshabop uchrashuvlar va keskin kurashlarni kuzatishdan muxlislar yutishadi.  

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!