
Bobousmon Baturovning Tokio Olimpiadasi uchun yashirin "quroli" mavjud yoxud uning jang olib borish uslubi o‘ziga ham yoqmaydimi?
O‘zbek havaskor boks olamida bir necha yillardan buyon Bobousmon Baturov nomi yangrab keladi. U yillar davomida 64 va 69 kg vazn toifasida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Hozirgi kunga kelib, 69 kg vazn toifasida Tokio Olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan ushbu bokschimiz mashg‘ulotlarga jiddiy e’tibor qaratgan.
Biz mazkur charmqo‘lqop ustasi bilan faoliyatiga oid suhbat qurdik. Quyida, ushbu intervyuni e’tiboringizga havola etamiz.
- Suhbatni an’anaviy savoldan boshlasak, boks olamiga kirib kelishingiz tarixi haqida biroz to‘xtalib o‘tsangiz?
- Maktabimiz qoshida boks to‘garagi bo‘lardi. Qiziqish kuchli bo‘lgan, darslardan keyin mashg‘ulotlarni tomosha qilib yurardim. 3-sinfda ekanligimda ushbu sport bilan shug‘ullanishni xohladim. Asosiy sabab, o‘zimning qiziqishim, deb o‘ylayman. Qolaversa, ota-onamning qarorimni qo‘llab –quvvatlashi tufayli, boks olamiga kirib kelganman.
- Bobousmon Baturov nomini havaskor boks olamida bir necha yillardan beri uchratamiz. O‘sha vaqtlar asosan, vazn toifangizda ko‘pi bilan ikkinchi, uchinchi raqamda e’tirof etilardingiz. Sizga nima etishmas edi, birinchi bo‘lishingiz uchun?
- To‘g‘ri, terma jamoada birinchi raqamli bo‘lishni juda uzoq kutdim. Kamida besh-olti yil kattalar o‘rtasidagi chempionatda ikkinchi va uchinchi bo‘lib yurdim. Albatta, buning asosiy sababi, O‘zbekiston boksining yuqori darajada ekanligi, o‘zimning texnik, taktik jihatdan yaxshi emasligim va yoshlikda bu borada yaxshi bilim olmaganligim uchun ishonch bildirishmaganligida edi. Shuning uchun ko‘p vaqt yo‘qotdim. Shubhasiz, ba’zi voqeliklar ham bo‘lgan, bu borada gapirib o‘tishni lozim topmayman. Chunki barchasini yaxshilikka, deb bilaman. Qisqa qilib aytganda, o‘zimning vaqtim kelishini sabr bilan kutdim va mehnatlarim o‘z samarasini berdi.
- Bu savolni avvalgisining mantiqiy davomi, desak ham bo‘ladi. Sportdagi ko‘plab mashhurlarni qiyinchiliklar va nohaqliklar toblagani natijasida yulduzga aylanganini ko‘p eshitganmiz. Ehtimol, sizda ham shunday jarayonlar yuz bergandir?
- Yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, nohaqliklar bo‘lgan. Qaysi ma’nodaki, meni ko‘rsatadigan boksim tufayli, yoshlikdagi boks maktabim to‘g‘ri qo‘yilmaganligi uchun ishonch bildirishmagan. Albatta, shunday qiyinchilik va nohaqliklar sportchiga o‘ziga xos motivatsiya beradi va o‘zining kuchli ekanligini isbotlashga harakat qiladi.
- Faoliyatingiz mobaynida kattalar o‘rtasidagi mamlakat chempionatida bir necha marotaba ishtirok etgansiz. Aytingchi, ularning qay biri siz uchun eng murakkabi bo‘lgandi?
- 2013 yil Bekobodda bo‘lib o‘tgan chempionat men uchun eng qiyini bo‘lgan. O‘shanda 64 kg vazn toifasida ishtirok etganman va uchinchi jangimda Sanjar Rahmonovdan 14:15 hisobida mag‘lubiyatga uchraganman. Bu chempionat yoshlardan kattalarga o‘tgan ilk musobaqam edi. Shuning uchun tajribasizligim ham pand bergan. Qolaversa, o‘sha chempionat juda kuchli, qiziqarli va raqobatga boy bo‘lgandi. O‘shanda 64 kg vazn toifasida Shohjahon Ergashev, Sanjar Rahmonov, Shahram G‘iyosov, Anvar Turopov, Doston Turdiev kabi ajoyib bokschilar qatnashgandi.
- Hozirda, terma jamoada vazn toifangizni birinchi raqamlisi bo‘la oldingiz. Sizni bu borada izma-iz taqib qilib kelayotgan jiddiy raqobatchilaringiz sarasiga kimlarni kiritgan bo‘lardingiz?
- Alohida ajratib ko‘rsata olmayman. Barchasini aytishim mumkin. Yaqindagina yakunlangan chempionatda yoshlar juda qiyinchilik tug‘dirdi. O‘zbekiston boksi juda rivojlanib ketdi. O‘sib kelayotgan yoshlarda katta shijoat va ishtiyoq bor. Ular ham chempion bo‘lish istagida, yuqorida aytib o‘tganimdek, hamma yoshlarni e’tirof etaman.
- Tokio Olimpiadasidan keyin professional boksga o‘tish niyatidamisiz yoki...?
- Ha, ushbu turnirdan so‘ng professional boksga o‘tish niyatim bor. Endi, buni vaqt ko‘rsatadi. Hozirdan bir nima deya olmayman.
- O‘zingiz ham aytib o‘tdingiz, jang olib borish uslubingiz haqida juda ko‘p gap-so‘zlar bo‘ladi, e’tirozlar ham yo‘q emas. Bunga munosbatingiz qanday, ushbu taktika va uslubimni o‘zgartirishim kerak, degan fikrga borganmisiz?
- Boksga tushish taktikam to‘g‘risini aytsam, o‘zimga ham yoqmaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab fikrlar, e’tirozlar bildirishadi. Lekin birinchi navbatda natija, deb o‘ylayman. Ushbu boks uslubi mening hayotimga kirib bo‘lgan. Yoshligimdan ushbu taktikaga o‘rganganman va buni o‘zgartirish men uchun juda ham qiyin. Kimlargadir yoqish uchun uslubimni o‘zgartirib, vaqt ham yo‘qotaman va salbiy natijalar qayd etilishi ham mumkin. Mana shunday harakatlarim natija beryaptimi, ushbu uslubni mukammal darajaga olib chiqishga intilaman va yaxshi natijalar qayd etish harakatidaman. Ba’zi xato va kamchiliklarim bor. Buni ustida ishlayapmiz. Yana qaytarib aytaman, shu boksim natija beryapti va kimlargadir yoqish-yoqmasligi meni qiziqtirmaydi.
- Yana uslubingiz haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, jang mobaynida qo‘lingizni pastga tushirib olasiz, o‘sha mag‘lubiyatga uchragan janglaringizda ham shuni oqibatida zarbalar o‘tkazib yuborgansiz. Ajablanarlisi, bu usuldan hech voz kechmaysiz. Sabab nimada?
- Bu refleks, odatga aylanib qolgan.
- Shuningdek, “klinch”ga ko‘p kirasiz, buning ijobiy va salbiy jihatlari ham bor. Misol uchun, aynan, shu holatdan kuchli zarbalar bilan chiqib ketadigan raqiblar ham ko‘plab topiladi. Demoqchimanki, mashg‘ulotlarda masofadan turib ishlashga ham ko‘proq urg‘u beryapsizmi?
- To‘g‘ri, buni o‘zim ham xohlamayman. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, bu mening boks uslubimning bir qismi hisoblanadi. Buni ustida ham ish olib boryapman. Ya’ni, kirishdan oldin zarbalar va “klinch”dan ko‘plab zarbalar bilan chiqish ustida ishlamoqdaman.
- Keling jahondagi asosiy raqiblaringiz haqida to‘xtalsak, Pet Makkormakdan tashqari yana kimlarni asosiy raqobatchingiz sifatida ko‘rasiz?
- Yapon, hind va Qozog‘iston vakillarini aytgan bo‘lardim.
- O‘sha britaniyalik Pet Makkormak va litsenziya beruvchi turnirda iordaniyalik Husseyn Ishashdan uchragan mag‘lubiyatingizni o‘zingiz chetdan turib, videolavhalar orqali kuzatdingizmi? Qaerda xatoga yo‘l qo‘ygan ekansiz?
- Bu janglarda mag‘lubiyatga uchraganimni o‘zini sabablari ham bor. Lekin ulardan mag‘lub bo‘lmadim ham, deya olaman. Biroq ringda qo‘lingni ko‘tarmadimi demak, muvaffaqiyatsizlikni qabul qilishga to‘g‘ri keladi. Hozirda bir taktik uslubni ustida ish olib bormoqdamiz. Bu hozircha sir bo‘lgani ma’qul. Agar, uni etarli o‘zlashtirib, ringda yaxshi qo‘llay olsam, ularni mag‘lub etishda qiyinchilikka duch kelmayman.
- Bu borada ya’ni, Tokioda Makkormakka qarshi ehtimoliy jangingiz to‘g‘risida britaniyalik jurnalist Teylor O Xigginz imkoniyatingizni past baholagandi. Balki, unga munosib javob bordir?
- Birinchi navbatda barchasi Allohdan va buni vaqt ko‘rsatadi. Shubhasiz, Makkormak mendan anchagina tajribali, bir necha marotaba jahon va Evropa chempionatida ishtirok etgan. Olimpiadada ham qatnashgan. Lekin biz shunday yangilik qilamizki, uning natijasini Tokioda ko‘rar ekansiz, deb etkazib qo‘ying!
- Professional bokschimiz Shohjahon Ergashev sizni Markos Maydanaga o‘xshatgan edi. Aslida ham uni janglarini kuzatib, undan nimadir olganmisiz?
- Birinchi navbatda mashhur bokschiga o‘xshatganidan juda xursandman. Lekin u darajasiga chiqishim uchun menga ancha bor. Odatda, menga ochiq jang tarfdorlari ma’qul keladi. Misol uchun, Oskar De La Xoya, Rikki Xatton, Markos Maydanani hurmat qilaman.
- Terma jamoa safida Iqboljon Xoldorov bilan bo‘lgan mojaro ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketdi. Bu borada nima deya olasiz?
- Bu borada juda ko‘p savollar bo‘lyapti. Terma jamoa bitta oila. Oiladagi narsani chetga chiqarish noto‘g‘ri bo‘ladi. Qolaversa, sparring jarayoni edi. Bu borada ko‘p gapirib o‘tishni xohlamayman. Barchasi videoda aks etgan. Kim boks qoidalariga amal qilgan yoki yo‘q, bunga salbiy munosabatim ham yo‘q.
- O‘zingizni boks maktabingizni ochibsiz, deb eshitdik?
- Hozirda sportchilarimizga juda katta e’tibor berilib, barcha sharoitlar yaratilib berilmoqda. Bundan juda xursandmiz. Muhtaram Prezidentimizga o‘zim tug‘ilib o‘sgan Jizzax viloyati “Paxtakor” tumanida Bobousmon sport maktabi qurilishida yordam berishini so‘rab birgina murojaat qilgandim, chetda qolib ketmadi va hozirda qurilish borasidagi dastlabki qadamlar tashlanib, yanvar oyi oxirida ushbu katta loyiha qurilishni boshlaydi.
- Bobousmon suhbat uchun tashakkur va boshlagan ishlaringizni rivojini berishiga, oldingizda turgan Tokio Olimpiadasida ham ajoyib g‘alabalarga erishib, ijobiy natija qayd etishingizga tilakdoshmiz!
- E’tibor uchun rahmat. O‘ylaymanki, yaxshi natijalar qayd etib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilishga harakat qilamiz!
Fikrlar